TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning BMT bilan hamkorligini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi  
Joriy yilning 16 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova, Ombudsman o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova hamda Ombudsman Kotibiyati mudiri Saidbek Azimovlar BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xelena Freyzer hamda BMTning O‘zbekistondagi agentliklari masʼul rahbarlari: BMT Taraqqiyot dasturining (УНДП) O‘zbekistondagi vakili Matilda Dimovska, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakili Munir Mammadzade, BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasining (УНОДС) rahbari Ashita Mittal, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi hodimi (УНФПА) Kamolhon Inomhodjayev, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining O‘zbekistondagi vakili (ОҲЧР) Guljahon Amanova, BMTning OIV/OITSga qarshi qo‘shma dasturining (УНАИДС) mamlakat miqyosidagi menejeri Charos Maksudovalar bilan uchrashishdi.

Maʼlumki, mamlakatimizning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga aʼzo bo‘lgani davlatimiz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni astoydil bajarish va inson huquqlarini global miqyosda himoya qilishga qatʼiy bel bog‘laganidan dalolatdir. Shu nuqtai nazardan mazkur uchrashuv, Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, shuningdek BMTning O‘zbekistondagi agentliklari bilan 2021-2022 yillarda hamkorlikni yana-da mustahkamlash barobarida birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar yuzasidan kelishib olish hamda aniq chora-tadbirlarni belgilash maqsadida tashkil etildi.

Dastlab, Ombudsman Feruza Eshmatova Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman)ning 2020 yildagi faoliyat yo‘nalishlari haqida maʼlumot berdi.

U o‘z so‘zida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm doirasida odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga bundan buyon ham mutlaqo yo‘l qo‘yilmasligini taʼkidlaganliklari, mazkur vazifa Davlat rahbarining Parlamentga yo‘llagan murojaatnomasida hamda 2021 yilgi “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida ham aks etganiga eʼtibor qaratdi.

BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xelena Freyzer dastlab, Ombudsman institutiga “B” maqomi berilgani bilan tabriklab, ushbu muvaffaqiyatlar davomli bo‘lishi uchun, endi “A” statusi uchun harakat qilish kerakligini taʼkidladi va bu borada Ombudsmanga yaqin ko‘makdosh bo‘lishligini bildirdi.

Bu yil O‘zbekiston uchun inson huquqlarini taʼminlash borasidagi muhim yil. Chunki, davlatingiz BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashda 2021 yil to‘laqonli aʼzo sifatida ish olib boradi. O‘zbekiston Prezidentining Parlamentga yo‘llagan murojaatnomasida ham taʼkidlangan qiynoqlarga barham berish bo‘yicha fakultativ protokolning ratifikatsiya qilinishi, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi bizni juda quvontirdi. Shuningdek, bu yilda O‘zbekistonga qiynoqlarga barham berish bo‘yicha oliy vakil ham keladi.

Shuningdek, BMT Taraqqiyot dasturining (УНДП) O‘zbekistondagi vakili Matilda Dimovska, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakili Munir Mammadzade, BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasining (УНОДС) rahbari Ashita Mittal, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi hodimi (УНФПА) Kamolhon Inomhodjayev, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining O‘zbekistondagi vakili (ОҲЧР) Guljahon Amanova, BMTning OIV/OITSga qarshi qo‘shma dasturining (УНАИДС) mamlakat miqyosidagi menejeri Charos Maksudovalar ham O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha Kengashiga aʼzoligi doirasida 2021-2022 yillarda birgalikda amalga oshirilishi nazarda tutilgan rejalar va tadbirlar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra tomonlar o‘rtasida munosabatlarni mustahkamlash va yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati