Tashriflar davomida Narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Samarqand viloyati va Toshkent shahar filiallari, Namangan viloyatidagi 6 va Xorazm viloyatidagi 11-sonli tergov hibsxonalari, Samarqand shahridagi 38-sonli manzil-koloniya va Toshkent viloyatidagi 13-sonli Jazoni ijro etish koloniyasi, shuningdek Mirzacho‘l, Paxtakor va Do‘stlik (Jizzax), Qo‘rg‘ontepa (Andijon), Norin va Mingbuloq (Namangan) hamda Hazorasp (Xorazm) tumanlari IIB Vaqtincha saqlash hibsxonalari ko‘zdan kechirildi.
Yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish, mehnat qilish, yaqin qarindoshlar bilan uchrashuv sharoitlari, kutubxona, tergov va advokatlar xonasi, sayrgoh, sport zal, tintuv xonasi, yo‘qlovlar qabul qilish joyi, oziq-ovqat va dori-darmon vositalarini saqlash hamda hududlardagi videokuzatuv kameralarining ishchi holati o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida Narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Samarqanddagi filialidagi xonalarda belgilangan sig‘imdan 2 baravar ortiq bemorlar joylashtirilganligi, shuningdek ushbu Markazning Toshkentdagi filiali binosi ancha eskirganligi hamda bemorlar uchun joylar, dori-darmon va tibbiy buyumlar yetishmayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Mirzacho‘l tumani IIB Vaqtincha saqlash hibsxonasida esa uchrashuv va tibbiyot xonalari mavjud emas, kameralarda havo almashtirish tizimi o‘rnatilmagan, Paxtakor tumani IIB Vaqtincha saqlash hibsxonasida advokat xonasida videokuzatuv kamerasi o‘rnatilgan.
Monitoring yakunlariga ko‘ra, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsman ta’sir choralari kiritiladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati