Murojaatda 2025-yil yanvar oyi uchun ish haqi kam to‘langani qayd etilgan. Ombudsmanning Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakilining so‘rovi asosida Zarbdor tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi davlat mehnat inspektori tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda, ushbu holat tasdiqlandi. Xususan, reanimatsiya bo‘limida sog‘liq uchun zararli omillar sharoitida ishlagan xodimlarga ustama pullari o‘z vaqtida hisoblanmagani aniqlandi.
Shuningdek, tug‘ruqxona bo‘limida faoliyat yuritgan bir nechta doya va hamshiralarning ham qo‘shimcha ustama pullari hisob bo‘limi e’tiborsizligi tufayli to‘lanmagani ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, jonlantirish bo‘limi navbatchi hamshirasining mehnat ta’tili davrida to‘lanishi lozim bo‘lgan ish kunlari uchun haq to‘lanmagani ham aniqlandi.
O‘rganish davomida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi hamda tibbiyot xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tartibini belgilovchi normativ hujjatlar talablariga rioya etilmagani ma’lum qilindi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Ombudsman tomonidan Jizzax viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi hamda Jizzax viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbarlariga tegishli taqdimnomalar kiritildi.
Natijada, xodimlarga to‘lanishi kerak bo‘lgan mablag‘lar to‘lab berildi. Zarbdor tuman tibbiyot birlashmasi hisobchisiga “hayfsan” intizomiy chorasi qo‘llanildi, bosh vrachiga esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi birinchi qismiga asosan asosan BHMning 6 barobarida (2.250.000) so‘m ma’muriy jarima qo‘llanildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati