Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Finlyandiyadagi qamoqxonalarda mahkumlarga qanday sharoitlar yaratilgan?
2024 yilning 19 aprel kuni Finlyandiyaning Tashqi ishlar vazirligi hamda Xelsinki universiteti huzuridagi Qonun ustuvorligi markazi bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo Ombudsmanlari uchun tashkil etilgan tadbir doirasida Ombudsmanlar Adliya kansleri ofisiga tashrif buyurishdi. Ushbu institut Finlyandiyada 100 yildan ortiq faoliyat olib borayotgan Ombudsman institutidan ham oldin paydo bo‘lgan qadimiy institutdir.

Adliya kansleri Finlyandiyadagi yuqori davlat amaldori hisoblanib, u mamlakat Prezidenti tomonidan muddatsiz tayinlanadi. U mansabdor shaxslar, jumladan, vazirlar, sudya va prokurorlar ustidan kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqadi. Qonunga xilof ishlaganlikda gumon qilingan mansabdor shaxslar ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atishi ham mumkin. Shuningdek Adliya kansleri sudlar va boshqa sud organlarining xolis va qonuniy faoliyat olib borishi ustidan sud nazoratini ham olib boradi. 

Adliya vitse-kansleri Mikko Puumalaynen ishtirokchilarni Adliya kanslerining shu va boshqa vakolatlari, murojaatlar bilan ishlash tartibi bilan tanishtirdi. 

Shundan so‘ng, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iz, Tojikiston hamda Turkmaniston Ombudsmanlari Xelsinkiqamoqxonasiga borib, mahkumlarga yaratilgan sharoitlarni o‘rganishdi. Taʼkidlanishicha, mahkumlar FinlyandiyaOmbudsmaniga faqatgina qamoqxona maʼmuriyati orqali murojaatlarini yo‘llashlari mumkin. 

Finlyandiyadagi qamoqxonalarda ham asosiy eʼtibor mahkumlarni tarbiyalash, kasbga o‘rgatish, taʼlim olishlari va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilishini taʼminlashga qaratiladi.   

300 dan ortiq mahkumni saqlashga mo‘ljallangan qamoqxonada mahkumlarning maktab va kollejlarda onlayn o‘qishlari uchun sharoit yaratilgan. Qolaversa, ular qamoqxona kutubxonasidan tashqari markaziy kutubxonadagi kitoblardan ham so‘rov asosida foydalanishlari mumkin. 

Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlari mahkumlarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish hamda nogironligi bo‘lgan mahkumlarga yaratilgan sharoitlarni ham ko‘zdan kechirishdi.

Mazkur tashrif Finlyandiyaga amalga oshirilgan xizmat safarini yakunlab berdi. 

Taʼkidlash joizki, 5 kun davom etgan ushbu xalqaro tadbir Finlyandiya hamda Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining inson huquqlarini himoya qilishdagi zamonaviy mexanizmlar bo‘yicha tajriba almashishlariga va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlanishiga xizmat qildi. 

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati