Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Samarqandning chekka hududlarida yashovchi fuqarolar murojaatlari o‘rganilmoqda
Samarqand viloyatining chekka hududlarida o‘tkazilayotgan “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasidagi navbatdagi tadbirlar markazdan 150 km uzoqlikda joylashgan “Jonbuloq” MFY hamda poytaxtdan 25 km olisda bo‘lgan “Nogahon” hamda Qo‘shrabot tumani aholisi uchun tashkil etildi.

Uchrashuvda ishtirok etgan mas’ul idora vakillari ishtirokchilarni fuqarolar bandligini ta’minlash, mobil xizmatlardan foydalanish, imtiyozli kreditlar olish, kontrakt shartnomasi asosida o‘qiyotgan talabalar uchun 12% lik daromad solig‘ini qaytarib olish tartiblari, pensiya ta’minotini tashkil etish bo‘yicha belgilangan qonun hujjatlarining mazmuni bilan tanishtirishdi.

Loyiha doirasida Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan fuqarolar qabuli o‘tkazilib, ikkala hududdan 70 nafar fuqaro murojaatlari qabul qilindi. Aholi tomonidan kommunal soha, ichki yo‘llar, uy-joy, bo‘sh ish o‘rinlari, subsidiyalar ajratish, pensiya ta’minoti, kam ta’minlangan oila farzandlariga nafaqa olish, kontrakt to‘lovi bo‘yicha imtiyozlar bilan bog‘liq masalalar ko‘tarildi. 

Shu bilan birga, Viloyat bandlik boshqarmasi tomonidan bo‘sh ish o‘rinlar yarmarkasi tashkil etildi hamda Adliya boshqarmasining davlat xizmatlari markazi vakillari tomonidan 100 nafardan ortiq fuqarolarga mobil xizmatlar ko‘rsatildi.

“Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda fuqarolar uchun tor doiradagi 14 nafar mutaxassislar jalb etilgan holda 1000 nafarga yaqin fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘rik natijalari bo‘yicha 119 nafar fuqaroni tuman va viloyat darajasida sog‘lomlashtirish rejasi belgilab olindi. Bundan tashqari ijtimoiy yordamga muhtoj 10 nafar fuqaroga bepul jarrohlik amaliyotini o‘tkazish belgilandi.

Tibbiy ko‘rik doirasida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi tomonidan aholiga 158 turdagi 625 dona dori-darmon vositalari va shifokor xulosasi asosida 38 dona ko‘zoynaklar bepul ravishda berildi.

Tadbirga O‘zbekiston Kasaba uyushmalar Federatsiyasining Samarqand viloyat kengashi va Ijtimoiy himoya milliy agentligining Viloyati boshqarmasi ham jalb etilib, 10 nafar “Ayollar daftari”da turgan fuqarolarga Xorazm viloyatiga may oyi uchun 3 kunlik bepul sayohat uchun sertifikatlar hamda 16 nafar nogironligi bor fuqarolarga 5 ta nogironlik aravachasi, 4 ta hassa, qo‘ltiqtayoq va 1 ta quloq uchun ovoz kuchaytirgich moslamalari berildi.

Eslatib o‘tamiz, “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasidagi tadbirlar muntazam ravishda respublikamizning chekka hududlarida joylashgan mahallalar kesimida o‘tkazilib kelinmoqda. Mazkur tadbirlar hokimlik va viloyatdagi 10 dan ziyod davlat idoralari va tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilib, hududlarda tashkil etilgan yettilik guruhlari tomonidan mahalladagi muammolar oldindan o‘rganiladi. 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati