Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Inson huquqlari bo‘yicha vakilning (ombudsman) 2023 yildagi faoliyati muhokama qilindi
Senatning ellik birinchi yalpi majlisida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) 2023 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanishicha, Ombudsman instituti 2023 yilda yangi konstitutsiyaviy qoidalar asosida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish, sohaga oid milliy qonunchilikni hamda milliy preventiv mexanizmni takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirishda bir qator ishlarni amalga oshirgan. Jumladan, takroriy murojaatlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan choralar orqali ijobiy natijalarga erishilgan.

2023 yilda Ombudsman tomonidan murojaatlar asosida fuqarolar manfaatiga undirilgan hamda undirilishi belgilangan mablag‘ 2 mlrd. 150 mln.so‘mni tashkil etdi.

Bundan tashqari, 38 nafar fuqaro ishga tiklangan, 23 nafar fuqaro ish bilan taʼminlangan, Ombudsman murojaatiga asosan Davlat mehnat inspeksiyalari tomonidan sudlarga 11 ta daʼvo ariza kiritilgan, 10 nafar fuqaroning o‘zini o‘zi band qilishiga ko‘maklashilgan.

2023 yilda Ombudsmanga yuborilgan murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida 12 ta  jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, 1 ta holatda jinoyat ishi qayta malakalangan. 57 ta holatda jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqidagi qarorlar tegishli prokurorlar tomonidan bekor qilingan. 5 nafar masʼul xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. 29 nafar xodimga intizomiy jazo qo‘llangan va 17 nafar shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.

Muhokamalar jarayonida inson huquqlari va erkinliklari sohasida aniqlangan qonun buzilishlarini bartaraf etish bo‘yicha taʼsir choralari ko‘rilganligi, ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ibot ishlari soni oshganligi qayd etilib, ayniqsa OAV va Internet jahon axborot tarmog‘ida eʼlon qilingan qiynoq holatlari bilan bog‘liq xabarlarning o‘rganilishi va ularga tezkor munosabat bildirilishi ijobiy baholandi.

Majlisda qayd etilishicha, 2023 yilda Ombudsman nomiga harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilaridan (advokatlaridan) 2662 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 984 tasi yoki 37,0 foizi bevosita mahkumlar (mahbuslar) murojaatlaridir.

Ushbu murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida 57 nafar mahkumga tayinlangan jazo yengilrog‘i bilan almashtirilgan, 17 nafar ayblanuvchiga tanlangan ehtiyot chorasi yengilrog‘iga o‘zgartirilgan. Shuningdek, Ombudsman murojaatiga asosan 19 nafar mahkum istisno tariqasida, yashash joyiga yaqin bo‘lgan hududdagi koloniyaga o‘tkazilgan.

Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi bo‘yicha tadbirlar respublikamizning 54 ta tumanida tashkil etilgan. Loyihasi doirasida mahallalarda istiqomat qiluvchi fuqarolar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgani, “Ishga marhamat” monomarkazlari bilan hamkorlikda “Mehnat yarmarkalari” tashkil etilgani va aholiga bepul mobil xizmatlar ko‘rsatilgani qayd etilib, uning samaradorligida kelib chiqib, keyingi yillarda imkon darajasida barcha tumanlarni qamrab olish senatorlar tomonidan tavsiya qilindi.

Majlisda Ombudsmanning huquqiy tahlil, xalqaro hamkorlik, huquqiy targ‘ibot va jamoatchilik bilan aloqalar yo‘nalishidagi faoliyatlari yuzasidan ham maʼlumotlar berildi.

Muhokamalar jarayonida inson huquqlari va erkinliklari sohasida aniqlangan qonunbuzilishlarini bartaraf etish bo‘yicha taʼsir choralari ko‘rilgani, ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ibot ishlari soni oshgani qayd etildi. 

Ayniqsa, OAV va Internet jahon axborot tarmog‘ida eʼlon qilingan qiynoq holatlari bilan bog‘liq xabarlarning o‘rganilishi va ularga tezkor munosabat bildirilayotgani ijobiy baholandi. 

Shu bilan birga, senatorlar tomonidan Ombudsman faoliyati yuzasidan ayrim takliflar bildirildi. 

Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

  Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati