TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman hamda YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori o‘zaro hamkorlik masalalarini kelishib olishdi
Xabaringiz bor, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) direktori Matteo Mekachchi boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrifi davomida Oliy Majlis palatalari, Markaziy saylov komissiyasi, Oliy sud, Tashqi ishlar vazirligi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Joriy yilning 29 aprel kuni mazkur tashrif doirasida delegatsiya aʼzolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) mehmonni mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlash borasida olib borilayotgan islohotlar va ularning samarasi, Vakil institutining qonunchilik bazasi takomillashtirilgani va vakolatlari kengaytirilgani hamda qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha Ombudsman zimmasiga yuklatilgan vazifalar, jumladan, Milliy preventiv mexanizm doirasida yopiq muassasalarga uyushtirilgan monitoring tashriflari haqida to‘xtalib o‘tdi.

O‘zaro muloqot davomida 2021 yilda Ombudsman tomonidan inson huquqlarini taʼminlash borasida rejalashtirilgan tashabbuslar hamda 2020 yilda Vakil nomiga yuborilgan murojaatlar tahlili borasida ham o‘zaro fikr almashilindi.

Shuningdek, Davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyevning Parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida qilgan maʼruzasida qiynoqlar masalasiga alohida eʼtibor qaratilganligi, Ombudsman instituti zimmasiga mamlakatimizda qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurash, bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, inson huquq va manfaatlarini kafolatlash bo‘yicha qator vazifalarni yuklash bilan birga uning vakolatlarini kengaytirish masalasini ham ilgari surayotgani qayd etildi.

Ombudsman huzuridagi qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm doirasida jazoni ijro etish muassasalari, tergov xibsxonalari va boshqa yopiq muassasalariga NNT va fuqarolik jamiyati vakillari hamda OAV ishtirokida monitoring tashriflarini o‘tkazish tizimli yo‘lga qo‘yilganligi hamda bu borada Parlamentga muntazam tarzda maʼlumotnomalar kiritib borilayotganligi ham taʼkidlandi.

Xususan, 2020 yilda jami 76 ta monitoring (joriy yilning 3 oyi davomida 25 ga yaqin monitoring) tadbirlarini amalga oshirilganligi hamda monitoring tashriflari davomida tayyorlangan maʼulmot O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda Qonunchilik palatasiga kiritilganligi maʼlum qilindi.

2019 yilda O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi qabul qilinganligi, ushbu Saylov kodeksi bilan ijtimoiy ahamiyati katta bo‘lmagan jinoyatni sodir etgan mahkumlar ham saylovlarda ishtirok etish huquqi vujudga kelganligi, joriy yilda mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan saylov jarayonlarini Ombudsman kuzatib borishini taʼkidladi.

Ochiq va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda DIIHB direktori M.Mekachchi inson huquqlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati