TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ish o‘rni qisqartirilgan xodim Ombudsman yordami bilan yangi ishga o‘tkazildi
Joriy yilning mart oyida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga Xalq bankining Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani filialida ishlovchi xodim X.M murojaat qilgan edi.

Fuqaro X.M. o‘z murojaatida 2012 yildan buyon Xalq bankining mazkur filialida bir nechta vazifalarda ishlab kelayotganigini, 2019 yil sentyabr oyidan bola parvarishi uchun taʼtilga chiqqan boshqa xodimning o‘rniga muayyan muddatga o‘tkazilganligini maʼlum qilgan.

Biroq 2020 yilning noyabr oyida tegishli qaror bilan murojaatchi ishlab kelayotgan lavozim (shtat) qisqartirilgan va unga bank boshqaruvchisi tomonidan 2021 yil fevral oyi mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi ogohlantirish xati yuborilgan. Shu bilan birga, bank rahbariyati (ish beruvchi) tomonidan mehnat qonunchiligi bo‘yicha o‘sha davrdagi mavjud vakant ish o‘rinlaridan biri fuqaro X.M.ga taklif etilmagan.

Shunga ko‘ra, mazkur murojaat Ombudsman tomonidan o‘rganilib, O‘zbekiston Respublikasining mehnat qonunchiligi va tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga asoslanib, Xalq bankining respublika rahbariyati nomiga Ombudsman murojaati yuborilgan. Natijada mazkur murojaat yuzasidan Xalq banki Farg‘ona viloyati filiali xodimlari fuqaro X.M. bilan uchrashib, unga ushbu bankning Bag‘dod filialidan ish taklif qilingan.

Hozirda murojaat egasi mazkur bank filialida ish faoliyatini davom ettirmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati