TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Navbatdagi monitoring tashrifi Toshkent viloyatidagi manzil-koloniyalariga amalga oshirildi
Ombudsman hamda Ombudsman huzurida jamoatchilik vakillaridan iborat bo‘lgan Ekspert guruhi tomonidan Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm doirasida tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalariga monitoring tashriflari davom ettirilmoqda.

Navbatdagi monitoring joriy yilning 19-mart kuni Ombudsman Kotibiyatining Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha faoliyatiga ko‘maklashuvchi sektor xodimlari tomonidan Toshkent viloyatida joylashgan 43 va 50-son manzil-koloniyalarga amalga oshirildi.

Ekspert guruhi aʼzolari manzil-koloniyalarda mahkumlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan, uzoq muddatli uchrashuv xonalari bilan tanishish jarayonida mahkumlarning uchrashuvga kelgan yaqin qarindoshlari bilan ham suhbatlar o‘tkazishdi.

Shu bilan bir qatorda, mahkumlarni bilim saviyasini oshirish va dunyoqarishini kengaytirish maqsadida koloniyalarda faoliyat yuritayotgan kutubxonalar va kutubxonalarda mavjud bo‘lgan adabiyotlar ham ko‘zdan kechirilib, adabiyotlardan foydalanishda mahkumlar uchun cheklovlar yo‘qligi o‘rganildi.

Shuningdek, monitoring tashrifi davomida koloniyalardagi mahkumlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish holati, shifokor va hamshiralar soni va vakant o‘rinlar, kerakli dori-darmonlar va tibbiy mahsulotlar taʼminoti hamda karonavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlar va virusning tarqalish xavfini oldini olish bo‘yicha belgilangan talablarning bajarilishi bo‘yicha holat teshirildi.

Ekspert guruhi aʼzolari mahkumlarni mehnatga jalb qilishda ularning hayoti va sog‘lig‘i ustuvorligidan kelib chiqib mahkumlarning maxsus kiyim-bosh, poyabzal hamda boshqa shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan taʼminlanganligiga eʼtibor qaratishdi. O‘tkazilgan monitoring tashriflari davomida manzil koloniyalarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zaruriy tavsiyalar berildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha

vakili (ombudsman) Matbuot xizmati