TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
“O‘rtasaroy” karantin majmuasida navbatdagi monitoring amalga oshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzurida tashkil etilgan Milliy preventiv mexanizm (MPM) doirasidagi ekspert guruhi tomonidan Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan koronavirus infeksiyasini yuqtirganlikda gumon qilingan shaxslarni vaqtinchalik karantinda saqlashga moslashtirilgan majmua, yaʼni “O‘rtasaroy” karantin majmuasida joriy yilning 27 avgust kuni monitoring amalga oshirilganligi haqida xabar bergan edik. Mazkur monitoring davomida, karantinga olingan shaxslarning yashash, ovqatlanish hamda ularga tibbiy yordam ko‘rsatish holati o‘rganilib, ekspert guruhi aʼzolari tomonidan karantinga olingan shaxslar bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan edi.

Bugun, 8 oktyabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va uning Kotibiyati xodimlari tomonidan jamoatchilik faollari ishtirokida “O‘rtasaroy” karantin majmuasida navbatdagi monitoring amalga oshirildi.

Monitoring davomida, majmuada karantinga olingan shaxslar hamda jalb etilgan tibbiyot xodimlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganilib, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi hamkorligida tayyorlangan axborotnoma va eslatma (flayer)lar karantinga olingan shaxslarga tarqatildi.

Monitoring jarayonida, karantin majmuasida mehnat faoliyatini olib borayotgan tibbiyot xodimlariga oylik maoshlari va maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovlari o‘z vaqtida to‘lanmay kelinayotganligi maʼlum bo‘ldi.

Mazkur masala bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligidan javob kutib qolamiz.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha

vakili (ombudsman) Matbuot xizmati