Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ishdan noqonuniy bo‘shatilgan xodim o‘z lavozimiga tiklandi va ish beruvchidan salkam 40 mln so‘m undirildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga Farg‘ona viloyatidan fuqaro G.A. ishdan noqonuniy bo‘shatilgani va mehnat huquqlarining tiklanishini so‘rab murojaat qildi. 

Murojaatchining qayd etishicha, u Furqat tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish markazida bosh mutaxassis lavozimida ishlab kelgan. Tizimdagi o‘zgarishlar sabab, ayrim vazifalar shtat birligi bilan boshqa davlat tashkilotiga o‘tkazilgan. 

Shundan so‘ng malaka talabiga javob bermaslik vaji bilan fuqaro G.A. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Mazkur murojaat Ombudsmanning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyat Kengashi bilan birgalikda o‘rganildi. 

Aniqlanishicha, murojaatchi ishlagan lavozimning shtat birligi o‘tkazilgan davlat tashkilotiga ishga joylashtirish choralari ham ko‘rilmagan. Uning 10 yildan buyon ushbu vazifada ishlab kelganligi, Qo‘qon Universitetida sirtdan o‘qiyotganligi inobatga olinmagan. 

Ishga taa’luqli hujjatlar to‘planib, fuqaro manfaatida ishga tiklash bo‘yicha sudga da’vo ariza kiritildi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining hal qiluv qarori va apellyasiya instansiyasining ajrimi bilan ish beruvchi zimmasiga fuqaro G.A.ni bosh muxassis vazifasiga ishga tiklash majburiyati yuklatilgan. Murojaatchi G.A. ushbu lavozimga tiklanib, 5 oy majburiy progul kunlari va yetkazilgan ma’naviy zarar uchun jami 39 million so‘m undirilishi belgilandi.

Murojaatchi bilan Ombudsman xodimlari bog‘langanda u hozirda avvalgi lavozimida o‘z faoliyatini davom ettirayotgani va undirilishi belgilangan summa to‘liq miqdorda to‘lab berilganligini ma’lum qildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati