Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Xorazm va Andijon viloyatlaridagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun internat uylaridagi sharoitlar o‘rganildi
2024-yilning 5-aprel kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili Odilbek Ollayorov Xiva “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan erkaklar uchun internat uyiga monitoring tashrifini amalga oshirdi.

Monitoring tashrifida internat uyida vasiylikka olingan shaxslarning yashash, ovqatlanish, uchrashuv va yuvinish xonalari hamda tibbiy xizmatdan foydalanish sifati o‘rganildi.

Aniqlanishicha, vasiylikka olingan shaxslarga autsorsing asosida kuniga 4 mahal issiq ovqat beriladi. Lekin, oshxona va muassasaning ba’zi qismlari ta’mirga muhtoj hamda kanalizatsiya bilan bog‘liq hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar mavjud.

Joriy yilning 4-aprel kuni Ombudsmanning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili Gulnora Abduvohidova tomonidan Izboskan tumanida joylashgan Chuama “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyidagi sharoitlar ham o‘rganildi. Monitoring tashrifida Ijtimoiy himoya milliy agentligining Andijon viloyati boshqarmasi, Xalq deputatlari Izboskan tumani Kengashi vakillari ham ishtirok etishdi.

Internat uyida yashovchi fuqarolarning yashash xonalari ko‘zdan kechirildi va muloqotga layoqatlilari bilan yakka tartibda suhbatlashildi.

Suhbat davomida Muruvvat uyida yashovchi aksariyat qariyalarga stomatologik xizmatlar ko‘rsatish zarurati mavjudligi aniqlandi.

Shuningdek, muassasada nogironligi bo‘lgan shaxslarning dam olishlari, sayr qilishlari hamda bo‘sh vaqtlarida o‘zlari yoqtirgan qo‘l mehnatlari bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishildi.

Xorazm va Andijon viloyatlarida o‘tkazilgan monitoring tashriflari yakunlariga ko‘ra, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati

Yangiliklar kategoriyalari