Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qorovulbozordagi koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumning onasi Ombudsman mintaqaviy vakiliga murojaat qildi
2024 yilning 9 mart kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abira Xuseynova Qorovulbozor tumanidagi 17-son Jazoni ijro etish koloniyasiga monitoring tashrifini amalga oshirdi.

Monitoring tashrifida dastlab, Ombudsman mintaqaviy vakiliga mahkumlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan yuborilgan murojaatlar bo‘yicha yakka tartibda uchrashuvlar tashkil etildi.

Xususan, 2024 yilning 8 mart kuni mahkumning onasi telefon orqali murojaat qilib, o‘g‘lining salomatligidan tashvishlanayotgani, oxirgi marta uzoq muddatli uchrashuvga Qo‘qondan Buxoroga borganida, 3 kun emas 2 kunda uchrashuv tugatilganini maʼlum qilgan edi.

Murojaat mahkumning sog‘lig‘i bilan bog‘liqligi sababli, u ertasi kuniyoq o‘rganildi. Mahkum shifokorlar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgach, uni Toshkent shahridagi 23-son mahkumlarga mo‘ljallangan ixtisoslashgan kasalxonaga yuborishga ehtiyoj yo‘qligi maʼlum bo‘ldi. Mahkum so‘roviga ko‘ra, u kameradagi 2-qavatli krovatning pastki qismiga joylashtirildi.

Shuningdek koloniya tomonidan keltirilgan maʼlumotlarga ko‘ra, uzoq muddatli uchrashuvlarning 2 kunga qisqarishiga, yuzaga kelgan uzoq navbatlarda homilador va yosh bolasi bor ayollar bo‘lgani sabab bo‘lgan.

Sayyor qabulda “Ombudsman quti”lari orqali yuborilgan murojaatlar bo‘yicha 6 nafar mahkum murojaatlari ham o‘rganildi.

Shundan so‘ng, koloniyalardagi mahkumlarning saqlash sharoitlari, mehnat qilish, tibbiy yordam ko‘rsatish hamda ularga nisbatan bo‘ladigan munosabat va muomala, uzoq muddatli uchrashuv xonalari, huquqiy, diniy va badiiy adabiyotlar bilan jamlangan kutubxonalar hamda bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish uchun yaratilgan boshqa sharoitlar ko‘zdan kechirildi.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati

Yangiliklar kategoriyalari