Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga 2023 yilning 10 oyligida fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar va ularni ko‘rib chiqish natijalariga bag‘ishlangan BRIFING
2023 yilning 10 oy davomida Ombudsmanga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 10,5 mingga yaqin murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning 12 tasi belgilangan tartibda anonim deb topilgan.

Jami murojaatlarning 27,1% fuqarolarning shaxsiy, 20,1 % ijtimoiy, 20,6 % iqtisodiy, 19 % fuqarolarning murojaat etish, 9,4 % fuqarolikka oid va 1,7 % ekologik huquqlarga oid bo‘lsa, 15,6 % harakatlanish erkinligi cheklangan muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga, 2,2 % bola huquqlari va erkinliklariga tegishli.

Murojaatlar hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng ko‘pi  Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahriga, eng kam murojaatlar esa Sirdaryo viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga to‘g‘ri keladi. 

Hisobot davrida Ombudsman tomonidan fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan tashkilot hamda mansabdor shaxslarga 115 ta taʼsir chora shaklidagi hujjatlar kiritildi. Bu ko‘rsatkich 2022 yilning shu davrida 88 tani tashkil etgan.

Qayd etish lozimki, Ombudsman taʼsir choralari natijasida   2 nafar fuqaro oqlanib, ularning sudning qarori bilan to‘liq reabilitatsiya qilinishi taʼminlandi 

Ombudsman tomonidan 2023 yil 10 oyi davomida fuqarolarning murojaatlari asosida undirilgan hamda undirilishi belgilangan mablag‘lar sal kam 1 mlrd so‘mni tashkil etdi. 

Fuqarolarning ish haqi va mehnat munosabatlari bilan bog‘liq to‘lovlar bo‘yicha 557,2 mln so‘m undirildi. Murojaatchilarning qarzdorligi, sog‘lig‘iga yetkazilgan zararlar, moddiy va maʼnaviy zararlar hamda boshqa to‘lovlar bo‘yicha yuzaga kelgan huquqiy munosabatlarga oid ariza va shikoyatlarni o‘rganilishi natijasida undirilgan summa 144,3 mln so‘mni tashkil qildi.

6 nafar fuqaroga banklar tomonidan qo‘yilgan asossiz qarzdorlik talabi bartaraf qilindi. 2 ta holatda asossiz yechilgan 10 mln so‘m pul mablag‘lari murojaatchilarga qaytarildi.

Taʼkidlash lozimki, joriy yilda 2022 yilda kelib tushgan murojaat asosida fuqarolar foydasiga undirilishi lozim bo‘lgan 1,5 mlrd so‘mdan ortiq kompensatsiya to‘lovlarining to‘liq undirilishiga erishildi.

3 nafar fuqaroning mulkiga Majburiy ijro byurosi tomonidan qo‘yilgan taqiq yechildi. Shuningdek, mol-mulk bilan bog‘liq murojaatlarni o‘rganish natijasida tuman hokimligi qarorining bekor qilinib, fuqaroga merosdan ulush ajratilishi taʼminlandi. Yana bir fuqaroning servitut huquqi (o‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi) belgilanishi taʼminlandi.

17 nafar fuqaro ish bilan taʼminlangan, 34 nafar fuqaro ishga tiklangan, 5 nafar fuqaroning ish joyi saqlanib qolingan. 

Bundan tashqari, 7 nafar ish beruvchi O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 49 va 198 -moddalariga ko‘ra, jarimaga tortilgan va jami 17 mln so‘mdan ortiq summa undirilgan.

Ombudsmanning fuqarolar manfaatlarida yo‘llagan murojaatlari bo‘yicha so‘roviga muvofiq Davlat mehnat inspeksiyalari tomonidan sudlarga 7 ta daʼvo arizalari kiritildi. 

Ombudsman tomonidan fuqarolar murojaatlarining o‘rganilishi va ularni hal etish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga murojaatiga asosan fuqarolarga moddiy yordam hamda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari uchun subsidiya berish va boshqa turda qo‘llab-quvvatlash maqsadida 109,1 mln so‘mga yaqin moliyaviy yordam ajratildi. 3 nafar talabaning Oliy taʼlim muassasalaridagi 10,6 mln so‘mlik kontrakt pullarining to‘lanishiga ko‘maklashildi. 

Pensiya hisoblashda 3 nafar fuqaroning ish staji inobatga olinmaganligi tufayli pensiya bo‘limlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilindi hamda pensiya miqdorini qayta hisoblash majburiyati yuklatildi.

Shuningdek, 10 nafar fuqaroga o‘zini o‘zi band qilishi uchun ko‘maklashilgan hamda 3 nafar imkoniyati cheklangan shaxslarga nogironlik aravachasi va boshqa moslamalarning berilishi taʼminlandi. 

Shuningdek, boquvchisi va muqim turar-joyi bo‘lmagan 2 nafar fuqaro Saхovat uyiga joylashtirildi. 

11 nafar fuqaroga tibbiy ko‘rikdan o‘tish va davolanish uchun yo‘llanma berilishi taʼminlangan.

7 nafar xotin-qizlarga “himoya orderi” berilishi, “Ayollar daftari”ga kiritilishi, kadastr hujjatlari rasmiylashtirilishiga ko‘maklashildi va ular murojaatlari asosida 2 ta holatda huquqbuzarlarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik belgilandi. 

Xotin-qizlarning Ombudsmanga murojaatlari yuzasidan voyaga yetmagan farzandlari taʼminoti uchun 35,6 mln so‘mdan ortiq aliment to‘lovlari undirilishi taʼminlangan. Shu bilan birga, 2 ta holatda qarzdorlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasiga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ombudsmanning fuqaro manfaatida prokuratura organlariga qilgan so‘rovi asosida prokuratura organi tomonidan protest kiritilishi natijasida fuqaroning 3 mln so‘mlik maʼmuriy jarimasi bekor qilindi.

Fuqarolarning davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslari xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yozgan murojaatlarini o‘rganish natijasida o‘z vazifasini lozim darajada bajarmaganligi uchun huquqni muhofaza qiluvchiorganlarning 4 nafar masʼul xodimi ogohlantirish olgan va boshqa turdagi intizomiy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, vazirlik va idoralarning 1 nafar masʼul xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, 5 nafar  xodimga “hayfsan” berilgan.

14 ta holatda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga muvofiq jinoyat ishi ko‘zg‘atishnirad etish haqida ichki ishlar bo‘limlari tomonidan qabul qilingan qarorlar prokuratura organlari tomonidan bekor qilindi va qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o‘tkazish uchun yuborildi. 

Ombudsmanning xotin-qizlarning murojaatlari asosida prokuratura organlariga yuborgan so‘roviga asosan 1 ta holatda aybdorga nisbatan Jinoyat kodeksining 126 prim 1-moddasi oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Yana bir holatda aybdorning harakatlari JKning 105-moddasi birinchi qismidan JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandiga muvofiq qayta malakalanishiga erishildi. 

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilishga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida salkam 10 mln so‘m maʼmuriy jarima undirilishi taʼminlangan. 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmat

i

Yangiliklar kategoriyalari