Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
RASMIY MUNOSABAT
Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro O‘ktamova Diloromning nizoli uy masalasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) yordamiga muhtoj ekanligi haqidagi xabarlar tarqalgan  edi. Mazkur holat Ombudsman hamda uning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan o‘rganib chiqildi.

D.O‘ktamovaning yozishicha, uning turmush o‘rtog‘i umumiy mulk hisoblangan turar-joyini, xotinining roziligisiz ukasi – O.Oktamovga 1996 yil oldi-sotti shartnomasi asosida sotib yuborgan. O.Oktamov esa 2012 yilda jinoyat ishi bo‘yicha aybdor deb topilib, unga tegishli mol-mulk, jumladan,  ushbu nizoli uy ham baholanib, sotuvdan tushgan pul mablag‘i zarar hisobiga Sirdaryo gidrogeologiya-meliorativ ekspeditsiyasiga o‘tkazilishi belgilangan. Lekin negadir, sudning hukmi vaqtida ijroga qaratilmagan.

Murojaat muallifi 24 yildan buyon qayni ukasi nomiga o‘tkazilgan uyda yashab kelgan murojaatchi, 2020 yilning fevral oyidagina bundan habar topganini maʼlum qilgan va 1996 yilda tuzilgan oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishda yordam so‘ragan.

O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 23-moddasida er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari umumiy mulk hisoblanadi. Qonun hujjatlariga ko‘ra, uni tasarruf etish vaqtida mulkdorlarning roziligi olinishi belgilangan.

Dilorom O‘ktamovaning turmush o‘rtog‘i xatti-harakatida  Jinoyat kodeksining 228-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi mavjud, lekin oradan 24 yil vaqt o‘tgan. Shu sababli unga JPKning 84-moddasi 1-qismi 1-bandiga asosan ayblilik masalasini hal qilmay turib jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan.

Shundan so‘ng murojaatchi, advokatining maslahati bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudiga 1996 yil Guliston shahar 1-son davlat notarial idorasi tomonidan tuzilgan O‘ktamov Sherali va Oktamov Obidlar o‘rtasidagi oldi-sotti shartnomasini haqiqiy emas deb topish yuzasidan daʼvo ariza kiritgan. Lekin, daʼvoni qanoatlantirish rad etilgan.

2021 yil 18 may kuni Sirdaryo viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hayʼatining ajrimi bilan 1-instansiya sud hal qiluv qarori o‘zgartirishsiz qoldirilgan.

Sud tomonidan Fuqarolik kodeksining 150-moddasiga ko‘ra umumiy daʼvo muddati 3 yil ekanligi, shuningdek, 2012 yilda O.Oktamovning jinoyat ishi ko‘rilgan jarayonda ham nizoli uy sotilganliginidan xabar topgan bo‘lishi kerakligini inobatga olib, uning uy sotilganligini 2020 yilning fevral oyida bilganligi haqidagi vajini asossiz deb hisoblangan.

Daʼvo muddati o‘tgan bo‘lishiga qaramay, 2 marotaba sudga daʼvo arizasi kiritishni maslahat berib, haq olgan advokat, bu safar, murojaatchining to‘lashga mablag‘i yo‘qligi sababli ijtimoiy tarmoq orqali Ombudsmandan yordam so‘rashni maslahat beradi. Aslida esa, birinchi navbatda sudga umumiy mulkdagi ulushni belgilashlik bo‘yicha daʼvo berilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Sababi, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 164-moddasiga muvofiq, mulk huquqi muddatsizdir. Agarda D.O‘ktamovaning umumiy mulkdagi ulushi aniqlanganida, daʼvo muddati masalasi yuzaga kelmas edi.

Hozirda, ushbu murojaat Ombudsman nazoratiga olingan bo‘lib, murojaatchiga huquqiy maslahatlar berildi va daʼvo muddatini tiklash bo‘yicha maʼlumot to‘plash maqsadida, tegishli tashkilotlarga so‘rov yuborilgan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati