TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman Sankt-Peterburgdagi 150 nafardan ortiq o‘zbek muhojirlarning yashash sharoitlarini o‘rgandi
Joriy yilning 19 may kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini vaqtincha saqlash joylaridagi sharoitlar bilan tanishish maqsadida Sankt-Peterburgning Krasnosel tumanida joylashgan 1-sonli xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markaziga tashrif buyurdi.

Ombudsman boshchiligidagi delegatsiya vakillari O‘zbekiston Respublikasining 152 nafar fuqarosi vaqtincha saqlanayotgan ushbu markazda hamyurtlarimizning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish kabi sharoitlarini o‘rganish bilan birga muhojirlarni qiziqtirgan barcha masalalar bo‘yicha huquqiy maslahatlar berishdi. Shuningdek, ular mehnat migratsiyasi sohasida Rossiya Federatsiyasi qonunchiligining asosiy normalari haqida xabardor qilindi.

Ombudsman va Krasnosel tumanida joylashgan 1-sonli xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazi vakillari bilan muloqotda chet el fuqarolarining shaxsini aniqlash jarayoni, ularini o‘z Vataniga qaytarishda hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi va uni soddalashtirish masalasi muhokama qilindi.

Shuningdek shu kunning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatovalar Sankt-Peterburg iqtisodiyot oliy maktabi ilmiy-tadqiqot universitetining kafedra mudiri, Sankt-Peterburg gumanitar va siyosiy markazi prezidenti professor A.Yu.Sungurov va  Sankt-Peterburgdagi Inson huquqlari bo‘yicha vakili Apparati rahbari O. O. Shtannikovalar bilan ham uchrashishdi va o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab olishdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati