Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Bola huquqlari bo‘yicha vakil: “Mehribonlik” uylari bitiruvchilariga berilayotgan turar joylarning hammasi ham talab darajasida emas
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning qonuniy asoslarini yana-da mustahkamlash masalasini kompleks o‘rganish bo‘yicha Ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda senatorlar, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil, Senat Kengashi qarori bilan tasdiqlangan Ishchi guruhi aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan qatlam, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga taʼlim berish, ularning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish hamda manfaatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilayotganligi taʼkidlandi. Xususan, davlatimiz rahbarining Parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida joriy yilda ehtiyojmand oilalarning farzandlari, shu jumladan, chin yetim, nogironligi bo‘lgan va davolanishga muhtoj bolalarga alohida mehr-muruvvat ko‘rsatish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi, bunda joriy yilda birinchi marta 900 nafar chin yetim yoshni uy-joy bilan taʼminlash uchun 50 mlrd so‘m mablag‘ ajratilayotganligi taʼkidlab o‘tildi.

Tadbirda so‘z olgan, Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova 2020 yilda uning boshchiligida olib borilgan monitoring tashriflari hamda bola huquqlari bo‘yicha yuborilgan murojaatlar tahlili “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilarini turar joy bilan taʼminlanishi borasida kamchiliklar borligini qayd etdi.

Olingan maʼlumotlarga ko‘ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga 610 nafari turar joy bilan taʼminlangan, 578 nafar esa bugungi kunda ham turar joyga muxtoj bo‘lib turibdi.

Bundan tashqari, 2020 yil davomida, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda “Mehribonlik” uylari bitiruvchilari tomonidan Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga turar-joy berilmaganligi yoki berilgan turar joylar uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq emasligi borasida 20 ga yaqin murojaat kelib tushgan.

Qonun hujjatlarida belgilangan normalarga asosan berilayotgan turar joy bo‘sh, alohida, qulay va shinam bo‘lishi, belgilangan sanitariya va texnik meʼyorlarga, qonun hujjatlarining boshqa talablariga javob berishi lozimligi ham belgilangan, biroq ko‘p holatlarda ushbu norma talablari buzulishi kuzatilmoqda.

Achinarlisi, har bir kelib tushgan murojaat yuzasidan muallif istiqomat qiluvchi tuman (shahar) hokimi bilan o‘tkazilgan suhbatda turar joy bilan taʼminlash uchun mablag‘lar yo‘qligi (yetishmasligi)ni vaj qilib keltirmoqda. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining 2010 yil 11 oktyabrdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga turarjoy sotib olish uchun maqsadli transfertlar, shu jumladan, byudjet mablag‘larini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 86-son buyrug‘ida ushbu masala o‘zining yechimini topgan.

Shu bilan bir qatorda, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda “Mehribonlik” uylari bitiruvchilarini turar joy bilan taʼminlamaslik, o‘z navbatida bu toifa shaxslar doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yhatdan o‘tishi, ish joy bilan taʼminlanishi va tibbiy yordam olishida ham jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi.

Yig‘ilishda Bola huquqlari bo‘yicha vakil mazkur masala bo‘yicha  prokuratura organlari xodimlari nazoratni kuchaytirishi va barcha turar joyga muhtoj “Mehribonlik” uylari bitiruvchilarini belgilangan talablarga mos uy-joy bilan taʼminlashga erishilishi kerakligini qayd etdi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va erkinliklarini kafolatlash, ularni ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish maqsadida ushbu sohani kompleks o‘rganishni tashkil etish bo‘yicha olib boriladigan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Shuningdek, joriy yil 5 mayga qadar yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohasidagi umumlashtirilgan takliflar ishlab chiqilishi kelishib olindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati