Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qiynoq holatlarini aniqlash tizimi takomillashtiriladi - Prezident qarori loyihasida nimalar aks etgan?
2021 yil 30 mart kuni Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʼmitasi, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʼyicha vakili (ombudsman) hamda Inson huquqlari boʼyicha Oʼzbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirish boʼyicha ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida davra suhbati boʼlib oʼtdi. Qayd etish lozimki, mazkur loyiha “Yoshlarni qoʼllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi”ning 23-bandida belgilangan edi.

Taʼkidlanganidek, Mamlakatimizning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari boʼyicha kengashiga aʼzo boʼlgani ham davlatimiz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni astoydil bajarish va inson huquqlarini global miqyosda himoya qilishga qatʼiy bel bogʼlaganidan dalolatdir.

Davlat rahbarining dunyoning eng nufuzli inson huquqlari himoyachisi boʼlgan tashkilot minbaridan turib, Qiynoqlarga qarshi konventsiyaning Fakulьtativ protokolini ratifikatsiya qilinishi va bu borada hamkorlikda ishlash maqsadida Qiynoqlar masalasi boʼyicha maxsus maʼruzachini Oʼzbekistonga taklif etishga tayyorgarlik koʼrilayotganini bildirdi. Bu esa Oʼzbekiston xalqaro maydonda ochiqlik siyosatini ilgari surayotganidan dalolat.

Tadbirda soʼz olgan Oliy Majlisning Inson huquqlari boʼyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Ombudsman zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga kirishilgani, Ombudsman huzuridagi qiynoqlarning oldini olish boʼyicha Milliy preventiv mexanizm doirasida jazoni ijro etish muassasalari, tergov xibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarga jamoatchilik vakillari hamda OАV ishtirokida monitoring tashriflari amalga oshirib kelinayotgani va quvonarlisi, yilma-yil ushbu muassasalarda ijobiy oʼzgarishlar boʼlayotganini qayd etdi.

Inson huquqlari muammosi bugungi kunda insoniyat oldida turayotgan eng dolzarb muammolardan biridir. Аynan inson huquqlarining taʼminlanganlik darajasi bilan davlatning demokratik rivojlanganlik darajasi oʼlchanadi, inson huquqlari muayyan bir mamlakatda demokratik-huquqiy davlat barpo etish siyosatining oʼziga xos barometri hisoblanadi. 

 “Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirish” boʼyicha ishlab chiqilgan loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirilib xalqimiz muhokamasidan oʼtkazdi.

Davra suhbatida mazkur ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasining mazmun-mohiyatiga toʼxtalib oʼtildi.

Qayd etilganidek, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʼyicha vakili (ombudsman) huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish boʼyicha jamoatchilik guruhlari tarkibini kengaytirish, qolaversa, jamoatchilik guruhlariga ekspertlarni jalb qilish kasbiy malaka, tajriba hamda gender tengligi boʼyicha mezonlar belgilanadi.

Bundan tashqari, qiynoqning oldini olish faoliyati samaradorligini oshirish boʼyicha “Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarning yagona reestri” elektron tizimini yuritish yoʼlga qoʼyiladi. Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar telefon orqali, shu jumladan, videokonferentsaloqa rejimidan foydalangan holda murojaat qilishi mumkin boʼlgan Ombudsmanning “call-markazi” (murojaatlarni telefon orqali qabul qilish markazi) hamda veb-saytida maxsus rukn tashkil qilinadi.

Shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat, Jinoyat protsessual va Jinoyat-ijroiya kodekslarining yangi tahrirdagi loyihalari ishlab chiqiladi. Unda qiynoqning oldini olish tartibi, qiynoqdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam koʼrsatish, qiynoq jinoyatini sodir etgan shaxslarga nisbatan shartli hukm qilish, jazoni oʼtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoni yengilrogʼi bilan almashtirish, javobgarlikka tortish muddatining oʼtganligi, amnistiya institutlarining qoʼllanilmasligi nazarda tutilmoqda.

Yana bir jihat. Muhokamaga qoʼyilgan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qarori loyihasi qiynoqning oldini olish boʼyicha milliy tizimni umumeʼtirof etilgan xalqaro-huquqiy standartlarga muvofiqlashtirilishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Shuningdek, davra suhbatida mazkur yoʼnalishda amalga oshirilishi zarur boʼlgan jihatlarga eʼtibor qaratilib, tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʼyicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati