TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
OMBUDSMAN: XUSUSIY MULK DAXLSIZ VA U DAVLAT HIMOYASIDA
Hozirda ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolarning xususiy mulkka bo‘lgan huquqlarini buzib, o‘z uy-joyidan majburiy ko‘chirish holatlari aks etgan video xabarlar ko‘payib borayotgani sababli, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova barcha tegishli davlat idora va tashkilotlar mansabdor shaxslarini fuqarolarning xususiy mulk daxlsizligi huquqlarini hurmat qilishga chaqiradi.

Zero, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasiga muvofiq, xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daхlsiz va davlat himoyasidadir.

Qolaversa, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida” Qonunning 7-moddasida “Mulkdorning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida mulkdor huquqlarining ustuvorligi prinsipi amal qiladi, unga muvofiq qonun hujjatlaridagi xususiy mulk huquqini amalga oshirish bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar mulkdorning foydasiga talqin etiladi” deb belgilangan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabridagi 911-sonli “Jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlari kafolatlarini taʼminlash hamda yer uchastkalarini olib qo‘yish va kompensatsiya berish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorining 1-bandiga ko‘ra,

a) davlat va jamoat ehtiyojlari uchun, shuningdek, hududlarni kompleks rivojlantirish, shu jumladan, muayyan hududning arxitektura qiyofasini o‘zgartirish va yaxshilashga qaratilgan davlat dasturlari hamda investitsiya va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish doirasida yer uchastkasi yoki uning bir qismini olib qo‘yish yer egasining roziligi bilan yoki yerdan foydalanuvchi va ijarachi bilan kelishgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari Kengashlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga binoan amalga oshiriladi;

b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar yoki tuman (shahar) hokimliklarining olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obyektini buzib tashlash to‘g‘risidagi qarori adliya organlarining ijobiy xulosasi mavjud bo‘lgandagina qabul qilinadi;

v) yer uchastkasini olib qo‘yish tashabbuskori hamda olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obyektining mulkdori o‘rtasida tuziladigan yerni olib qo‘yish munosabati bilan kompensatsiya berish to‘g‘risidagi kelishuv majburiy tarzda notarial tasdiqlanadi;

g) ko‘chmas mulk obyektini buzib tashlash to‘g‘risidagi qarorni qabul qilishga olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obyekti mulkdoriga kelishuvda, nizo mavjud bo‘lgan hollarda esa sud qarorida, belgilangan kompensatsiya to‘liq taqdim etilgandan so‘ng yo‘l qo‘yiladi;

d) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va hokimliklarning yer uchastkalarini ajratib berish to‘g‘risida avval qabul qilingan qarorini bekor qilish yoki unga o‘zgartirish kiritish, shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, hokimliklar yoki boshqa davlat organi tomonidan maʼmuriy tartib-taomillarga rioya etilmaganligi sababli bekor qilish yoki unga o‘zgartirish kiritish yo‘li bilan yer uchastkalarini olib qo‘yish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining “Uy-joy nizolari bo‘yicha sud amaliyoti haqida” 2001 yil 14 sentyabr 22-sonli Qarorining 8-bandiga asosan, yer uchastkalari davlat yoki jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolar mulki bo‘lgan uylar (kvartiralar) buzilgan taqdirda, mazkur fuqarolarga, ularning oila aʼzolariga, shuningdek ushbu uylarda (kvartiralarda) doimiy yashayotgan fuqarolarga ularning tanlovi bo‘yicha va taraflar kelishuviga ko‘ra, uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam bo‘lmagan sahndagi, barcha qulayliklari bo‘lgan, avvalgisiga teng qimmatli boshqa turar joy mulk qilib beriladi hamda dov-daraxtlarning bozor qiymati to‘lanadi yoxud buzilayotgan uy (kvartira), boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning bozor qiymati, shuningdek yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati to‘liq hajmda to‘lanadi. Buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatidan ortiq bo‘lgan taqdirda, bu farq mulkdorga kompensatsiya qilinishi lozim, berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatidan ortiq bo‘lgan taqdirda esa, bu farq uy-joy berilgan yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquq berilgan paytdan eʼtiboran besh yil ichida mulkdor tomonidan kompensatsiya qilinishi lozim.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabrdagi 911-son qarori bilan tasdiqlangan “Yer uchastkalari olib qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obyektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to‘g‘risida” Nizomning 5-bobida mulkdor va tashabbuskor o‘rtasida yuzaga keladigan nizo bo‘yicha kelishuvga erishilmagan taqdirda — ushbu nizo sud tartibida ko‘rib chiqilishi hamda ushbu nizo bo‘yicha sudning qarori qonuniy kuchga kirgunga qadar yer uchastkasi olib qo‘yilishi to‘g‘risidagi qaror hamda olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obyektlarini buzib tashlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Shuningdek, mazkur Nizomga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarga davlat organi (mansabdor shaxs)ning noqonuniy maʼmuriy hujjati qabul qilinishi oqibatida yetkazilgan zarar davlat tomonidan, birinchi navbatda tegishli organlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga qoplanadi, keyinchalik aybdor shaxsdan regress tartibida undirib olinadi.

Agarda mulk egasi sud qaroridan norozi bo‘lsa, yuqori turuvchi sud instansiyasiga shikoyat keltirishi mumkin. “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 36-moddasiga asosan ijro harakatlari, ijro hujjati yoki uni berishga asos bo‘lgan hujjat yuzasidan, shuningdek ro‘yxatga olingan mol-mulkni baholash natijalari yuzasidan nizolashilayotganda — masala mazmunan uzil-kesil ko‘rib chiqilguniga qadar ijro ishi yuritishni to‘xtatib turiladi.

Shu munosabat bilan, Ombudsman mansabdor shaxslarni mazkur normativ-huquqiy hujjatlarga qatiy rioya qilishga chaqiradi. Xususiy mulk davlat himoyasida.

 

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati