TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi buyicha komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Davlat rahbari Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida hamda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida qiynoqlarni oldini olish, uning har qanday ko‘rinishiga qarshi murosasiz kurashish, yopiq turdagi muassasalarda inson huquqlarini to‘liq taʼminlanish hamda aybdorga jazo muqarrarligi prinsipi asosida ishlarni tashkil etish, bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Ombudsman zimmasiga qator vazifalar yuklatildi. Joriy yilning 19 mart kuni Ombudsmanning 2021 yildagi asosiy faoliyat yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi buyicha komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ombudsman huzuridagi yangi tarkibdagi komissiya yig‘ilishi kun tartibidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2021 yilgi ish rejasini tasdiqlash, Vakilning murojaatlar bilan ishlash faoliyatida natijadorlikka erishishning yangi va samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, murojaatlar tahlili asosida respublika bo‘ylab sayyor qabullar tashkil etish, Mintaqaviy vakillar faoliyatini kuchaytirish, shuningdek, NNT va OAV bilan hamkorlikni mustahkamlash masalalari o‘rin olgan.

Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari buyicha vakili hamda Ombudsman huzuridagi komissiya raisi Feruza Eshmatova majlis ishtirokchilariga qarata bugungi yig‘ilishda fuqarolar huquqlarini himoya qilishda Ombudsman hamda komissiya aʼzolari faoliyati tanqidiy-tahliliy jixatdan ko‘rib chiqilib, murojaatar bilan ishlashda inson huquqlarining taʼminlanishiga erishishga qaratilgan takliflar asosida istiqboldagi rejalarni belgilab olinishini bildirdi.

Joriy yilning fevral oyida Parlament aʼzolari tomonidan Ombudsman lavozimiga saylanganimdan so‘ng, Davlat rahbari talablaridan kelib chiqib, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining o‘tgan yillardagi faoliyatini, imkoniyatlarini va salohiyatini tahlil qildim. Shunday hulosaga keldimki, Ombudsman instituti o‘tgan 25 yil davomida takomillashib, vakolatlari va vazifalari kengayib borgan va albatta inson huquqlarini taʼminlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, ilg‘or xalqaro tajribalarga asoslangan qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm yo‘lga qo‘yilib, bu orqali mahkumlar huquqlarini taʼminlash bo‘yicha jamoatchilik nazorati o‘rnatilishiga erishilgan. Qolaversa, Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etildi, o‘tgan yili Ombudsman instituti o‘z xalqaro pozitsiyasini mustahkamlab, “B” maqomga ko‘tarilgan. Bu haqda uzoq gapirish mumkin. Lekin istiqbolda qilinishi kerak bo‘lgan vazifalarimiz va majburiyatlarimiz ham anchayin zalvorli. Ularni samarali tashkil etish uchun esa birlashish va birgalikda ishlash zarur.

Takidlashim lozimki, Ombudsman tomonidan hal etilgan murojaatlar yuzasidan OAVdagi chiqishlarimiz ko‘paygani sari Vakilga yo‘llanayotgan murojaatlar soni ortib bormoqda. Albatta Ombudsmanga xalqning ishonchi ortgani yaxshi, lekin uni oqlash uchun bizdagi imkoniyatlarni kuchaytirishimiz lozim. Shuning uchun, murojaatlar bo‘yicha ishlashda komissiya aʼzolarining faolligini oshirish talab etiladi. Shuningdek, aholining huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha infografika va roliklar tayyorlash, murojaatchilarga huquqiy yordam ko‘rsatish, Mintaqaviy vakillar faoliyatini kuchaytirish va albatta OAV hamkorlikni mustahkamlash borasida samarali mexanizm va usullarni ishlab chiqishimiz zarur.

Qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari buyicha vakili (ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi buyicha komissiyasi tarkibiga 25 yil davomida birinchi marotaba jamoatchilik vakillari kiritilgan.

Komissiya aʼzolari tegishli Nizomga muvofiq inson huquqlari va erkinliklarini buzayotgan organlar, tashkilotlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, xarakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyatlarni ko‘rib chiqish, idoraviy xujjatlar, statistik va boshqa maʼlumotlar, xulosalar hamda boshqa maʼlumotlarni so‘rash, talab qilib olish, sudlarga davlat bojini to‘lamagan holda fuqarolar manfaatlariga doir ariza va daʼvolar bilan murojaat qilish to‘g‘risida Vakilga taklif kiritish va boshqa huquqlarga ega.

Yig‘ilish davomida majlis kun tartibiga qo‘yilgan barcha masalalar yuzasidan aniq takliflar bildirildi va komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi. 

Oliy Majlisining Inson huquqlari

bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati