TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
OLIY SUDDA 16 NAFAR MAHKUMA AYOLNING KASSATSIYA TARTIBIDA BERGAN SHIKOYATLARI KO‘RIB CHIQILDI

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning "Ayolga bo‘lgan hurmat-eʼtibor — bu avvalo, oilaga, jamiyat kelajagiga bo‘lgan hurmat-eʼtibor ifodasidir" degan g‘oyasi asosida yurtimizda bugun xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini kafolatli himoya qilish, oilalar barqarorligini taʼminlash, ijtimoiy-siyosiy hayotda to‘laqonli ishtirok etishiga erishish, bir so‘z bilan aytganda, munis va moʻtabar opa-singillarimizni hayotdan rozi qilishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, insonparvarlik va bag‘rikenglikka yo‘g‘rilgan siyosat tufayli turli xil sabablar bilan to‘g‘ri yo‘ldan adashgan, jinoiy qilmishlarga qo‘l urgan bo‘lsa-da, xatosini tushunib, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan ayollarga yengillik berilmoqda. Ular jazodan muddatidan oldin ozod qilinib, oilasi, farzandlari bag‘riga qaytarilmoqda. Jumladan, joriy yilning 2 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida jazoni ijro etish muassasalarida og‘ir, o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan 16 nafar mahkuma ayolning kassatsiya tartibida bergan shikoyatlari ko‘rib chiqildi. Unda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) barcha masalalar yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bildirdi

Sud ajrimi bilan sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazoning asosiy qismini o‘tagani, qilmishiga iqror va pushaymon bo‘lgani, yoshi hamda kafolat xatlari inobatga olinib, 14 nafar ayol jazodan ozod qilindi hamda oilasi, yaqinlari bag‘riga qaytarildi. Shuningdek, 2 nafar mahkuma ayolga tayinlangan jazolar yengillashtirildi.

Mahkuma ayollar jazoning asosiy qismini o‘tagani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, jazoni o‘tash jarayonida o‘zini ijobiy jihatlarini namoyon etib, muassasa rahbariyatining tashakkurnomasini olgani eʼtiborga olindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova,

Ombudsman, Oliy sud hamda tegishli idora vakilllari bilan birgalikda  bugun ishi ko‘rib chiqilgan mahkuma ayollar bilan o‘tkazilgan suhbatlarda ular bilib bilmay sodir etgan jinoyatlari uchun juda qattiq pushaymon ekanliklarini bildirgan edilar. Bugungi sud jarayonida ham mahkumalar ozodlikka chiqqach, halol mehnat bilan kun kechirishga, oilasidan uzoq bo‘lgan vaqtida olgan hayotiy saboqlari hotirasida butun umrga muxrlanib, boshqa bu kabi qonunbuzarliklar sodir etmaslikka qaror qilganliklarini taʼkidlashdi.

Bugungi sud majlisida 14 nafar ayolni sud majlisidan ozod qilinishi, qolgan 2 nafar mahkuma ayolga tayinlangan jazoning yengillashtirilishi  O‘zbekiston sud-huquq tizimida insonparvarlik tamoyillariga asoslangan islohotlar olib borilayotganiligidan dalolatdir.

Endi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ushbu ayollarni jamiyatga moslashtirish maqsadida ish va turar joy bilan taʼminlash masalalari hal etilishi kerak. To‘g‘ri jazoni ijro etish muassasalarida mahkumalar turli kasb-hunarga o‘rgatilgan bo‘lsa ham, ular orasida na qarindoshi va na boshpanasi yo‘qlari ham bor. Albatta, Ombudsman ushbu jarayonlarni inson huquqlariga rioya etilgan holda tashkil etilishini monitoring qilib boradi. 

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha

vakili (ombudsman) Matbuot xizmati