TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
OMBUDSMANNING QORAQALPOG‘ISTONDAGI MINTAQAVIY VAKILINI BILASIZMI?
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jami 14 ta mintaqaviy vakili bo‘lib, ular insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishini taʼminlash yuzasidan Vakilga ko‘maklashadi.

Mintaqaviy vakil o‘z faoliyati to‘g‘risida har chorakda Ombudsmanga axborot taqdim etishi, arz qiluvchining shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi maʼlumotlarni, shuningdek shikoyatlarni tekshirishga doir axborotni Vakilning ruxsatisiz va roziligisiz oshkor etmasligi shart.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Qonuniylik, sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari qo‘mitasi raisi Zuxra Reymova jamoatchilik asosida Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili sifatida faoliyat yuritadi.

Mintaqaviy vakil Zuxra Reymova aholidan kelayotgan murojaatlarni ko‘rib chiqishda kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar muammolarini tezkorlik bilan hal etishga harakat qiladi. Jumladan, Z.Reymovaga «Qos ko‘l» MFYda hisobda turuvchi fuqaro S.P. 3 nafar farzandi va turmush o‘rtog‘i bilan ijarada turishi, turmush o‘rtog‘ining ishsizligi sababli to‘lov imkoniyati cheklanganini bildirib murojaat qilgan edi. Mintaqaviy vakil murojaat egasining yashash manziliga borib, uning oilaviy sharoiti bilan tanishgach, ushbu masala yuzasidan tegishli tashkilotlarga so‘rovnoma yubordi. Qisqa muddat ichida turar-joyga muhtoj bo‘lgan murojaatchi va uning oila aʼzolari vaqtincha yashaydigan ijtimoiy uyga joylashtirildi.

Shuningdek, Zuxra Reymova Nukus shahridagi 2 nafar ishsiz fuqarolarni 34-maktabga farrosh hamda Respublika endokrinologiya dispanseriga kichik tibbiy xodim sifatida ishga joylashtirishda amaliy yordam berdi. Yana 2 nafar yigit esa IT sohasidagi bilimlarini mustahkamlash va kasbga tayyorlash maqsadida Nukus kasb-hunar maktabida tashkil etilgan kompyuter savodxonligini oshirish bo‘yicha 2 oylik kursga joylashtirildi.

Poyabzal taʼmirlash ustaxonasi ochish uchun joy ajratish masalasida yordam so‘ragan murojaat egasi E.H.ga 21-kichik tuman hududidagi Beruniy ko‘chasidan kichik yer ajratib berildi. 

Yana bir murojaatchi N.S.ga 1 million 180 ming so‘mlik yozgi va qishki ortopedik poyabzallar sovg‘a qilindi.

Bundan buyon, Ombudsman mintaqaviy vakillarining inson huquq va manfaatlarini taʼminlash borasidagi faoliyatlari haqidagi maʼlumotlar Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) rasmiy veb sayti va OAV orqali muntazam ravishda eʼlon qilib boriladi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha

vakili (ombudsman) Matbuot xizmati