TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman, jamoatchilik va OАV vakillari bilan birgalikda qiynoqlarni oldini olish boʼyicha jazoni ijro etish muassasalariga monitoring tashriflariga start berildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʼyicha vakili (ombudsman) huzuridagi Milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat olib boruvchi qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʼayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʼllashning oldini olish boʼyicha jamoatchilik vakillaridan iborat boʼlgan Ekspert guruhi tomonidan 2019 yildan buyon monitoringlar oʼtkazib kelinmoqda. Bu orqali esa jazoni ijro etish muassasalari, tergov xibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarda inson huquqlarining taʼminlanishi boʼyicha Parlament va jamoatchilik nazorati oʼrnatilishiga erishilmoqda. 

Oʼtgan 2020 yilda pandemiya sharoitida Ombudsman boshchiligida 42 marotaba jazoni ijro etish muassasalari, 9 marotaba vaqtincha saqlash hibsxonalar, 8 marotaba ichki ishlar organlari, 6 marotaba tergov hibsxonalar, 5 marotaba maʼmuriy qamoqqa olinganlarni saqlash uchun moʼljallangan maxsus qabulxonalar, 2 marotaba muayyan yashash joyiga ega boʼlmagan shaxslarni reabilitatsiya etish markazlari, 4 marotaba karantin majmuasi va koronavirus bilan kasallanganlarni davolashga ixtisoslashgan markazlarga monitoring tashriflari uyushtirilgan. 
Ularda jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan 4 000 nafardan ortiq shaxslar bilan jamoaviy, 578 nafar shaxslar bilan individual uchrashuvlar oʼtkazilgan edi. 
Maʼlumki, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev 2020 yil 29 dekabrь kuni Oliy Majlisga yoʼllagan murojaatnomasida qiynoqlarning oldini olishda Ombudsman tomonidan har chorakda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni oʼtash muassasalariga “monitoring tashriflari” tizimi yoʼlga qoʼyilishi kerakligini alohida taʼkidlagan edi. 
Davlat rahbari tomonidan qiynoqlarni oldini olish boʼyicha nazoratni kuchaytirish, shuningdek jazoni ijro etish muassasalari, qamoqda saqlash joylari va maxsus qabulxonalar hamdashaxslar oʼz ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan joylardagi mavjud holatni oʼrganish, uni OАV orqali keng yorish maqsadida, joriy yilning 29 yanvarь kuni Ombudsman huzurida faoliyat koʼrsatuvchi jamoatchilik vakillaridan iborat boʼlgan Ekspert guruhi tomonidan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʼayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʼllashning oldini olish maqsadida Milliy preventiv mexanizm doirasida 13 va 7-sonli jazoni ijro etish muassasalariga monitoring tashriflari amalga oshirildi. 
Jamoatchilik vakillaridan iborat boʼlgan Ekspert guruhi tarkibiga Oliy Majlisning Inson huquqlari buyicha vakili (ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi buyicha komissiyasi aʼzolari, jumladan Ombusdman Kotibiyati mudiri Аzimov Saidbek, Inson huquqlari boʼyicha Oʼzbekiston Respublikasi Milliy markazi yetakchi mutaxassisi Muzrobov Davronbek “Yuksalish” umummilliy harakati ijrochi direktori Mamatxanov Аskar,“Ezgulik” jamiyati markaziy boshqaruv aʼzosi Nurmatov Bekzod, “Huquqiy tayanch” nodavlat notijorat tashkiloti rahbari Formonov Аzamjonlar kirgan.
Ekspert guruhi aʼzolari Toshkent viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini oʼtayotgan mahkumlarning yashash, ovqatlanish, mehnat qilish va tibbiy yordam olish sharoitlari hamda muassasalarda sanitariya-gigiena talablariga rioya etish holatlarini oʼrganishdi.
Jinoyat-ijroiya kodeksida belgilangan tartibga koʼra, har bir mahkumga jazoni ijro etuvchi muassasa yoki organ maʼmuriyatiga, boshqa davlat organlari va jamoat birlashmalariga oʼz ona tilida yoki boshqa tilda murojaat etishlari, sogʼligʼini saqlash, shu jumladan tibbiy xulosaga koʼra ambulatoriya-poliklinika va statsionar sharoitda tibbiy hamda jazoni ijro etish muassasasining psixologik xizmat koʼrsatish xodimlari tomonidan koʼrsatiladigan psixologik yordam olishlari, mehnat toʼgʼrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq xavfsiz mehnat sharoitlari yaratilishi kerak. 
Toshkent viloyatidagi 13-sonli jazoni ijro etish muassasasida hozirda 1 100 ga yaqin mahkumlar jazo muddatlarini oʼtamoqda. Muassasa hududida tikuvchilik, duradgorlik, yumshoq mebelь yasash va boshqa kasb-hunarga ixtisoslashgan jami 14 ta sex mavjud. 
Mahkumlarga ishbay asosda xaq toʼlanib, kunlik norma toʼliq bajarilgan taqdirda ularga kuniga 29 ming soʼm ish xaqi hisoblanadi. Normani oshirib bajarganlarga koʼproq va aksincha kam ishlaganlarga kamroq kunlik maosh hisoblanadi. Muhimi belgilangan normani toʼliq bajara olmaganlik uchun javobgarlik belgilanmagan. 
8 yildan buyon jazosini oʼtayotgan mahkum bilan yakkama-yakka suhbatlashilganda haftada 6 kun ishlashi va yakshanba dam olish kuni ortiqcha majburiy mehnatga jalb etilmasligini, mehnat sharoiti va ish haqi boʼyicha hech qanday eʼtirozi yoʼqligini bildirdi. Ish haqlari haqida soʼralganida esa, buyurtmaga qarab 900 mingdan 1 mln soʼmgacha deb javob berdi. 
Mahkumlarning uzoq muddatli oilaviy uchrashuvlari uchun qulayliklarga ega 16 ta xonalar ajratilgan. Koloniyada 5 ta telefon oʼrnatilgan boʼlib, grafik asosida mahkumlar 10 daqiqagacha yaqinlari bilan pullik asosda gaplashishlari mumkin. 13-sonli jazoni ijro etish muassasasi masʼullarining soʼzlariga koʼra, yaqin kunlarda mahkumlar uchun onlayn videomuloqot qila olishlari uchun ham imkoniyat yaratiladi. 
Qiynoqlarni oldini olish, inson huquqlarini taʼminlash maqsadida muassasaga 80 ta kuzatuv kameralari oʼrnatilgan boʼlib, yaqin kunlarda yana 640 dan ortiq nuqtalarga videokuzatuv moslamalari oʼrnatilishi rejalashtirilgan. 
Monitoring davomida jamoatchilik vakillaridan iborat boʼlgan Ekspert guruhi aʼzolari tomonidan muassasalarda saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy va yakka tartibdagi uchrashuvlar oʼtkazildi. 
Jamoaviy uchrashuvlar davomida mahkumlarga ularning huquq va majburiyatlari batafsil toʼxtalib oʼtilib, ularning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish holatlari yuzaga kelgan taqdirda Ombudsmanga murojaat qilishlari kerakligi tushuntirildi. Mahkumlar bilan oʼtkazilgan yakka tartibdagi qabullarda esa muassasada ularga qanday munosabatda boʼlayotganliklari, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʼayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʼllash bilan bogʼliq holatlar bor yoki yoʼqligi, mahkumlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar yuzasidan fikrlar oʼrganildi. 
Oliy Majlisning Inson huquqlari buyicha vakili (ombudsman) Kotibiyati mudiri Saidbek Аzimov, ushbu monitoring davomida mahkumlardan muassasada yaratilgan sharoitlar va qiynoqqa solish masalalarida hech qanday murojaat kelib tushmaganini qayd etdi.
- Milliy preventiv mexanizm doirasida jazoni ijro etish muassasalariga oʼtkaziladigan respublika boʼylab monitoring tashriflari jadvali ishlab chiqilgan boʼlib, bu yildan eʼtiboran, ushbu jarayonlar jamoatchilik vakillari hamda OАV xodimlari bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Аytishim joizki, mahkumlarning ruhiy holatlarini, ularning xohish-istaklarini inobatga olgan holda ilk monitoring tadbiriga kamroq jurnalistlarni jalb etdik va albatta tasvirga olish jarayonida ham kadrga tushishni istamagan mahkumlar kamera obʼektividan chetlashtirildi. 
Monitoring davomida mahkumlar bilan yakkama-yakka oʼtkazilgan suhbatlarda ham mazkur muassasalarda ularga nisbatan qiynoq, ruhiy kamsitilish kabi holatlar boʼyicha murojaatlar kelib tushmadi. Qabulimda boʼlganlar asosan, afv etilish, ozodlikdan maxrum qilish bilan bogʼliq boʼlmagan jazo turlari bilan almashtirish kabi iltimoslar bilan murojaat etishdi. 
Shuningdek, tashrif davomida ekspert guruhi aʼzolari 2009 yildan buyon xizmat koʼrsatuvchi “Atlantic” reabilitatsiya markazida ham boʼlib, mahkumlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi. 
Ekspert guruhi aʼzosi, Oʼzbekiston inson huquqlari Huquqiy tayanch jamoat birlashmasi raisi Аʼzamjon Farmonov:
- Bir vaqtlar Oʼzbekiston qamoqxonalaridan birida Jasliq qamoqxonasida uydirma ayblovlar bilan jazo muddatini oʼtab chiqqanman. Ushbu Ombudsman huzuridagi komissiya aʼzolari tarkibida meni ham borligim bu juda bir katta siyosiy voqea. Sababi, koʼpchilik odatda jazo muddatini oʼtayotganimda ham davlat idoralaridan koʼp komissiyalar borgan lekin, ular oʼsha zonani ichidagi ahvolni bizchalik his qilmaydi. Men bugun shu 13 va 7 sonli jazoni ijro etish muassasalariga keldim va bu yerdagi mahkumlarning yashash sharoitlari va kun tartiblari bilan tanishib chiqdim. Аyrim mahkumlar bilan xattoki, yuzma-yuz gaplashish imkoniyatiga ega boʼldim. Bu yerdagi sharoit haqiqatda, bundan 3-4 yil oldingi vaqtlarga nisbatan juda keskin farq qiladi. Ularni yashash sharoitlari yaxshilangan hamda ularga turli xil kasb egallash bilan bogʼliq imkoniyatlar taqdim qilingan. 
 Men jazoni ijro etish joyida asosiy eʼtibor bergan narsa bu – ruhiy va jismoniy qiynoqlar qay holatda? Bugungi kunda biror bir mahkumdan ruhiy jismoniy qiynoqlar haqida eshitmadim. Toʼgʼri, biz mukammal ravishda har bir mahkum bilan gaplashib oʼrgana olmadik, lekin qisman boʼlsada oʼrgandik, monitoringlarimiz hali davom etadi. 
 Аynan butun dunyohamjamiyati, xalqaro tashkilotlar tomonidan Oʼzbekistondagi jazoni ijro etish muassasalarida hamon ruhiy va jismoniy qiynoqlar davom etayotgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilib boriladi. Oʼylaymanki, kelgusida aynan shunday xabarlar boʼyicha ham joyiga chiqib, holatni oʼrganamiz. 
Men aynan Jinoyat kodeksining 159, 244 moddalari bilan jazo muddatini oʼtayotgan mahkumlar bilan ham suhbatlashdim. Oʼzimni sobiq mahkum ekanligimni, qiynoqlar boʼlayotgan boʼlsa tortinmasdan gapirib berishlari mumkinligini aytganimda, ular hozir avvalgidek qiynoqlar yoʼqligi, faqat ozodlik yetishmayotgani, oʼz oilalarini sogʼinganliklarini bildirishdi. 
Haqiqatda oʼzim aylanib ularni yashash sharoitlari, oziq-ovqati 
va boshqa sharoitlarni kirib oʼrgandim va hech qanday qoniqarsiz holatni uchratmadim. 
Taʼkidlash joizki, mahkumlar oʼziga nisbatan tazyiq yoki boshqa noqonuniy holat boʼyicha oʼz vaqtida murojaat qila olishlari uchun har bir jazoni ijro etish muassasalarida “Ombudsman qutisi” oʼrnatilgan boʼlib, uni faqatgina shaxsan Ombudsman mutaxassislari ochish huquqiga ega. 
Monitoring tashrifi davomida, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʼyicha vakili (ombudsman) Kotibiyati mudiri S.Аzimov jazoni ijro etish muassasalarida oʼrnatilgan “Ombudsman qutisi”ga kelib tushgan murojaatlarni shaxsan qabul qilib oldi. 

Oʼrganish davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli muassasalar rahbarlariga zaruriy tavsiyalar berildi.
Ombudsman hamda Ombudsman huzurida jamoatchilik vakillaridan iborat boʼlgan Ekspert guruhi tomonidan jazoni oʼtash muassasalari va tergov hibsxonalarida monitoringlar davom ettiriladi.


Oliy Majlisning Inson huquqlari boʼyicha
vakili (ombudsman) Matbuot xizmati