TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Nogironligi boʼlgan shaxslarning huquq va erkinliklari doimiy himoyada
Hisobot yilida Ombudsmanga pandemiya sharoitida fuqarolarning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi bilan bogʼliq 475 ta murojaat kelib tushdi.

Mamlakatimizda nogironligi boʼlgan shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, ularning salomatligini mustahkamlash, ijtimoiy-qoʼlab quvvatlash boʼyicha barcha imkoniyatlar hamda huquqiy kafolatlar yaratilgan.

Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida Oʼzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʼlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengligi mustahkamlab qoʼyilgan.

Аyniqsa soʼngi yillarda bu borada qabul qilingan bir qancha qonun, farmon va qarorlar orqali nogironligi boʼlgan shaxslarning huquq va manfaatlarini taʼminlash yanada kafolatlanmoqda. Xususan:

Oʼzbekiston Respublikasi “Nogironligi boʼlgan shaxslarning huquqlari toʼgʼrisida”gi Qonuni bilan nogironligi boʼlgan shaxslarning qadr-qimmatini, ularning mustaqilligini, tanlash erkinligini hurmat qilish, nogironlik belgisiga koʼra kamsitilishga yoʼl qoʼymaslik, insonning huquq va erkinliklarini amalga oshirishdagi imkoniyatlar tengligi, nogironligi boʼlgan bolalarning rivojlanayotgan qobiliyatini va oʼz individualligini saqlab qolish huquqini hurmat qilish, obʼektlar va xizmatlarning qulayligi va nogironligi boʼlgan shaxslarni jamiyat va davlatning hayotiga jalb etish kabi nogironligi boʼlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlashning asosiy printsiplari mustahkamlab qoʼyildi.

Shuningdek, nogironligi boʼlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish va ularning huquqlarini kafolatlashga oid qator masalalar Qonun darajasida belgilandi.

Bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan ochiq siyosat olib borilmoqda. Аyniqsa, soʼngi yillarda inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, inson huquqlari sohasida xalqaro standartlarni implementatsiya qilish va xalqaro majburiyatlarni bajarish, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish masalalari boʼyicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirishga doir tizimli ishlar olib borilmoqda.

Аlohida taʼkidlash lozim-ki, Oʼzbekiston BMT Inson huquqlari boʼyicha Kengashiga koʼpchilik ovoz bilan tarixda birinchi marta uch yillik muddatga saylandi hamda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Kengashning 46-sessiyasida birinchi marta ishtirok etdi va maʼruza qildi. Mazkur maʼruza xaqaro hamjamiyat tomonidan yuqori darajada baholandi.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari boʼyicha kengashining 46-sessiyasidagi tashabbusi va takliflarini amalga oshirish boʼyicha chora-tadbirlar Rejasi (“Yoʼl xaritasi”) maʼqullandi.

Mazkur yoʼl xaritada “Nogironlar huquqlari toʼgʼrisidagi konvensiyani” ratifikatsiya qilish masalasi koʼtarilgan boʼlib, hozirda bu borada masʼul idoralar tomonidan amaliy ishlar olib borilmoqda. Mazkur konventsiyaning ratifikatsiya qilinishi orqali nogironligi boʼlgan shaxslarning jamiyatdagi oʼrni yanada mustahkamlaniladi.

Pandemiyaga qaramasdan, Ombudsman inson huquq va erkinliklarini himoya qilishda, Parlament qatori bir kun ham oʼz ishini toʼxtatgani yoʼq. 2020 yilda Ombudsman nomiga kelib tushgan har bir murojaat uning eʼtibordan chetda qolmadi.

Hisobot yilida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʼyicha Vakili (Ombudsman) manziliga nogironligi boʼlgan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bilan bogʼliq murojaatlar soni oʼsganligi kuzatilmoqda.

Hisobot yilida Ombudsmanga pandemiya sharoitida fuqarolarning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi bilan bogʼliq 475 ta murojaat kelib tushdi.

Shuningdek, nogironligi boʼlgan shaxslardan 100 ga yaqin murojaat kelib tushdi. Shundan 50 dan ortigʼi nogironlik darajasini belgilash, 10 ga yaqini nogironlik darajasini qayta koʼrib chiqish, 40 ga yaqini turli imtiyozlardan foydalinish masalalari keltirib oʼtilgan.

Mazkur murojaatlar tahlil etilganda, Oʼzbekiston Respublikasi SSV TMEK xodimlari tomonidan nogironlik darajasini belgilashda turli qiyinchiliklarga sabab boʼlayotganligi hamda ularga imtiyozli bepul tibbiy xizmatlar koʼrsatish masalalari bayon etilgan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʼyicha Vakili (Ombudsman) tomonidan bu boradagi murojaatlarni oʼrganib chiqilishi natijasida, bir gruh nogironligi boʼlgan shaxslarga moddiy yordam ajratilishida, imtiyozli tarzda oliy taʼlim muassasasiga oʼqishga qabul qilinishida, jazoni ijro etish muassasida jazo mudatini oʼtayotgan mahkumlarga nogironlar aravachalari ajratib berilishiga koʼmak koʼrsatildi.

Masalan, nogironligi boʼlgan hamda 11-son jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini oʼtayotgan mahkum Q.O.ning va 13-son jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini oʼtayotgan mahkum T.B.ning nogironlar aravachalari yaroqsiz holga kelib qolganligi uchun yangi nogironlar aravachasi bilan taʼminlanishlarida amaliy yordam berildi.

Yoki, Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanidan II-guruh nogironi fuqaro N.X.ning Oliy Majlisning Inson huquqlari boʼyicha Vakili (Ombudsman) nomiga yozgan murojaati Oʼzbekiston Respublikasi Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda oʼrganib chiqildi. Oʼrganib chiqilishi natijasida, fuqaro N.X. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 iyundagi PQ-4359-son qaroriga muvofiq, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti maʼmuriyati tomonidan ish faoliyatiga mos boʼlgan bakalavriat taʼlim yoʼnalishiga oʼqishga qabul qilingan.

Yoki, 14-son jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini oʼtayotgan 2-guruh nogironi mahkum Z.А. “Ombudsman qutisi”ga chap oyogʼi uchun protez ajratilishida amaliy yordam soʼrab murojaat qoldirgan. Uning murojaati Sogʼliqni saqlash va Moliya vazirligining 2016 yil 17 maydagi 53/36-sonli Qoʼshma qarori bilan tasdiqlangan “Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya texnik vositalari va kreslo-aravachalar bilan taʼminlash tartibi toʼgʼrisida”gi Nizom talablariga muvofiq koʼrib chiqilib, unga bir dona hassa, chap boldir protezi va protez uchun poyafzal hamda bir juft qoʼltiq tayoq topshirilgan.

Xulosa qilib aytadigan boʼlsam, yurtimizda bu borada olib borilayotgan islohotlar nogironligi boʼlgan shaxslarnining huquqlarini tartibga solish, ular uchun jamiyat hayotining barcha jabhalarida kamsitilmasdan, jamiyatning boshqa aʼzolari bilan teng ravishda ishtirok etish uchun imkoniyatlar yaratishni nazarda tutuvchi insonning asosiy huquq va erkinliklariga rioya etishga asoslangan.

Jasur ISLOMOV, 
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʼyicha vakili 
(ombudsman) kotibiyati sektor mudiri