Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Inson huquqlarini ta’minlash – davlatlar barqaror rivojlanishining muhim omili
2024-yilning 23-fevral kuni Toshkent shahrida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) institutining 29 yilligi munosabati bilan “Inson huquqlari–davlatlar barqaror rivojlanishining muhim omili” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Mazkur xalqaro tadbir Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi hamda Fridrix Ebert jamg‘armasi hamkorligida tashkil etildi.

Konferensiyada 20ga yaqin xorijiy mamlakatlarning inson huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi vakolatli organlari hamda xalqaro birlashma vakillari, jumladan, Avstraliya, Azarbaydjon, Vengriya, Italiya, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Marokash, Mo‘g‘uliston, Norvegiya, Pokiston, Rossiya, Serbiya, Tayland, Turkiya, Tojikiston va Turkmaniston davlatlari Ombudsmanlari hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar xususan, BMT ixtisoslashgan qo‘mitalari a’zolari, Yevropa Kengashi, YeHXTning demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Venesiya komissiyasi ekspertlari, Xalqaro Ombudsmanlar instituti, Osiyo Ombudsmanlari Assosiatsiyasi, Germaniyaning Maks Plank instituti, UPR info vakillari, qator xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi diplomatik korpus vakillari va yurtimizdagi xorijiy davlatlarning favqulodda va muxtor elchilari ishtirok etishdi. Shuningdek, tadbirda deputat va senatorlar, Bolalar va Biznes ombudsmani, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Bosh prokuratura, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda qator davlat tashkilotlari vakillari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi komissiya a’zolari, fuqarolik jamiyati va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, oliy ta’lim muassasalari hamda OAV qatnashishdi. O‘zbekiston xalqi, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlat, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish mas’uliyatini olgan.

Yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi muqaddimasiga muhrlangan ushbu satrlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar asosini tashkil etadi. Mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash borasidagi tashabbuslar 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida yanada jadallashdi. “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu g‘oyaga asoslangan tub islohotlar “O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasi orqali davom etmoqda.

Qayd etish lozimki, bosh qomusimiz va boshqa qonun hujjatlari asosida mamlakatimizda inson qadrini yuksaltirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar barcha hududlarda birdek ishlashi va ko‘zlangan natijani berishi juda muxim. Ombudsman instituti ushbu jarayonda parlament nazoratining sub’yektlaridan biri sifatida insonlarning huquq va erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya qilinishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda ishtirok etadi. Bir so‘z bilan aytganda, Ombudsman fuqarolar murojaatlari asosida hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalarga hukumat e’tiborini qaratadi. Bu esa mamlakatda qonun ustuvorligi va adolatni ta’minlanishida juda muhim. 

Xalqaro konferensiyada so‘nggi yillarda bevosita fuqarolar murojaatlari bilan ishlovchi Ombudsman faoliyatiga inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning yangi zamonaviy va samarali mexanizmlari tadbiq qilingani, Vakilning murojaatlar bilan ishlash jarayoni to‘liq raqamlashtirilgani, 2022-yildan Obudsmanning mintaqaviy vakillarining doimiy asosda ish boshlashi murojaatlarni joyida tezkorlik bilan xal etilishiga hizmat qilayotgani ta’kidlandi.

O‘tgan davr mobaynida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘ldi.

Ombudsman mahkum va mahbuslar murojaatlarini ham ko‘rib chiqadi va harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga Davlat rahbarining qaroriga muvofiq tashkil etilgan Ombudsman huzuridagi jamoatchilik guruhlari bilan birga monitoring tashriflarini amalga oshiradi. 2019-yilda 46 marotaba, 2020-yilda 71, 2021-yilda 177, 2022-yilda 381 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirilgan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 603 marotabani tashkil etdi. Natijada qiynoqqa solish holatlarining oldini olish bo‘yicha parlament va jamoatchilik nazorati o‘rnatilishiga erishildi. 

Xalqaro konferensiya o‘z ishini sessiyalarga bo‘lingan holda olib bordi. Sessiyalarda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning parlament va fuqarolik jamiyati bilan inson huquqlarini ta’minlashdagi hamkorligi, raqamlashtirish sharoitida inson huquqlari himoyasining dolzarbligi, Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida gender tenglik hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining ta’minlanishi, mehnat munosabatlarining kafolatlari hamda munosib mehnat sharoitlarining yaratilganlik masalalari muhokama qilindi. Turkiya, Serbiya, Vengriya, Mongoliya, Italiya, Ozarbayjon, Rossiya, Tailand, Marokash, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston davlatlari Ombudsmanlarining tajribalari o‘rganildi.

Tadbir doirasida Mo‘g‘uliston hamda Italiya davlati Ombudsmanlari bilan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik memorandumlari imzolandi va tadbir yakunida Toshkent rezolyusiyasi qabul qilindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati

Yangiliklar kategoriyalari