TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Savol-javob
png

Javob:      O‘zbekiston Respublikasining “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonunining 10-moddasiga ko‘ra,  vakil O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining hamda O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning o‘z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzayotgan tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarning harakatlari yoxud harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqadi va u o‘z tekshiruvini o‘tkazish huquqiga ega. Vakil uchinchi shaxslarning, shu jumladan nodavlat notijorat tashkilotlarining muayyan bir kishining yoki bir guruh shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqish uchun, basharti ularning bunga roziligi bo‘lsa, qabul qiladi.

Shuningdek, yuqoridagi Qonunning 11-moddasiga ko‘ra, vakil arz qiluvchiga o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi maʼlum bo‘lib qolgan paytdan eʼtiboran yoki arz qiluvchi, agar u huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning boshqa vositalaridan foydalangan hamda qabul qilingan qarorlardan qanoatlanmagan bo‘lsa, o‘z shikoyati bo‘yicha qabul qilingan oxirgi qarordan xabar topgan paytdan eʼtiboran bir yil davomida berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqadi.

Shikoyat berishning uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan muddati Vakil tomonidan tiklanishi mumkin.

Javob:      O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 28-moddasiga ko‘ra, ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo‘lgan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan eʼtiboran o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa, bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.

Ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish muddatlari tegishli davlat organining, tashkilotning rahbari tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.

Taklif davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan eʼtiboran bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno bo‘lib, bu haqda taklifni kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxsga o‘n kunlik muddatda yozma shaklda xabar qilinadi.

Javob:  O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 29-moddasiga ko‘ra, quyidagi murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi:

anonim murojaatlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar, ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda;

mazkur Qonunda belgilangan boshqa talablarga muvofiq bo‘lmagan murojaatlar.

Murojaatlar ko‘rmay qoldirilganda tegishli xulosa tuziladi, u davlat organining, tashkilotning rahbari yoki ularning vakolat berilgan mansabdor shaxsi tomonidan tasdiqlanadi. Jismoniy va yuridik shaxs vakilining vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi sababli murojaatlar ko‘rmay qoldirilganligi to‘g‘risida murojaat qiluvchi tegishli tartibda xabardor qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Fuqaroligi to‘g‘risida”gi  Qonunining 18–22-moddalariga muvofiq,  O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish: umumiy tartibda; soddalashtirilgan tartibda; alohida tartibda amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishning umumiy tartibi chet davlat fuqarosiga yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga nisbatan quyidagi hollarda amalga oshiriladi, agar u:

  1. a) chet davlat fuqaroligidan chiqishni rasmiylashtirgan bo‘lsa;
  2. b) fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga yashash guvohnomasi olingan kundan eʼtiboran va O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan murojaat qilgan kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida uzluksiz besh yil davomida doimiy yashab kelayotgan bo‘lsa;
  3. v) tirikchilikning qonuniy manbaiga ega bo‘lsa;
  4. g) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga rioya etish majburiyatini o‘z zimmasiga olsa;
  5. d) davlat tilini muloqot qilish uchun zarur darajada bilsa. Davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Ushbu modda birinchi qismining “b” bandida nazarda tutilgan shart O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bilan nikohda bo‘lgan va nikoh tuzilganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi hududida turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda uzluksiz uch yil davomida yashab kelayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bunda, agar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bir yil ichida O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga jami bir yuz sakson uch kundan ortiq bo‘lmagan muddatga chiqqan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi hududida yashalgan muddat uzluksiz deb hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishning soddalashtirilgan tartibi chet davlat fuqarosi bo‘lgan yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hisoblangan vatandoshga nisbatan quyidagi hollarda amalga oshiriladi, agar u:

  1. a) O‘zbekiston Respublikasi hududida yashaydigan va O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan, nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan loaqal bitta o‘zidan oldingi qarindoshga ega bo‘lsa;
  2. b) tirikchilikning qonuniy manbaiga ega bo‘lsa;
  3. v) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga rioya etish majburiyatini o‘z zimmasiga olsa;
  4. g) davlat tilini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda muloqot qilish uchun zarur darajada bilsa.

Ushbu modda birinchi qismining “a” bandida nazarda tutilgan shart ilm-fan va ilmiy faoliyat, texnika, madaniyat hamda sport sohasida katta yutuqlarga ega bo‘lgan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi uchun manfaatli kasbga yoxud malakaga ega bo‘lgan vatandoshga va (yoki) uning oila aʼzolariga nisbatan hisobga olinmasligi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasi materiallarni ko‘rib chiqadi va O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan shaxslarga berish maqsadga muvofiqliligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritadi. Qabul qilingan qaror asosida shaxsga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini berish to‘g‘risida kafolat xati beriladi, agar ushbu shaxs fuqarosi bo‘lgan davlat fuqaroligidan chiqadigan bo‘lsa. Kafolat xatining amal qilish muddati bir yil. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasining qaroriga binoan kafolat xatining amal qilish muddati yana bir yilga uzaytirilishi mumkin. Kafolat xati ichki ishlar organi yoki konsullik muassasasi tomonidan ariza beruvchiga yoki uning qonuniy vakiliga topshiriladi yoxud pochta orqali yuboriladi.

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq ariza beruvchi chet davlat fuqaroligidan chiqqanligi haqida hujjat taqdim etganidan keyin amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti milliy manfaatlardan kelib chiqib, chet davlatlarning fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ushbu Qonunning 19 va 20-moddalari talablari qo‘llanilmagan holda O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini berishi mumkin.

Agar ilgari O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan shaxsning fuqaroligi ushbu Qonun 25-moddasi birinchi qismining “a” va “g” bandlariga muvofiq yo‘qotilgan bo‘lmasa, u O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini tiklash to‘g‘risida iltimosnoma bilan murojaat qilish huquqiga ega. Iltimosnomada O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligining tugatilish sabablari ko‘rsatiladi.

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini tiklash to‘g‘risidagi iltimosnoma bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish ushbu Qonunning 19, 37 va 38-moddalarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini bir martadan ortiq tiklashga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 99-100-moddalariga ko‘ra, agar voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning taʼminoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun — to‘rtdan bir qismi; ikki bola uchun — uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida undiriladi. Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa eʼtiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin.

Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.

Ota-ona voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga taʼminot berishi shartdir.Voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga taʼminot berish ota-onaning kelishuviga binoan amalga oshiriladi. Ota-ona o‘rtasida bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda nizo sud tartibida hal qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 105-moddaasiga ko‘ra, aliment to‘layotgan ota-onaning boshqa voyaga yetmagan bolalari bo‘lib, undan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirilganda o‘sha bolalar aliment olayotgan bolalarga nisbatan moddiy jihatdan kamroq taʼminlanib qoladigan bo‘lsa, shuningdek aliment to‘layotgan ota (ona) nogiron bo‘lib, moddiy jihatdan qiynalib kelayotgan bo‘lsa yoki aliment olayotgan shaxs mustaqil daromadga ega bo‘lgan taqdirda, aliment miqdori sud tomonidan kamaytirilishi mumkin.

Agar voyaga yetmagan bola davlat yoki nodavlat muassasalarining to‘liq taʼminotida bo‘lsa, sud aliment to‘layotgan ota yoki onaning moddiy ahvolini hisobga olib, to‘lanayotgan aliment miqdorini kamaytirish yoki uni aliment to‘lashdan ozod qilish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.

Aliment miqdorini kamaytirish yoki uni to‘lashdan ozod qilish uchun asos bo‘lgan holatlar tugaganda manfaatdor taraf aliment qonunda belgilangan miqdorda undirilishini talab qilib, sudga murojaat etishga haqli.

Javob: O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksining
27-28-moddalariga ko‘ra,  yer uchastkalari davlat yoki jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolar mulkida bo‘lgan uylar (kvartiralar) buzilgan taqdirda, mulkdorlarga ularning tanlovi bo‘yicha va taraflar kelishuviga ko‘ra, uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam bo‘lmagan sahndagi, barcha qulayliklari bo‘lgan, avvalgisiga teng qimmatli boshqa turar joy mulk qilib beriladi hamda dov-daraxtlarning bozor qiymati to‘lanadi yoxud buzilayotgan uy (kvartira), boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning bozor qiymati, shuningdek yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati to‘liq hajmda to‘lanadi. Buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatidan ortiq bo‘lgan taqdirda, bu farq mulkdorga kompensatsiya qilinishi lozim, berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatidan ortiq bo‘lgan taqdirda esa, bu farq uy-joy berilgan yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquq berilgan paytdan eʼtiboran besh yil ichida mulkdor tomonidan kompensatsiya qilinishi lozim.

Yer uchastkalari davlat yoki jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolar mulkida bo‘lgan uylar (kvartiralar) buzilgan taqdirda, mulkdorlarga ularning tanlovi bo‘yicha yakka tartibda uy-joy qurish uchun belgilangan norma doirasida yer uchastkasi beriladi. Bunda yer uchastkasini o‘zlashtirish davriga uch yilgacha muddat bilan ijara shartnomasi asosida vaqtincha uy-joy berilib, buzilayotgan uylarning (kvartiralarning), imoratlarning, inshootlarning va ko‘chirib tashlangan dov-daraxtlarning bozor qiymati, shuningdek olib qo‘yilayotgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati berilayotgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatidan ortiq bo‘lgan taqdirda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning bozor qiymatlari o‘rtasidagi farqlar to‘liq hajmda qoplanadi.

O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksining 100-102-moddalariga ko‘ra nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini ham, muddati tugagunga qadar muddatli mehnat shartnomasini ham ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish asosli bo‘lishi shart.

Quyidagi sabablardan birining mavjudligi mehnat shartnomasini bekor qilishning asosli ekanligini bildiradi:

1) texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi;

2) xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi yoki sog‘lig‘i holatiga ko‘ra bajarayotgan ishiga noloyiq bo‘lib qolishi;

3) xodimning o‘z mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzganligi. Avval mehnat vazifalarini buzganligi uchun xodim intizomiy yoki moddiy javobgarlikka tortilgan yoxud unga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan taʼsir choralari qo‘llanilgan kundan eʼtiboran bir yil mobaynida xodim tomonidan takroran intizomga xilof nojo‘ya harakat sodir qilinishi mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzish hisoblanadi;

4) xodimning o‘z mehnat vazifalarini bir marta qo‘pol ravishda buzganligi.

Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga olib kelishi mumkin bo‘lgan mehnat vazifalarini bir marta qo‘pol ravishda buzishlarning ro‘yxati:

ichki mehnat tartibi qoidalari;

korxona mulkdori bilan korxona rahbari o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi;

ayrim toifadagi xodimlarga nisbatan qo‘llaniladigan intizom haqidagi nizom va ustavlar bilan belgilanadi.

Xodimning o‘z mehnat vazifalarini buzishi qo‘pol tusga egaligi yoki ega emasligi har bir muayyan holda sodir qilingan nojo‘ya harakatning og‘ir-yengilligiga hamda bunday buzish tufayli kelib chiqqan yoki kelib chiqishi mumkin bo‘lgan oqibatlarga qarab hal etiladi;

5) o‘rindoshlik asosida ishlamaydigan boshqa xodimning ishga qabul qilinishi munosabati bilan, shuningdek mehnat shartlariga ko‘ra o‘rindoshlik ishi cheklanishi sababli o‘rindoshlar bilan mehnat shartnomasining bekor qilinganligi;

6) korxona rahbari, uning o‘rinbosarlari, bosh buxgalter bilan, korxonada bosh buxgalter lavozimi bo‘lmagan taqdirda esa, bosh buxgalter vazifasini amalga oshiruvchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mulkdorning almashishi sababli bekor qilinganligi. Mazkur asos bo‘yicha mehnat shartnomasini korxona mulk qilib olingan kundan boshlab uch oy mobaynida bekor qilishga yo‘l qo‘yiladi. Xodimning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri, mehnat to‘g‘risidagi qonunlar hamda boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan taʼtillarda bo‘lgan vaqti, uzrli sabablarga ko‘ra ishda bo‘lmagan boshqa davrlari bu muddatga kiritilmaydi;

7) xodimning pensiya yoshiga to‘lganligi, qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi mavjud bo‘lganda.

Xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida va mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan taʼtillarda bo‘lgan davrida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, korxona butunlay tugatilgan hollar bundan mustasno.

Basharti jamoa kelishuvi yoki jamoa shartnomasida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish uchun kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlar boshqa vakillik organining oldindan roziligini olish nazarda tutilgan bo‘lsa, shartnomani bunday rozilikni olmay turib bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Mehnat shartnomasi: korxona tugatilishi munosabati bilan; korxona rahbari bilan tuzilgan shartnomani ushbu Kodeks 100-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan asoslardan biriga ko‘ra; ushbu Kodeks 100-moddasi ikkinchi qismining 6-bandiga ko‘ra ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilingan taqdirda kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlar boshqa vakillik organining roziligini olish talab etilmaydi.

Ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilish niyati haqida xodimni quyidagi muddatlarda yozma ravishda (imzo chektirib) ogohlantirishi shart:

1) mehnat shartnomasi texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan (100-modda ikkinchi qismining 1-bandi), shuningdek xodimning pensiya yoshiga to‘lganligi munosabati bilan, qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi mavjud bo‘lgan taqdirda (100-modda ikkinchi qismining 7-bandi) bekor qilinganda kamida ikki oy oldin;

2) mehnat shartnomasi xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi yoki sog‘lig‘i holatiga ko‘ra bajarayotgan ishiga noloyiq bo‘lib qolishi munosabati bilan bekor qilinganda (100-modda ikkinchi qismining 2-bandi) kamida ikki

Javob: Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan
14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi 44-son qarori bilan tasdiqlangan “Kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan amalga oshiraladi.

Javob: Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, nogironlikni va kasbiy mehnatga layoqat yo‘qotilishi darajasini aniqlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 1 iyuldagi 195-son “Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibini yana-da takomillashtirishga, nogironlikni va kasbiy mehnatga layoqat yo‘qotilishi darajasini aniqlashga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarori bilan tartibga solinadi.

Javob: O‘zbekiston Respublikasining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonunining 36-moddasiga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy yordamning quyidagi turlari ko‘rsatiladi:

pul to‘lovlari (pensiyalar, nafaqalar, bir yo‘la beriladigan to‘lovlar);

reabilitatsiya qilishning texnik vositalari, surdotexnika, tiflotexnika vositalari yoki boshqa vositalar, shu jumladan o‘rindiqli aravachalar, protez-ortopediya moslamalari, maxsus harfli matbaa nashrlari, ovoz kuchaytiruvchi apparatlar va signalizatorlar, subtitrli yoki surdotarjimali videomateriallar, shuningdek avtomobillar bilan taʼminlash;

tibbiy, ijtimoiy, kasbiy, jismoniy reabilitatsiya qilish bo‘yicha xizmatlar va maishiy xizmatlar;

transport xizmatlari;

dori vositalari bilan taʼminlash.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy yordam mahalliy davlat hokimiyati organlari, sog‘liqni saqlash, xalq taʼlimi organlari, boshqa davlat organlari tomonidan tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining xulosalari asosida ko‘rsatiladi. Nogironligi bo‘lgan, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish qobiliyatini qisman yoki to‘liq yo‘qotgan va o‘zgalarning doimiy parvarishiga muhtoj bo‘lgan shaxslarga ularning uyida hamda vakolatli davlat organlarining ixtisoslashtirilgan statsionar muassasalarida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xizmatlar ko‘rsatiladi. Bu muassasalarda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bilan bir qatorda hayot faoliyati uchun tegishli shart-sharoitlar taʼminlanadi, tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi, shuningdek mehnat faoliyati va dam olish tashkil etiladi.

Ish beruvchining aybi bilan mehnatda mayib bo‘lgan yoki kasb kasalligiga chalingan nogironligi bo‘lgan shaxslar tibbiy ko‘rsatmalarga binoan ish beruvchining (tashkilotning tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar) mablag‘lari hisobidan reabilitatsiya qilishning texnik va maxsus transport vositalari bilan taʼminlanadi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari nogironligi bo‘lgan shaxslarga mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ijtimoiy kafolatlar belgilash huquqiga ega. Nogironligi bo‘lgan shaxslar sanatoriy-kurortda bepul sog‘lomlashtirish, shuningdek dori vositalari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarish qilish uchun mo‘ljallangan tibbiy buyumlar va nogironligi bo‘lgan bolalar uchun maxsus shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi
PF–5439-son Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida afv etishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, afv etish mahkumni jazodan to‘liq yoki qisman ozod etadigan yoki sud tomonidan tayinlangan jazoni boshqa yengilroq jazo bilan almashtiradigan yoxud sudlanganlikni olib tashlaydigan insonparvarlik akti hisoblanadi.

Afv etish muayyan mahkumga nisbatan individual tartibda amalga oshiriladi hamda uni oqlaydigan va u tomonidan jinoyat sodir etganlik faktini bartaraf qiladigan holat hisoblanmaydi. Afv etish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonini qabul qilish orqali amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z ixtiyoriga ko‘ra istalgan mahkumni yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsni afv etishi mumkin. Afv etish O‘zbekiston Respublikasi sudlari tomonidan hukm qilingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga, chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.

Afv etish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:

asosiy va ijro etilmagan qo‘shimcha jazodan to‘liq yoki qisman ozod qilish;

jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish;

umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini yoki jazoning o‘talmagan qismini yengilroq jazo bilan almashtirish;

sudlanganlikni olib tashlash.

 

image Savolingizga javob topmadingizmi?
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) rasmiy saytining elektron shakldagi arizalarni qabul qilish uchun mo'ljallangan internet qabulxonasi