Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman YeXHT DIIHBning O‘zbekistondagi referendumni kuzatish bo‘yicha missiyasi rahbari bilan uchrashdi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova YeXHT DIIHBning O‘zbekistondagi referendumni kuzatish bo‘yicha missiyasi rahbari, elchi Albert Yonsson bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida Ombudsman institutining asosiy faoliyat yo‘nalishlari hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularda yurtdoshlarimizning ishtirokiga to‘xtalindi. Ushbu jarayonlarda Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsman ham faol ishtirok etib o‘z takliflarini bergani va ularning aksariyati inobatga olingani qayd etildi. Xususan, Yangilanayotgan Konstitutsiyaning 98 moddasi bilan Ombudsman institutiga takliflarni qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli ekani belgilab qo‘yilganligi alohida taʼkidlandi.

Taʼkidlanishicha, hozirda nogironligi bo‘lgan shaxslarga ovoz berishlari uchun zarur qo‘shimcha sharoitlarni yaratish bo‘yicha Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari tomonidan fuqarolik jamiyati vakillari bilan hamkorlikda monitoringlar o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, uchrashuvda harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan va referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarning ovoz berish huquqining taʼminlanishi yuzasidan ham Ombudsman boshchiligida monitoring tashriflari amalga oshirilmoqda.

O‘zaro suhbat davomida fuqarolar murojaatlari bilan ishlash va ularda ko‘tarilgan masalalar, inson huquqlarini taʼminlash borasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash xususida fikr almashildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati