Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanlar tajribasi: inson huquqlari va erkinliklarining ishonchli himoyasi borasida o‘zaro hamkorlik
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) instituti 1995 yilning fevral oyida MDH davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonda joriy etilgan. Kuni kecha Ombudsman instituti 28 yilligini 20 dan ortiq xorijiy mamlakatlarning inson huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi vakolatli organlari va Ombudsmanlari bilan birgalikda Samarqand shahrida nishonladi.

Portugaliya, Serbiya, Vengriya, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Tailand, Marokash qirolligi, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston davlatlari Ombudsmanlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar, senator va deputatlar, davlat tashkilotlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida tashkil etilgan xalqaro konferensiyada xotin-qizlar va yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar huquqlarini himoya qilishning dolzarb jihatlari hamda Ombudsmanning davlat idoralari hamda fuqarolik jamiyati vakillari bilan o‘zaro hamkorligi masalalari muhokama etildi.

Hozirda dunyoda 180 dan ortiq mamlakatlarda Ombudsman lavozimlarining joriy etilgani, bu institutning insonlar, jamiyat va davlat hayotida tutgan o‘rni salmoqli ekanligini ko‘rsatadi. Ombudsmanlar bir maqsad –  inson huquqlarini taʼminlash yo‘lida birlashgan bo‘lsa ham, ularni amalga oshirish bo‘yicha tanlagan yo‘li, mexanizmlari, taʼsir choralari, vakolatlari bir biridan farq qiladi. Dunyoda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, jamiyatdagi mavjud muammolar va boshqa jihatlardan kelib chiqib, Ombudsmanlarning bir joyda jamlanishi va o‘zaro tajriba almashishi inson huquqlarini taʼminlanishida juda muhim ahamiyatga ega. 

Xalqaro konferensiyada Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova mamlakatimizda “Inson qadri” tamoyiliga asosan olib borilayotgan islohotlarga to‘xtalar ekan, shunga mos ravishda Ombudsman instituti faoliyati ham takomillashib borayotganini qayd etdi.

- 2021 yilda Davlat rahbarining tegishli hujjatlari bilan Ombudsman zimmasiga qiynoqlarni oldini olish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash va qonunchilikni takomillashtirish va boshqa yo‘nalishlarda vazifalar yuklatildi. Qolaversa, 2022 yildan Ombudsmanning hududlarda doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakillari ish boshladi. Bu esa fuqarolar himoyasini tezlik bilan taʼminlash, ularning markazga kelish vaqtlari va xarajatlarini tejash, murojaatlarni tezlik bilan joyiga chiqib o‘rganish, monitoring tashriflari qamrovini kengaytirish imkonini berdi, – dedi O‘zbekiston Parlamenti Ombudsmani.  

Konferensiyada ishtirok etgan xorijiy mamlakatlarning inson huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi vakolatli organ rahbarlari O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish borasida erishilayotgan ijobiy natijalarni alohida eʼtirof etib, bu boradagi tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi.

Turkiya Bosh Ombudsmani Sherif Malkoch o‘z maʼruzasida Turkiyada sodir bo‘lgan “Asr falokati” deya tariflanayotgan tabiiy ofatlarni ilk daqiqalaridanoq Turkiya bilan birga bo‘lgan, har tomonlama gumanitar va amaliy yordam ko‘rsatgan O‘zbekiston hukumatiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Xotin-qizlar va yoshlar huquqlari himoyasiga bag‘ishlangan sessiyada ishtirok etgan Turkiya Bosh Ombudsmani oilani himoya qilish va ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni oldini olish borasidagi tajribasiga ham to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya “nol toqat” tamoyili asosida ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashishni boshlagan. Psixoijtimoiy yordam va yo‘l-yo‘riq xizmatlari uchun zo‘ravonlikning oldini olish va monitoring qilish markazlari tashkil etilgan. Tezkor xabarlar olish uchun “Ayollarni qo‘llab-quvvatlash tizimi” mobil ilovasi ishga tushirilgan.

Serbiya Respublikasi fuqarolar himoyachisi Zoran Pashalich ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish uchun ularning ijtimoiy va iqtisodiy mustaqilligini taʼminlash kerakligini qayd etdi. Serbiyada ayolni jamiyatda zo‘ravon bilan qolishga majbur qiladigan iqtisodiy sabablarni bartaraf etish maqsadida ularni ishga joylashishda alohida maqomga ega ekanligi belgilangan. Bugun O‘zbekiston Ombudsmani bilan imzolagan hamkorlik memorandumi doirasida bu boradagi hamkorligimiz yana-da mustahkamlanadi degan umiddaman, – dedi Serbiya Ombudsmani.

– Avvalo bugungi konferensiyaga taklif etishgani uchun o‘zbekistonlik do‘stlarimizga minnatdorlik bildiraman, – deydi Ozarbayjon Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Sabina Aliyeva. – Inson huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha bugun muhokama etilayotgan masalalar barchamiz uchun eng dolzarb masalalar hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston bilan o‘zaro tajriba almashgan holda faoliyat olib boryapmiz. Bu aloqalarimiz o‘tgan yildan boshlab Turkiy tilli davlatlar inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari va ombudsmanlari Assotsiatsiyasi doirasida ham amalga oshirilmoqda. 

Vengriya Respublikasi asosiy huquqlar komissari (ombudsman) Akos Kozma nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat huquqlarini taʼminlash, ularni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha Ombudsman taklifi bilan qonunchilikka kiritilan o‘zgarishlar haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, konferensiya doirasida O‘zbekiston va Vengriya Ombudsmanlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangani aloqalarni yana-da mustahkamlanishiga xizmat qilishi Vengriya Ombudsmani tomonidan alohida taʼkidlab o‘tildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida olib borayotgan islohotlar va erishilayotgan natijalar Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari uchun namuna bo‘layotganligi konferensiyada ishtirok etgan Qozog‘iston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha Vakil o‘rinbosari-Inson huquqlari bo‘yicha markaz direktori Amir Umarov tomonidan taʼkidlandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda nogiron mahbuslar uchun elektron xizmatlar joriy etilgan.

Kirg‘iziston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha Vakil (ombudsman) o‘rinbosari Albert Kolopov O‘zbekiston Ombudsmani bilan fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishdagi hamkorliklari Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining I-Forumida imzolangan ikki tomonlama memorandum doirasida mustahkamlanganini qayd etdi. Ayniqsa, Qirg‘iziston Respublikasida aybdor deb topilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosiga O‘zbekiston tashabbusi bilan huquqiy yordam ko‘rsatilganligi konferensiya ishtirokchilari tomonidan ham eʼtirof etildi.

Marokash Qirolligi Ombudsmani Moxamed Benalilu autizm kasalligi bilan chalingan nogironligi bo‘lgan bolalarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Ushbu masalaga davlat siyosati darajasida qaralishi, har bir autistik shaxsga kafolatlangan ijtimoiy integratsiya huquqini taʼminlash va parvarish qilish jarayoniga oid barcha masalalar qattiq nazoratga olinishi kerakligini maʼlum qildi. Bu borada Ombudsman instituti o‘z vakolati doirasida ushbu toifadagi fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan qonun va dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha kompleks siyosatni ishlab chiqish borasida ishlayotgani qayd etildi.

Shuningdek, konferensiyada Portugaliya, Rossiya, Tailand, Tojikiston, Qirg‘iziston davlatlari Ombudsmanlari ham o‘z tajribali bilan bo‘lishishdi.

Inson huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama etilgan muhokama maydonida nufuzli xalqaro tashkilot vakillari, jumladan, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori v.B. Xans-Ulrix Im, AQSH IRI Xalqaro Respublika Instituti Yevroosiyo bo‘limi Bosh direktori Stefan Niks, BMT TDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘linmasi rahbari Fabio Piano, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasining Markaziy Osiyo mintaqasidagi vakili Ashita Mittal hamda Xalqaro qamoqxonalar islohotining (Penal Reform International) ijrochi direktori Oliviya Rouplar ham ishtirok etishdi. Xalqaro ekspertlar Ombudsman institutining jamiyat hayotida g‘oyat muhim ahamiyatga ega ekanligiga to‘xtalar ekan, mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash borasida amalga oshirilgan islohotlarni eʼtirof etishdi va doim hamkorlikda ishlashga tayyor ekanliklarini maʼlum qilishdi.

Xalqaro konferensiya yakunlariga ko‘ra, Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati