Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ozodlikni cheklash joylarida o‘tkaziladigan monitoringlarda zo‘ravonlik masalalari bilan ishlash bo‘yicha xalqaro tajriba o‘rganildi
Joriy yilning 1-3 mart kunlari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda harakatlanish erkinligi cheklangan muassasalarga o‘tkaziladigan monitoringlarda zo‘ravonlik holatlari va ularni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi.

Seminarda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) xodimlari, Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari hamda Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari aʼzolari ishtirok etishdi.

Tadbirda qayd etilishicha, mamlakatimizda fuqarolar huquqi, erkinligi kafolatini yana-da kuchaytirish, jumladan, inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida keng ko‘lamli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, 2019 yildan Ombudsman huzurida qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm joriy etildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili boshchiligida uning hududlardagi mintaqaviy vakillari hamda Ombudsman huzuridagi jamoatchilik guruhlari aʼzolari va OAV ishtirokida muntazam ravishda penitensiar muassasalarga monitoring tashriflari o‘tkazib kelinmoqda. Monitoringlarda muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash sharoitlari, oziq-ovqat bilan taʼminlanishi, kerakli tibbiy xizmat ko‘rsatilishi, ruxiy yoki jismoniy bosimlarning mavjud va mavjud emasligi o‘rganilmokda.

Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, Ombudsman tomonidan 2019 yilda 46 marotaba, 2020 yilda 71 marotaba, 2021 yilda 177 marotaba, 2022 yilda 381 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi. Natijada harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda inson huquqlarini taʼminlash bo‘yicha Parlament va jamoatchilik nazorati o‘rnatilishiga erishildi.

Ombudsman F.Eshmatovaning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yilda Ombudsman nomiga harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilari tomonidan jami 3235 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 52,5 foizi bevosita mahkum va mahbuslar tomonidan yuborilgan. Bu esa yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning Ombudsmanga erkin murojaat qila olish imkoniyati yaratilganligini ko‘rsatadi.

Seminarga trener sifatida jalb etilgan YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi eksperti Paulin Makkeyb, tanlangan mavzuning g‘oyat dolzarb ekanligiga to‘xtalar ekan, bu muammo dunyo miqyosidagi hal etilishi lozim bo‘lgan masalalardan ekanligini bildirdi.

- Shimoliy Irlandiyadagi mahbuslar Ombudsmani sifatida 5 yillik tajribaga egaman. Aytishim lozimki, penitensiar muassasalardagi shaxslar ularga zo‘ravonlik qilingani bo‘yicha ko‘pincha sukut saqlashadi. Shuning uchun ham bu illat juda ko‘p davlatlar tajribasida kuzatiladi. O‘zbekiston Ombudsmani tomonidan ayni mavzuga alohida eʼtibor qaratilgani juda quvonarli. Mamlakatingizdagi islohotlar ijobiy natijalarni ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, seminar davomida berilgan xalqaro tajriba va ko‘nikmalar ishtirokchilar uchun foydali bo‘ldi

“Ozodlikni cheklash joylarida o‘tkaziladigan monitoringlarda zo‘ravonlik masalalari” mavzusida tashkil etilgan seminar treningda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va huquqni qo‘llash amaliyotida gender masalalari, qamoqqa olish joylarida jinsiy va genderga asoslangan zo‘ravonlik sodir bo‘lish xavfini aniqlash va bu boradagi xorijiy tajriba hamda xalqaro standartlar, mahkum va mahbuslar bilan muloqot ko‘nikmalari va boshqa mavzularda muhokamalar o‘tkazildi.

O‘zaro savol-javob va qiziqarli interaktiv o‘yinlar orqali tashkil etilgan 3 kunlik seminar yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati