Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Maldiv Respublikasi delegatsiyasi O‘zbekistonning “Mehr” operatsiyalari bo‘yicha tajribasini o‘rganish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurdi
2022 yilning 10 oktyabr kuni Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar Ombudsmani)ni Aliya Yunusova Maldiv Respublikasi Ichki ishlar vaziri Shayx Imron Abdulla boshchiligidagi delegatsiyasi aʼzolari bilan uchrashdi.

Delegatsiya aʼzolari tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsad nizoli hududlardan o‘z fuqarolarini repatriatsiya va reabilitatsiya qilish, ayollar va bolalarni jamiyat hayotiga integratsiyalashtirish hamda moslashtirish borasidagi O‘zbekiston tajribasini o‘rganishdir.

Uchrashuvda qayd etilishicha, 2019 yilda O‘zbekiston hukumati birinchilardan bo‘lib Iroq va Suriyadagi qurolli to‘qnashuvlar va jangovar harakatlar natijasida jabr ko‘rgan o‘z fuqarolarini, asosan, ayollar va bolalarni vataniga qaytarishni amalga oshirdi. Shu yildan boshlab Iroq, Suriya va Afg‘onistondagi qurolli to‘qnashuvlar va jangovar harakatlar natijasida jabr ko‘rgan bolalarni qaytarish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

2019-2021 yillarda Suriya, Iroq va Afg‘oniston mamlakatlari hududidan O‘zbekiston fuqarolarini olib chiqish bo‘yicha beshta maxsus operatsiya amalga oshirildi. Natijada O‘zbekistonga “qaynoq nuqta”lardan jami 531 nafar fuqaro olib kelingan. Shundan 24 nafarini – erkaklar, 121 nafarini – xotin-qizlar, 379 nafarini – bolalar va 7 nafarini xorijiy fuqarolar tashkil etadi. 

Bu amaliyot dunyoning boshqa davlatlarida ham joriy etilgan. Xorijiy jangari-terroristlar bilan aloqador hamda terrorizm qurbonlari bo‘lishi mumkin bo‘lgan ayollar va bolalarga yordam ko‘rsatish muhimligi BMT Xavfsizlik kengashining 2396-rezolyutsiyasi bilan tasdiqlangan.

BMT vakolatli ekspertlari fikriga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z fuqarolarini birinchi navbatda, ayollar va bolalarni harbiy mojarolar zonalaridan qaytarish bilan shug‘ullanadigan dunyodagi kam sonli davlatlardan biridir. “Shu bilan birga, Toshkent har bir BMTga aʼzo davlat o‘z fuqarolarining taqdiri uchun qayerda bo‘lishidan qatʼiy nazar, javobgar ekanligini amalda namoyish etadi. Respublika tajribasi ko‘plab boshqa mamlakatlar uchun yaxshi o‘rnak namunasidir”, deyiladi BMT vakillari bayonotida.

2022 yil 15 mart kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 49-sessiyasi doirasida Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha maxsus maʼruzachi Fionnuala ni Aolaynning mamlakatimizga 28 noyabr – 7 dekabr kunlari amalga oshirgan tashrifi yakunlariga bag‘ishlangan maʼruzasi tinglandi. BMT Maxsus maʼruzachisi O‘zbekistonning “Mehr” operatsiyasi doirasida fuqarolarni mamlakatga qaytarish, reabilitatsiya va reintegratsiya qilish borasidagi saʼy-harakatlarini yuksak baholadi. 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati