Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Navoiy viloyatidagi mahkumlar  mehnat taʼtiliga chiqish huquqlaridan to‘liq foydalanishmagan
Joriy yilning 26 may kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Kotibiyatining Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish sektori mudiri Temurbek Hayitov va Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Baxodir Sobirovlar  Parlament yuqori palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan tuzilgan ishchi guruh tarkibida, Navoiy viloyatida joylashgan 4, 5 va 11-son jazoni ijro etish muassasalarida bo‘lib, mahkumlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganishdi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, Navoiy viloyatida 5 ta jazoni ijro etish muassasasi mavjud bo‘lib, ulardan 2 tasi umumiy tartibli, 2 tasi qattiq tartibli va1 tasi manzil-koloniyani tashkil etadi.

2020 yil va 2021 yilning birinchi choragi davomida Navoiy viloyatidagi jazoni ijro etish koloniyalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar tomonidan jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan.

Maʼlum bo‘lishicha, ijobiy tavsiflangan 519 nafar mahkumga nisbatan insonparvarlik dalolatnomalari qo‘llanilib, ulardan 83 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan, 123 nafari jazoni yengilrog‘i bilan almashtirilgan hamda 313 nafari manzil-koloniyaga o‘tkazilgan.

Maxsus prokuratura tomonidan koloniya boshliqlarining mahkumlarga nisbatan qo‘llanilgan intizomiy jazo choralari qo‘llash haqidagi hamda insonparvarlik dalalatnomalarini qo‘llash bo‘yicha koloniya maʼmuriy komissiyalarining qarorlari muntazam ravishda o‘rganilgan. Natijada 2020 yilda koloniya boshliqlarining 18 ta, maʼmuriy komissiyalarning 36 ta, 2021 yilning birinchi choragida koloniya boshliqlarining 27 ta qonunga zid qarorlariga protestlar kiritilib, jami 81 nafar mahkumlarning huquqlari tiklangan.

Taʼkidlash joizki, o‘rganish davomida mahkumlar uchun malakali va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatib kelinayotganligi aniqlandi.

Monitoring tadbirlarida ushbu muassasalar tibbiy asbob-uskunalar, zarur texnik jihoz va vositalar bilan taʼminlanganligi aniqlandi va bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar inson huquqlarini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarga munosib ekanligi bildirildi.

Biroq, mahkumlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining taʼminlanishida hamda mahkumlar tomonidan huquqbuzarlik sodir etilishini oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlarga qaramasdan ayrim muammo va kamchiliklar saqlanib qolgan. Xususan, manzil-koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar  mehnat taʼtiliga chiqish huquqlaridan to‘liq foydalanilmagan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati