TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Inson huquq va erkinliklarini taʼminlash – O‘zbekistondagi islohotlarning poydevori
Joriy yilning 16 aprel kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi va I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali bilan hamkorlikda talabalari uchun “Inson huquq va erkinliklarini taʼminlash – O‘zbekistondagi islohotlarning poydevori” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi direktori, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Ombudsman Kotibiyati mutaxassislari, NNT vakillari, professor-o‘qituvchilar, talabalar va OAV ishtirok etishdi.

Tadbirda Davlat rahbarining “Inson manfaati har narsadan ulug‘” degan ezgu g‘oyalari asosida Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda inson huquqlarini kafolatlash borasida amalga oshirilgan islohotlar, Ombudsman vakolatlarining kengayishi va murojaatlar bilan ishlash mexanizmlari, jumladan, qiynoqlarga qarshi kurashish borasidagi islohotlar haqida so‘z bordi.

So‘ngi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tashabbusi bilan xalqimiz farovonligi yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Bu islohotlar natijasida milliy davlatchiligimiz poydevori mustahkamlanib, har bir fuqaro va oila farovonligi, qonun ustuvorligi, inson huquq va erkinliklari hamda manfaatlari taʼminlandi.

Bugungi kunda mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilish davlat va jamiyat faoliyatining ustuvor mezoni etib belgilangan. Fuqarolarga davlat idoralariga murojaat qilish borasida katta qulayliklar yaratilgan. Prezidentning Xalq qabulxonalari ishga tushdi, har bir tashkilot fuqarolarni qabul qilish va ularga quloq solishni o‘rgandi.

Davra suhbatida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi direktori Akmal Saidov O‘zbekistonning inson uquqlarini taʼminlash borasidagi siyosati xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilayotgani, shuningdek O‘zbekistonning BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga aʼzo bo‘lgani ham tarixiy voqea sifatida baholanishini qayd etdi.

Shuningdek tadbirda mamlakatimizda bolalar mehnati to‘liq bartaraf etilib, Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil faoliyati yo‘lga qo‘yilgani va uning ahamiyati haqida so‘z bordi.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova so‘nggi yillarda insonning huquq va erkinliklarini har tamonlama taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida o‘tgan yili qabul qilingan 70 dan ortiq qonunlarda ham inson huquqlari ustuvorlik qilishi qayd etildi.

Taʼkidlanishicha, O‘zbekiston fuqarolari qayerda bo‘lmasin, ularning konstitutsiyaviy huquqlari ishonchli himoya qilish maqsadida “Mehr-3” operatsiyasi doirasida Suriyadan 98 nafar fuqaro, asosan ayollar va bolalar Vatanimizga olib kelingan.

2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonlari bilan 512 nafar fuqaro afv etilgan. Ularning 316 nafari jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan, 196 nafarining jazo muddati qisqartirilgan. Ular tomonidan bilib-bilmay qilingan xatolari kechirilib, sog‘lom hayotga qaytish imkoniyati yaratilgan.

Ombudsman o‘z so‘zida Harakatlar strategiyasi qabul qilinganidan buyon, yilma-yil inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha juda katta yutuqlarga erishilganiga urg‘u berdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm doirasida odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga bundan buyon ham mutlaqo yo‘l qo‘yilmasligini taʼkidlaganliklari, mazkur vazifa Davlat rahbarining Parlamentga yo‘llagan murojaatnomasida hamda 2021 yilgi “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida ham aks etganiga eʼtibor qaratdi.

Ombudsman faoliyatining huquqiy asoslari mustahkamlanib, Vakil vakolatlari kengaytirildi, Ombudsman huzurida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm yo‘lga qo‘yilib, bu orqali jazoni ijro etish muassasalarida, tergov hibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarda inson huquqlarining taʼminlanishi bo‘yicha jamoatchilik nazorati o‘rnatildi.

Qayd etish lozimki, Milliy preventiv mexanizm nafaqat qiynoqlarga qarshi kurashish samaradorligining kafolati, balki xalqaro maydonda mamlakatimiz nufuzining yuksalishiga ham xizmat qiluvchi omildir.

Ombudsman so‘zlariga ko‘ra, Joriy yilning birinchi choragi davomida Milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat ko‘rsatuvchi jamoatchilik vakillaridan iborat ekspertlar guruhi tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 25 ga yaqin monitoring tashrifi amalga oshirildi. O‘rganishlar davomida ming nafardan ortiq mahkum bilan jamoaviy uchrashuvlar hamda 217 nafar mahkum bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilgan. Alohida qayd etish joizki, ushbu davr mobaynida Ombudsman nomiga mahkum va mahbuslar va ularning yaqin oila aʼzolari tomonidan 57 ta shikoyat kelib tushgan. Albatta, ushbu murojaat egalari bilan monitoring tashriflari davomida uchrashishib, muammosi qay darajada hal etilgani ham o‘rganiladi.

Davra suhbati savol-javoblarga boy tarzda, erkin muloqot shaklida o‘tkazildi. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili talabalar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob berdi. Ushbu tadbir orqali ishtirokchilar Ombudsmanning vakolatlari va unga kelib tushayotgan murojaatlar, inson huquqlarining kafolatlanishi borasidagi xalqaro va milliy tajriba haqida ko‘plab maʼlumotlarga ega bo‘lishdi va yana shu kabi uchrashuvlarni doimiy ravishda o‘tkazish taklifini bildirishdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati