Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Turmada qiynoqlar” nomli video murojaatga munosabat bildirdi
2024 yil 21 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Buxoro viloyati Otbozor turmasida mahbuslarga nisbatan qiynoqlar amal qiladi” mazmunida videomurojaat eʼlon qilindi. Unda turmada mahkumlarning sochlari taqir kalga olinishi, ularga tefal va nos kiritilmasligi, ko‘nikma markazlari va tintuvga oid noroziliklar bildirilgan.

O‘rganish jarayonida video xabarda Buxoro shahridagi 4-son Tergov hibsxonasi (TH) haqida so‘z borgani aniqlandi. Murojaat zudlik bilan Ombudsman nazoratiga olinib, uning viloyatdagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga borib o‘rganildi.

Monitoring davomida, hibsxonada saqlanayotgan mahbuslar bilan uchrashilib, xabarda keltirilgan holatlar yuzasidan so‘ralganda, ular qaynatilgan suv so‘ralgan zahotiyoq berilayotganligi, sochlari esa faqat mashinkada yengillashtirilgan holda olinishi, har hafta yuvinishga yetarli vaqt berilayotganligi, posilka va banderollar hamda yo‘qlovlar orqali tamaki mahsulotlari olayotganliklarini bildirishdi.

Mahbuslar bilan suhbat davomida Ombudsman mintaqaviy vakiliga qiynoq holati bo‘yicha murojaatlar kelib tushmadi.

“Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi Qonunning 26-moddasiga ko‘ra, ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga qonunchilikda belgilangan sanitariya, gigiyena hamda yong‘in xavfsizligi talablariga javob beradigan maishiy sharoitlar yaratiladi.

THda xavfsizlik nuqtai nazaridan tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar uchun yaqin qarindoshlari tomonidan elektron choynak berilishi taqiqlangan. Monitoringda hibsxona maʼmuriyati tomonidan THda saqlanayotgan shaxslarni doimiy ravishda qaynatilgan suv va issiq choy bilan taʼminlash maqsadida suv qaynatkich o‘rnatilgani aniqlandi.

Qayd etish lozimki, “nos” tamaki mahsuloti rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilmaganligi, mahsulot nimadan iboratligi nomaʼlum bo‘lganligi sababli, “nos” tamaki mahsulotlari tergov hibsxonada saqlanayotgan shaxslarga berilishiga hibsxona rahbariyati tomonidan cheklov qo‘yilgani aniqlandi.

Maʼlumot uchun: THda saqlanayotgan shaxslarni shaxsiy tintuvdan o‘tkazish IIVning 2012 yil 29 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi IIV tergov hibsxonalari ichki tartib qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘ining 36-bandiga muvofiq amalga oshiriladi.

Tergov hibsxonasiga olib kelingan shaxslarni 10 kun davomida ko‘nikma markaziga joylashtirish holatiga aniqlik kiritish bo‘yicha Ichki ishlar vazirligiga Ombudsman nazorat xati kiritildi.

Taʼkidlash joiz, Ombudsman mintaqaviy vakili 2024 yilning yanvar va fevral oylarida ushbu hibsxonaga jami 5 marotaba monitoring tashrifini amalga oshirgan va “Ombudsman quti”laridagi murojaatlarni qabul qilgan.

2023 yil yakunlariga ko‘ra, Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 603 marotaba monitoring tashrifi amalga oshirilgan.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati