Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
2024 yilning Ombudsman boshchiligidagi ilk monitoringi Navoiyda o‘tkazildi  
2024 yil 5 yanvar kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda uning huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha Jamoatchilik guruhlari aʼzolari Navoiy shahrida joylashgan 11-son jazoni ijro etish koloniyasiga monitoring tashrifini amalga oshirishdi.

Jamoatchilik guruhlari aʼzolari tarkibida nodavlat notijorat tashkilotlari, jumladan, “Yuksalish” harakati va «Huquqiy tayanch» NNT raislari ishtirok etib, muassasadagi sharoitlar bilan tanishishdi.

Tashrif davomida, mahkumlar bilan suhbatlashildi, koloniyaning yotoq joylari, oshxona, kutubxona, davolash bo‘limi, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish hududidagi sharoitlar o‘rganildi.

Mahkumlarning yotoq joylari ko‘zdan kechirilganda, ushbu koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkum Dauletmurat Tajimuratov bilan ham uchrashildi. Suhbat davomida D.Tajimuratov koloniyadagi oziq-ovqat taʼminotining yaxshiligini, qiynoq yoki tazyiq o‘tkazish holatlari mavjud emasligi, davolash-profilaktika yordamini ko‘rsatish bo‘limi tomonidan tibbiy  yordam kerak bo‘lganda vaqtida yordam ko‘rsatilayotganligini maʼlum qildi.

Koloniya rahbariyati bilan o‘tkazilgan suhbatlarga va amalga oshirilgan o‘rganishlarga ko‘ra, D.Tajimuratov qonunchilikda belgilangan tartibda jazo muddatini o‘tamoqda. Uning Jinoyat-ijroiya kodeksida belgilangan huquqlari taʼminlamoqda va ushbu Kodeksda belgilangan majburiyatlar tatbiq etilmoqda. Alohida cheklovlar o‘rnatilmagan yoki imtiyozlar taqdim etilmagan. Shuningdek, o‘tkazilgan suhbat davomida unga amaldagi qonunchilik talablari tushuntirib o‘tildi.

Monitoring tashrifi davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularni o‘z vaqtida bartaraf etilishini taʼminlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.

Eslatib o‘tamiz, Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar, jumladan monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar tegishli davlat organlari bilan bir qatorda Oliy Majlis palatalariga ham taqdim etib kelinmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati

Yangiliklar kategoriyalari