Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) xizmat tashrifi bilan Jenevada bo‘lib turibti
Shu kunlarda Jenevada Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag‘ishlangan qator xalqaro tadbir va uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

2023 yilning 11 dekabr kuni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova ham ishtirok etdi.

Tadbirda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish dunyo hamjamiyatiga Murojaatnoma yo‘lladi. Unda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi urushlarga barham berish, ziddiyatlarni bartaraf etish hamda dunyo ahli uchun tinch-osoyishta va munosib hayotni taʼminlashga qaratilganiga urg‘u berar ekan, hozirda mojarolar kuchayib, qashshoqlik va ochlik ko‘lamlari ortib, tengsizlik tobora chuqurlashib borayotganini qayd etdi.

Murojaatnoma yakunida Bosh kotib butun jahon ahlini inson huquqlarini har doim, barcha uchun, hamma joyda targ‘ib etishga va hurmat qilishga chaqirdi.

Shu kuni Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning Global alyansi (GANHRI) qator davlatlardagi milliy inson huquqlari institutlari vakillarini bir davraga jamladi. Qozog‘iston, Turkmaniston., O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qirg‘iz Respublikalari Ombudsmanlari ishtirok etgan ushbu platformada 2030 yilga qadar inson huquqlarini taʼminlash borasida milliy institutlar oldidagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.

Inson huquqlarini taʼminlash yo‘nalishida o‘z tajribalari bilan bo‘lishgan Ombudsmanlar muhokamalar davomida dunyodagi mojaroli vaziyatlarni tahlil qilib, aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini himoya qilish borasida o‘zaro fikr almashishdi.

Shuningdek, tashrif doirasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning Global alyansi (GANHRI) raisi, Qatar milliy inson huquqlari komissiyasi raisi Maryam Abdulla Al Attiya bilan uchrashdi.

O‘zaro muloqot davomida Ombudsman instituti tomonidan fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi, jazoni ijro etish muassasalariga o‘tkazilayotgan monitoring tashriflari va ularda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, hamda OAVning ishtiroki, Milliy preventiv mexanizmning “Ombudsman+” modeli haqida so‘z bordi.

Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsman suhbat davomida hozirda Parij prinsiplariga muvofiqligi bo‘yicha xalqaro “A” maqomini olish bo‘yicha Global alyans tavsiyalari asosida ishlayotganini maʼlum qildi.

O‘zaro do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida tomonlar istiqbolda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da mustahkamlash yuzasidan fikr almashishdi.

Bugun, 12 dekabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha departamenti rahbari Xulan Sedev bilan ham uchrashdi.

O‘zaro muloqot davomida Ombudsman va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari ofisi bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish va kelgusida ushbu yo‘nalishda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihalar hususida fikr almashildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati