Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman Turkiya Buyuk Millat Majlisi (Parlament) Ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar qo‘mitasi raisi bilan uchrashdi
2023 yilning 8 iyul kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova Turkiya Buyuk Millat Majlisi (Parlament) Ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar qo‘mitasi raisi Chigdem Erdogan Atabek bilan uchrashdi.

Muddatidan ilgari o‘tkazilayotgan O‘zbekiston Prezidenti saylovi jarayonini kuzatish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurgan mehmonga so‘nggi yillarda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, gender tengligini taʼminlash borasida olib borilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berildi. Xususan joriy yilning 30 aprel kuni O‘zbekiston tarixida birinchi marta referendum asosida oliy huquqiy hujjat - Yangi Konstitutsiya qabul qilinganligi, unda inson huquqlari tamoyillari eng oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilganligi, ushbu hujjat gender tengligi hamda xotin-qizlar huquqlarini taʼminlanishiga oid qator yangi normalar bilan boyitilganiga urg‘u berildi.

Qolaversa, Yangi Konstitutsiyaning qabul qilinishida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan inson huquq va manfaatlarining taʼminlanishi bo‘yicha bergan takliflarining aksariyati qabul qilinganligi muhim ahamiyatiga ega ekani taʼkidlandi.

Shuningdek, suhbat davomida, Ombudsman institutining fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga amalga oshirilayotgan monitoring tashriflari va fuqarolik jamiyati institutlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik haqida o‘zaro fikr almashildi.

Turkiya Buyuk Millat Majlisi (Parlament) Ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar qo‘mitasi raisi mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarni, jumladan gender tengligini taʼminlash borasidagi qadamlarni yuqori baholadi. Ayniqsa O‘zbekiston va Turkiya Respublikalari Prezidentlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar ikki davlat o‘rtasidagi barcha sohalardagi hamkorlikning mustahkamlanishiga zamin yaratayotganini aytib o‘tdi.

Shuningdek, mehmon Ombudsman faoliyati juda keng qamrovli ekani, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida Ombudsman instituti qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Parlament Quyi palatasiga kiritishga haqli ekani belgilab qo‘yilgani Ombudsman vakolatlari kengayib borayotganidan dalolat ekanini qayd etdi.

Mazkur uchrashuv konstruktiv va do‘stona ruhda bo‘lib o‘tdi.

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati