Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Konstitutsiya inson huquqlari ustuvorligi
2023 yilning 30 mart kuni Samarqand shahrida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamda Samarqand viloyati hokimligi bilan hamkorlikda "Konstitutsiya inson huquqlari ustuvorligi" mavzusidagi xalqaro davra suhbati o‘tkazildi.

Mazkur tadbirni o‘tkazishdan maqsad inson huquq va erkinliklarini taʼminlash – davlatning oliy maqsadi ekanligi nuqtai nazaridan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi Konstitutsiyaviy qonunning mazmun-mohiyati, uning Vatanimiz taraqqiyoti, jamiyatimiz rivojidagi ahamiyati va unga kiritilgan yangi normalar haqida keng jamoatchilikni xabardor qilishdan iborat.

Xalqaro davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Bola huquqlari bo‘yicha vakil, Oliy sud, Konstitutsiyaviy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar va Adliya vazirligi, Samarqand viloyati hokimiyati, Advokatlar palatasi, Toshkent Davlat yuridik universiteti, “Madad” bepul yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha NNT vakillari, taʼlim muassasalari olimlari, ekspertlar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, huquq himoyachilari va OAV ishtirok etishdi.

Maʼlumki, Konstitutsiya o‘zida insonning xalqaro umumeʼtirof etilgan asosiy huquq va majburiyatlarini o‘zida jamlagan va oliy yuridik maqomga ega hujjatdir. Shunday ekan, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar barchamiz uchun o‘ta muhim va ahamiyatlidir.

Yangi Konstitutsiyani tayyorlashda umumxalq muhokamasi orqali 220 mingdan ortiq takliflar kelib tushgan va ularning aksariyati eʼtiborga olinishi bilan birga, xalqaro-huquqiy hujjatlar va 190 dan ortiq davlatlar tajribasi o‘rganilgan, u 6 turdagi ekspertizadan o‘tkazilgan.

Tadbirda qayd etilishicha, Yangilanayotgan Konstitutsiya “inson-jamiyat-davlat” paradigmasiga asoslangan va unda barcha toifalarning – yoshlar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, o‘qituvchilar, xatto jinoyat sodir etgan shaxslarning huquq va manfaatlari aks etgan. Ahamiyatlisi inson huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadi, deya eʼlon qilinar ekan, unda inson huquqlariga oid normalar 3 baravardan ortiqqa oshmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) ishtirokchilar eʼtiborini Bosh qomusimizning 28 moddasiga qaratdi. Unda agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi qatʼiy belgilanmoqda. Qiynoq va uning barcha shakllariga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish yo‘lini tanlagan O‘zbekiston uchun bu juda muhim qadam –dedi Ombudsman.

Shuningdek, Yangi Konstitutsiyamizning 98 moddasi bevosita Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga taaʼluqli bo‘lib, unda Ombudsman instituti qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritishga xaqli ekani belgilab qo‘yilayotgani taʼkidlandi.

Tadbirda Yangi Konstitutsiyadan o‘rin olgan inson va bola huquqlari, ijtimoiy davlat, odil sudlov, advokatlar faoliyati, ekologik masalalar, fuqarolik jamiyatlari bilan ishlash kabi qator masalalar bo‘yicha maʼruzalar tinglandi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Axborot xizmati