Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasi
Joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili — Ombudsman tashkil etilganining 28 yilligi nishonlandi. Ushbu institut Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlari orasida birinchilardan boʻlib bizning yurtimizda taʼsis etilgan.

Inson shaʼni, qadr-qimmati, uning huquq va erkinliklarini taʼminlash har qanday demokratik huquqiy davlatning asosiy tayanch ustunlaridan hisoblanadi. Shu maʼnoda, soʻnggi yillarda mamlakatimizda Ombudsmanning inson huquq hamda erkinliklarini ishonchli himoya qilish boʻyicha mustaqil milliy institut sifatidagi ahamiyati sezilarli darajada oshib borayotir.

Oʻtgan davr mobaynida Ombudsman ­faoliyatining institutsional asoslari takomillashtirildi. Xususan, fuqarolar huquq va erkinliklariga rioya etilishini taʼminlash borasidagi vakolatlarini hamda hududlardagi ishtirokini kengaytirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirildi.

Muhimi, sud-huquq tizimini isloh qilish yoʻlida tashlangan qadamlar bugunning oʻzida sudlar va Ombudsmanning oʻzaro hamkorligiga ijobiy taʼsirini koʻrsatayotir.

Konstitutsiyamizga muvofiq, har bir shaxsga oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari va mansabdor shaxslarning gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.

Taʼkidlab oʻtish joizki, “Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi Qonunning 10-moddasiga koʻra, Ombudsman sudning vakolat doirasiga kiradigan masalalarni koʻrib chiqmaydi. Ammo Ombudsman ­tomonidan ushbu yoʻnalishdagi murojaatlar “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablari asosida oʻrganiladi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga yuboriladi.

Misol uchun, 2022-yilda Ombudsman tomonidan Oliy sudga 1 ming 600 dan ortiq murojaatlar yuborilgan boʻlib, Ombudsman tomonidan koʻrib chiqilgan jami murojaatlarning 9,2 foizini tashkil etgan. Mazkur murojaatlarning har biri sudlar tomonidan alohida oʻrganilib, fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash choralari koʻrilgan.

Xususan, Oliy sudga yuborilgan murojaatlarning 76 foizi umumiy mazmunda boʻlib, ular boʻyicha fuqarolarga tegishli tushuntirishlar berilgan. Qolgan 24 foiz protsessual tartibdagi murojaatlar sudlar tomonidan qonunda belgilangan tartibda hal etilgan.

Qonunga koʻra Ombudsman fuqarolar manfaatlarini koʻzlab arizalar hamda daʼvolar bilan sudlarga davlat boji toʻlamasdan murojaat etish huquqiga ega. Ushbu muhim vakolat fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshirib, ularning huquq va manfaatlari himoyasiga xizmat qiladi.

Ombudsman mazkur imkoniyatdan keng foydalanmoqda. Misol uchun, oʻtgan yilda Ombudsman tomonidan sudlarga ­fuqarolar manfaatida kiritilgan daʼvo arizalari soni 2021-yildagiga nisbatan qariyb ikki barobar oshgan. Bularning barchasi Inson huquqlari boʻyicha vakil faoliyatining samaradorligi yildan-yilga oshib borayotganidan dalolat beradi.

Oʻtgan yilda Ombudsman tomonidan ­fuqarolik ishlari boʻyicha hamda maʼmuriy sudlarga jami 78 ta ariza va daʼvo arizasi kiritilgan boʻlib, shundan 75 tasi yoki 96 foizi qanoatlantirilgan.

Sudlar tomonidan ushbu ishlarni koʻrib chiqish natijasida:

— 4 nafar fuqaro ishga tiklangan;

— 7 nafar fuqaroning ish staji qayta hisoblab chiqilib, pensiya miqdori oshirilgan;

— 11 nafar fuqaroning oʻlim fakti, 14 nafar fuqaroning zararli mehnat sharoitlarida ishlaganligi fakti, Muruvvat uyida yashovchi 27 nafar shaxsning tugʻilganligi fakti belgilangan.

— 8 nafar fuqaroga ish haqi va mehnat munosabatlari bilan bogʻliq jami 235 mln. soʻm toʻlovlar undirib berilgan.

Ombudsman vakillari 2021-2022-yillarda fuqarolarning murojaatlari hamda soʻrovlari asosida sud majlislarida jami 151 marotaba kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan. Jumladan, jinoyat sudlarida 45, maʼmuriy sudlarda 11 hamda fuqarolik ishlari boʻyicha sud majlislarida 95 marotaba qatnashgan. Bu, oʻz navbatida, sud jarayonlarining ochiq hamda shaffof oʻtayotganligi, inson huquq va erkinliklarining himoya qilinishida hech qanday toʻsiqlar mavjud emasligini anglatadi.

Hududlarda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishini taʼminlash maqsadida 2022-yildan boshlab doimiy asosda ­faoliyat yuritib kelayotgan Ombudsmanning mintaqaviy vakillari yuqorida ­aytib oʻtilgan jarayonlarda faol ishtirok etib kelayotganini urgʻulash joiz.

Oʻzbekistonda Ombudsman instituti tarixan qisqa davrda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmining ajralmas qismiga aylandi. Ombudsman tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlari sudlar orqali hal etilganining aniq misollari koʻp.

Masalan, 2022-yil 2-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingan 16 nafar mahkuma ayolning shikoyatlari koʻrib chiqilgan. Sud jarayonida Ombudsman oʻz fikrini bildirib, mahkuma ayollar jazoning asosiy ­qismini oʻtagani, qilmishidan chin koʻngildan pushaymonligi, jazoni oʻtash jarayonida oʻzining ijobiy xislatlarini namoyon etganligini eʼtiborga olishni soʻragan.

Natijada sud ajrimi bilan 14 nafar ayol jazodan ozod qilingan. Ular oilasi, yaqinlari bagʻriga qaytarilgan, 2 nafar mahkuma ayolning jazolari esa yengillashtirilgan.

Boshqa bir misol: Ombudsman fuqaroning manfaatida fuqarolik sudiga kompensatsiya pulini undirish toʻgʻrisida daʼvo arizasi kiritgan. Ushbu arizaning sud tomonidan qanoatlantirilishi natijasida davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkasining olib qoʻyilishi munosabati bilan fuqaro foydasiga 77 mln. soʻm kompensatsiya puli undirilgan.

Ombudsman tomonidan qurilish korxonalarida ishlagan fuqarolar manfaatida yuridik shaxslar ustidan fuqarolik sudlariga shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi sababli shartnomaning bekor qilinishi va pul undirilishi haqidagi daʼvo arizalari kiritilgan. Natijada sud qarorlari bilan javobgarlardan fuqarolar foydasiga 194 mln. soʻm miqdorida pul mablagʻlari undirilgan.

Yana bir fuqaro Ombudsmanga murojaat qilib, futbol klubida ishlagan turli davrlari uchun ish haqlari beril­mayotganini bildirgan. Ombudsman tomonidan sudga daʼvo arizasi kiritilib, sud qaroriga asosan javobgardan fuqaro foydasiga ish haqi va unga teng­lashtirilgan toʻlovlar hamda maʼnaviy zarar uchun jami 101 mln. soʻm miqdorida pul undirilgan.

Bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin.

Shu bilan birga, Ombudsman sud qarorlarining ijro etilishi boʻyicha ham salmoqli ishlar olib bormoqda. Vakilning davlat organlariga kiritgan soʻrovlari va xulosalari asosida sud qarorlari ijrosi taʼminlanib, nohaq ishdan boʻshatilgan xodimlar ishga tiklangan, Majburiy ijro byurosi orqali aliment pullari yoki moddiy zararlar undirilishiga erishilgan.

Aytish kerakki, Oliy sud hamda ­Ombudsman qonun ijodkorligi, sud hokimiyatining mustaqilligini taʼminlash, sudyalar malakasini oshirish va xalqaro majburiyatlarni bajarish kabi turli yoʻnalishlarda yaqindan hamkorlik olib boradi.

Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston inson huquqlari boʻyicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga qoʻshilgan boʻlib, ularning amalga oshirilishi yuzasidan BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi va shartnomaviy qoʻmitalariga muntazam ravishda milliy maʼruzalarni taqdim etib kelyapti. Mazkur xalqaro hujjatlardagi majburiyatlarni amalga oshirish boʻyicha Milliy harakatlar dasturi asosida Oliy sud hamda Ombudsman oʻzaro hamkorlikda izchil ish olib bormoqda.

Shu maqsadda Ombudsman xalqaro konferensiyalar, davra suhbatlari va seminarlarning uyushtirilishiga doimiy ravishda tashabbuskorlik koʻrsatayotganini alohida qayd etish lozim. Xususan, oʻtgan yili Ombudsman, Oliy sud, bir qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Qozogʻistonda ozodlikdan mahrum qilishning muqobil choralarini qoʻllash boʻyicha mavjud amaliyotni oʻrganishga bagʻishlangan mintaqaviy konferensiya hamda sudyalar uchun oʻquv-seminarlar oʻtkazilgan.

Oliy sud qonunchilik tashabbusiga egadir. Shu jihatdan qabul qilinayotgan qonun loyihalari yuzasidan Ombudsman taqdim etgan inson huquqlari bilan bogʻliq taklif va xulosalar eʼtiborga olinayotir. Shuningdek, Oliy sud Plenumi qarorlari loyihalari Ombudsmanga taklif hamda mulohazalar uchun taqdim etilmoqda. Uning Plenum majlislarida qatnashishi taʼminlanyapti.

Aholining huquqiy madaniyatini oshirish oʻzaro hamkorligimizning muhim yoʻnalishlaridan biridir. Joriy yil fevral oyida “Inson huquqlari haftaligi” doirasida boʻlib oʻtgan “Sudya va yoshlar” huquqiy targʻibot tadbirlarida Ombudsmanning mintaqaviy vakillari ham faol ishtirok etdi.

Umuman olganda, Ombudsman hamda sudlarning oʻzaro yaqin hamkorligi va bu yoʻldagi saʼy-harakatlar, avvalo, fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini ishonchli himoya qilishga, shuningdek, ularning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Robaxon MAHMUDOVA,

Oliy sud raisining birinchi oʻrinbosari

Yangiliklar kategoriyalari