Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman hisoboti fraksiya kun tartibidagi asosiy masalaga aylandi
Inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining himoya qilinishi hamda uning amalda oliy qadriyatga aylanishi Ombudsman faoliyatining muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Shu bois, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash uning faoliyatida asosiy o‘rin tutadi.

Insonning yashash, erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka bo‘lgan huquqlarining ta’minlanganlik holatlari Ombudsmanning 2022 yildagi faoliyati davomida e’tibor markazida bo‘ldi. Ombudsman tomonidan murojaatlarni o‘z vaqtida hamda sifatli ko‘rilishini ta’minlash, fuqarolarning buzilgan huquqlari va qonuniy manfaatlarini tiklash borasida salmoqli ishlar qilindi.

Bu haqda parlament quyi palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida ta’kidlandi. Unda Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.

Qayd etilganidek, hisobot yilida Ombudsman nomiga jami 17761 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 14526 tasi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan, chet el fuqarolaridan va xorijiy davlatlar ombudsmanlaridan, 3235 tasi jazoni ijro etish muassasalaridan yuborilgan.

Murojaatlar viloyatlar kesimida aholi sonidan kelib chiqib tahlil qilinganda eng ko‘p masalalar Toshkent shahri, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Jizzax viloyatlariga to‘g‘ri kelishi aniqlangan.

F.Eshmatovaning ta’kidlashicha, Ombudsmanga fuqarolardan tibbiy yordam olish huquqi yo‘nalishida murojaatlar soni oshib bormoqda. Xususan, 2022 yilda ushbu yo‘nalishda 184 ta murojaat kelib tushib, ularning 76 tasi Ombudsmanning nazoratiga olingan.

Hisobot davrida Ombudsman tomonidan sudda ijtimoiy huquqlar ta’minlanishi yo‘nalishida 599 ta murojaat ko‘rib chiqilib, ularning 166 tasi Ombudsman nazoratiga olindi. Shaxsiy huquq va erkinliklarni amalga oshirish masalasida kelib tushgan 1601 ta murojaatning 253 tasi nazoratga olinib, ularning salmoqli qismi ijobiy hal etildi.

Taqdim etilgan axborotga ko‘ra, hisobot yilida Ombudsman nomiga fuqarolardan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan tergov ishlarini olib borishda qonunchilik talablarining buzilish holatlari yuzasidan ham murojaatlar kelib tushgan.

O‘tgan davrda Ombudsman nomiga boshqa masalalar bo‘yicha 333 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning 97 tasi Ombudsmanning shaxsiy qabulini so‘rab qilingan, 69 tasi korrupsiyaga oid, 132 tasi turli mavzularda hamda 35 tasi chet eldagi fuqarolar huquqlariga doir murojaatlarni tashkil qildi.

Yig‘ilishda deputatlar tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar berildi.

Ombudsman hisoboti fraksiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi va mazkur masala yuzasidan ko‘plab savollarga javoblar olindi. Savol-javoblardan so‘ng, Ombudsman hisoboti ma’qullandi.

parliament.gov.uz