Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Jizzax viloyatidagi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarning holati o‘rganildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentimizning 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori asosida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) qiynoqlarning oldini olish maqsadida jamoatchilik vakillari bilan birgalikda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflarini amalga oshirib kelmoqda.

Navbatdagi tashrif, joriy yilning 15-16 sentyabr kunlari Jizzax viloyatidagi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirildi.

Tashrif davomida, Jizzax viloyatidagi 29 va 30-son Manzil-koloniyalari, Jizzax shahar, G‘allaorol va Sh.Rashidov tumanlari ichki ishlar organlarining Vaqtincha saqlash hibsxonalariga, viloyat Ichki ishlar boshqarmasining Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlashga mo‘ljallangan Maxsus qabulxonasi va Aniq yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni Reabilitatsiya qilish markazi, shuningdek Ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi va Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Jizzax viloyati mintaqaviy filiallaridagi shart-sharoitlar o‘rganildi.

Shu bilan bir qatorda, 29-son Manzil-koloniyaga amalga oshirilgan monitoring tashrifi doirasida koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar bilan Jizzax viloyatining Sog‘liqni saqlash, Bandlik va aholini ish bilan taʼminlash boshqarmalari, Ichki ishlar boshqarmasining probatsiya xizmati hamda Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmalari, shuningdek viloyat prokuraturasi vakillaridan iborat ishchi guruh ishtirokida sayyor qabul amalga oshirildi. Qabulda 20 dan ortiq mahkumlarning murojaatlari qabul qilinib ijroga qaratildi.

Ushbu koloniyada va 30-son Manzil-koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarni ish bilan taʼminlash choralari ko‘rilgan. Mahkumlar tikuvchilik, non, plastik romlar ishlab chiqarish va baliq mahsulotlaridan konserva tayyorlash sexlarida, shuningdek qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va chorva mollarini yetishtirish bilan band qilingan.

Jizzax shahar, G‘allaorol va Sh.Rashidov tumanlari ichki ishlar organlarining Vaqtincha saqlash hibsxonalariga amalga oshirilgan tashriflar davomida bir qator salbiy holatlar mavjudligi maʼlum bo‘ldi.

Xususan, suv-oqava tizimi, yuvinish xonalari, hojatxonalar, saqlanayotgan shaxslarning yotoq joylari taʼmirtalab holda. Ushbu salbiy holatlarni bartaraf etish yuzasidan yuqoridagi Qarorga asosan mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tavsiyalar kiritildi.

Tashrif davomida, Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan mahkuma Q.M.ning homiladorligini inobatga olib, unga nisbatan tayinlangan jazoni ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoga o‘zgartirish masalasini ko‘rib chiqish yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudiga Ombudsmanning so‘rov xati kiritildi. Mazkur xatga ko‘ra, mahkuma Q.M.ga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, unga nisbatan chiqarilgan hukmning ijrosi bir yildan oshiq bo‘lmagan muddatga kechiktirilishi belgilanib, u sud zalidan ozod etildi.

Qayd etish joizki, so‘ngi yillarda Ombudsman tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilayotgan monitoring tashriflarida Ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi va Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining hududlardagi filiallariga amalga oshirilmoqda. Ushbu monitoring tashrifi davomida ham Jizzax viloyatidagi ushbu muassasalardagi sharoitlar o‘rganildi.

O‘rganish davomida, ushbu muassasalar dori-darmonlar, tibbiyot davolash vositalari bilan taʼminlaganligi, bemorlarga oziq-ovqat berish sifati ko‘zdan kechirildi.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati