Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
ShHTga aʼzo mamlakatlar tadbirkor ayollari hamkorligi yangi bosqichga chiqadi
Joriy yilning 18-19 avgust kunlari Toshkent shahrida oʼtkazilgan Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi Xotin-qizlar forumi doirasida Tadbirkor ayollar birinchi konferensiyasi ham oʼtkazildi.

Unda ShHTga aʼzo mamlakatlarning davlat va nodavlat xotin-qizlar tashkilotlarining rahbarlari, ShHTning Toshkentdagi diplomatik korpusi vakillari, kichik va oʼrta biznes vakillari tadbirkor xotin-qizlari, soha boʼyicha xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Konferensiyada kirish soʼzi bilan ishtirok etgan Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva ushbu konferensiyaning tashkil etishdan koʼzlangan asosiy maqsad va vazifalar, kutilayotgan natijalarga toʼxtalib oʼtdi.

Taʼkidlanganidek, iqtisodiy farovonlikni taʼminlashda tadbirkorlik subʼektlari muhim oʼrin tutadi. Tadbirkor ham davlatning, ham fuqarolik jamiyatining barqarorligini va rivojlanishining kafolati va tayanchidir.

Shu bois Oʼzbekiston tomoni Tadbirkor ayollar konferensiyasini ilk bor oʼtkazish va ShHTga aʼzo davlatlarning ishbilarmon doiralari vakillarini birlashtirish tashabbusini ilgari surdi – deydi Senat raisi T.Narbaeva.

Ushbu konferensiya ShHTga aʼzo davlatlarning tadbirkor ayollari oʼrtasida savdo-iqtisodiy va biznes aloqalarini faollashtirish, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʼullanishda ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish masalalarini muhokama qilish, istiqbolli biznes sohalarini tahlil qilish, shuningdek, tadbirkorlikni tashkil etish va rivojlantirishda oʼzaro tajriba almashish uchun oʼziga xos maydon ekanligi taʼkidlandi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda Oʼzbekiston aholisining deyarli yarmini ayollar tashkil etadi. Ular turli sohalarda jamiyat manfaati uchun mehnat qilmoqda. Eʼtiborlisi, respublikada band boʼlgan aholining 45 foizi ayollardan iborat. Mamlakatimizda tadbirkor ayollar ulushi 39 foizni tashkil etadi.   

Konferensiya davomida Oʼzbekistonda xotin-qizlarni davlat boshqaruvida faoligini oshirish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va soʼngi yillarda erishilgan natijalarga toʼxtalib oʼtildi.

Tadbirkorlikni rivojlantirishga koʼmaklashish maqsadida mamlkatmizning barcha hududlarida tadbirkorlik markazlari tashkil etildi. Birgina 2021 yilda 53.8 min nafardan ortiq xotin-qizlar kasb-hunarga oʼqitildi.

Xotin-qizlar va oilalarni qoʼllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʼarmasi tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 100,3 mlrd soʼmdan ortiq mablagʼ ajratildi. Mazkur chora-tadbirlar tufayli mamlakatimizda 34,5 ming nafar xotin-qiz ish bilan taʼminlandi.

Konferensiyada Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning yetakchi xotin-qizlari oʼz mamlakatlarida ayollar tadbirkorligi yoʼnalishida amalga oshirilayotgan loyihalar haqidagi maʼruzalari bilan ishtirok etdilar.

senat.uz