Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Komissiya aʼzolari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Konstitutsiya loyihasini tayyorlashga masʼul qo‘mita aʼzolari bilan uchrashishdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holat va voqealarni o‘rganish bo‘yicha komissiya aʼzolari Qoraqalpog‘istondagi o‘rganishlari davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari bilan uchrashishgan edi.

Mazkur uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasini tayyorlash va unda saylovchilarning ishtiroki, loyihadagi tegishli moddalarning targ‘iboti qay darajada o‘tkazilgani bo‘yicha maʼlumotlar olingan edi.

Joriy yilning 3 avgust kuni, mazkur uchrashuvning mantiqiy davomi sifatida Komissiya aʼzolari Konstitutsiya loyihasini tayyorlashga masʼul Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitalari aʼzolari bilan uchrashishdi.

O‘zaro muloqot davomida Konstitutsiya loyihasi tayyorlanishi va uning umumxalq muhokamasini o‘tkazishda amalga oshirilgan barcha bosqichlar haqida maʼlumot berildi.

Taʼkidlanishicha, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan umumxalq muhokamasi mamlakatimizning barcha hududlarida tashkil etildi. Xususan, deputatlar tomonidan hududlarga chiqilgan holda davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda fuqarolar ishtirokida qator uchrashuvlar tashkil etilib, konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish ishlari olib borilgan.

Qayd qilinishicha, O‘zbekiston Konstitutsiyasini o‘zgartirishga oid qonun loyihasi xalq muhokamasiga 26 iyundan 5 iyulgacha muddatga qo‘yilgan bo‘lishiga qaramay fuqarolardan kelayotgan takliflarning ko‘lami eʼtiborga olinib, ushbu muddat bir necha marotaba uzaytirilgan, shu kunga qadar fuqarolardan 150 mingdan ortiq murojaatlar qabul qilingan.

O‘zaro muloqot davomida komissiya aʼzolari tomonidan ko‘tarilgan masalalar atroflicha ochib berildi

Shuningdek uchrashuv doirasida Komissiya aʼzolari fuqarolar takliflarini taqsimlash, o‘rganish va tahlil qilish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruh hamda Konstitutsiyaviy komissiya Matbuot xizmati guruhi faoliyati bilan ham tanishishdi.

Uchrashuvda targ‘ibot materiallari o‘zbek, qoraqalpoq, rus va ingliz tillarida keng yoritib borilgani aytildi.  

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati