Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
«O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 sentyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonining ijrosini taʼminlash maqsadida Ombudsman manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ilg‘or xalqaro tajribani o‘rgangan holda yangi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasini ishlab chiqdi. Amaldagi Qonun 1997 yilda qabul qilinib, bugungi kunga qadar unga to‘rt marotaba o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan. Qonun 22 ta modda va 10 ta prim moddadan iborat bo‘lib, undagi eskirgan normalarni hozirgi davr talablaridan kelib chiqib yangi normalar bilan to‘ldirish hamda o‘zgartishlar kiritish, xususan Farmon bilan Ombudsman institutiga berilayotgan qo‘shimcha vakolat va vazifalarni hisobga olgan holda qo‘shimcha moddalar bilan to‘ldirish nazarda tutilmoqda.

Qonunchilik faoliyati sohasida xalqaro tajriba: Ushbu qonun loyihasini tayyorlashda mazkur sohani tartibga soluvchi bir qator ilg‘or davlatlarning qonun hujjatlari, xususan Finlyandiya, Polsha, Bolgariya, Vengriya, Serbiya, Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon Respublikasi, Ukraina, Armaniston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va boshqa davlatlar qonunchiligi atroflicha o‘rganildi.

Kutilayotgan natijalar: Qonun loyihasining qabul qilinishi Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) institutining mustaqil milliy institut sifatidagi ahamiyatini yana-da oshirib, Ombudsman faoliyatining institutsional asoslarini takomillashtiriladi hamda fuqarolar huquq va erkinliklariga rioya etilishini taʼminlash borasidagi vakolatlarini va uning hududlardagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.

Loyiha

O‘zbekiston Respublikasining "O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida"gi

QONUNI

 

Qonunchilik palatasi tomonidan ___________

Senat tomonidan _____________ maʼqullangan

 

 

1-bob. Umumiy qoidalar

 

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsmanning) faoliyatini tartibga solishdan iboratdir.

 

2-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) (bundan buyon matnda Ombudsman deb yuritiladi) mansabdor shaxs bo‘lib, unga fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasini taʼminlash, davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar (bundan buyon matnda tashkilotlar  deb yuritiladi) hamda mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish vakolatlari berilgan.

Ombudsman instituti inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari hamda vositalarini to‘ldiradi. Ombudsman O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish va uni xalqaro huquq normalariga muvofiqlashtirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi, inson huquqlari sohasida huquqiy madaniyatni va fuqarolarning xabardorligini oshirishga ko‘maklashadi.

Ombudsman o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari va mansabdor shaxslarga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshiradi va u O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga hisobdordir.

Ombudsmanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan beriladigan guvohnoma va ko‘krak nishoni bo‘ladi. Ombudsman guvohnomadan va ko‘krak nishonidan o‘z vakolatlari muddati mobaynida foydalanadi.

Ombudsmanning guvohnomasi va ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom, shuningdek bunday guvohnoma va nishon namunalari hamda tavsiflari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari kengashlarining qarorlari bilan tasdiqlanadi.

 

3-modda. Ombudsman faoliyatining asosiy prinsiplari

Ombudsman faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, mustaqillik, adolatparvarlik, insonparvarlik, oshkoralik, har bir inson uchun ochiqlikdir.

 

4-modda. Ombudsmanni saylash

Ombudsman O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan besh yil muddatga saylanadi

Ombudsman lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari ko‘rib chiqishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kiritiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining Ombudsmanni saylash to‘g‘risidagi qarori palatalarning majlislarida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Senati aʼzolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.

Vakil nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislarida ko‘rib chiqilganidan keyin bu masala yuzasidan qabul qilingan uzil-kesil qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga qonunda belgilangan tartibda yuboriladi.

Ovozlar soni yetarli bo‘lmagan yoki Ombudsman lavozimdan muddatidan ilgari ozod etilgan taqdirda, Ombudsman lavozimiga yangi nomzod ikki oy ichida kiritiladi.

Ombudsman o‘zining vakolatlari muddati tugagach, yangi Ombudsman saylanguniga qadar o‘z vazifasini bajarishni davom ettirib turadi.

Yangi Ombudsman nomzodini ko‘rsatish jarayoni ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan amaldagi Ombudsman vakolatlari muddati tugagunga kamida ikki oydan kechiktirmasdan o‘tkaziladi.

Ayni bir shaxs Ombudsman lavozimiga ketma-ket ikki muddatdan ortiq saylanishi mumkin emas.

 

5-modda. Ombudsman lavozimi bo‘yicha nomzodga qo‘yiladigan talablar

Saylanish kuni o‘ttiz yoshga to‘lgan, yuksak axloqiy sifatlarga, oliy maʼlumotga, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida zarur tajribaga ega bo‘lgan va bevosita saylanish kunigacha kamida besh yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Ombudsman lavozimiga saylanishi mumkin.

6-modda. Ombudsman lavozimiga nomuvofiq bo‘lgan faoliyat

Ombudsman siyosiy partiyaga aʼzolikni yoki uning faoliyatida ishtirok etishni o‘z vakolatlari muddatiga to‘xtatib turishi yoxud tugatishi shart. Ombudsman ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emas.

 

7-modda. Ombudsman qasamyodi

Ombudsman etib saylangan shaxs O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qarori qabul qilinganidan keyin quyidagi mazmunda qasamyod qabul qiladi:

«Inson hamda fuqaroning huquqlari va erkinliklarini himoya qilishga, Ombudsman zimmasiga yuklatilgan vazifalarni O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq vijdonan bajarishga qasamyod qilaman».

 

8-modda. Ombudsmanning vakolatlari tugaganidan keyin mehnat huquqlarining kafolatlari

Ombudsmanga vakolatlari muddati tugaganidan keyin ishga joylashtirish bo‘yicha kafolatlar beriladi. Vakolatlari muddati tugaganidan keyin Ombudsmanning roziligi bilan unga boshqa, shu jumladan yuqoriroq lavozimdagi ish berilishi mumkin.

 

9-modda. Ombudsmanni lavozimidan muddatidan ilgari ozod qilish

Ombudsman lavozimdan quyidagi hollarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan muddatidan ilgari ozod qilinishi mumkin:

u o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilish to‘g‘risida yozma ariza bergan taqdirda;

u Ombudsman qasamyodini buzgan taqdirda;

sog‘lig‘ining holatiga yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra u uzoq vaqt mobaynida o‘z vazifalarini bajarishga qodir bo‘lmay qolgan taqdirda;

unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda;

u qonunga ko‘ra Ombudsman faoliyatiga nomuvofiq bo‘lgan lavozimga saylangan yoki tayinlangan taqdirda;

u sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan taqdirda;

u sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan bedarak yo‘qolgan deb topilgan yoki vafot etgan deb eʼlon qilingan taqdirda;

u O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotgan taqdirda;

u vafot etgan taqdirda.

 

10-modda. Ombudsman o‘rinbosari

Ombudsmanning belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan 5 yil muddatga saylanadigan va lavozimidan ozod etiladigan o‘rinbosari bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga Ombudsman o‘rinbosari lavozimiga nomzodni Ombudsman taqdim etadi.

Ombudsman o‘z lavozimidan muddatidan ilgari ozod qilingan taqdirda, Ombudsman o‘rinbosari uning vazifasini yangi Ombudsman saylanguniga qadar bajarib turadi va Ombudsman uchun belgilangan kafolatlar ana shu davrda unga nisbatan tatbiq etiladi.

Ombudsman yo‘qligida uning vakolatlarini Ombudsman o‘rinbosari amalga oshiradi.

 

2-bob. Ombudsman faoliyati

 

11-modda. Ombudsman faoliyatining asosiy vazifalari

Ombudsman faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va uni amalga oshirishda ishtirok etish;

davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish;

inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi kafolatlarini, shu jumladan ularning buzilishi to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqish orqali taʼminlash;

inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash sohasidagi qonunchilik normalari va talablarining amalda ro‘yobga chiqarilayotganligini o‘rganish hamda ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;

harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda qiynoqqa solish hamda boshqa g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalaning oldini olish bo‘yicha taʼsirchan choralarni ko‘rish;

inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilgan holatlar haqidagi xabarlarni vakolatli davlat organlari, mansabdor shaxslar va nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari bilan birgalikda tekshirish;

aholi orasida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish sohasidagi xalqaro va milliy qonunchilik normalarini targ‘ib qilish, shuningdek aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashish;

inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

 

12-modda. Ombudsmanning va uning o‘rinbosari daxlsizlik huquqi

Ombudsman va uning o‘rinbosari vakolatlari muddati mobaynida daxlsizlik huquqidan foydalanadi va ular O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazoga tortilishi mumkin emas.

Ombudsman va (yoki) uning o‘rinbosariga nisbatan jinoyat ishi faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.

Ombudsmanni va (yoki) uning o‘rinbosarini majburiy keltirishga, shuningdek uning uy-joyini, xizmat xonasini, yuki, shaxsiy va xizmat transporti vositalarini, yozishmalarini, u foydalanayotgan aloqa vositalarini, shuningdek unga tegishli hujjatlarni ko‘zdan kechirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ombudsmanni va uning o‘rinbosarini daxlsizlik huquqidan mahrum qilish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatini va Senati aʼzosini daxlsizlik huquqidan mahrum qilish tartibi asosida amalga oshiriladi.

 

13-modda. Ombudsman faoliyatining kafolatlari

O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda vaziyatlarning (real tashqi xavf, ommaviy tartibsizliklar, yirik halokat, tabiiy ofat, epidemiyalar) joriy etilishi Ombudsman faoliyatini to‘xtatib turish yoki tugatishga olib kelmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari va Senati aʼzolarining vakolatlari muddati tugashi yoki O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, Senati  tarqatib yuborilishi Ombudsmanni lavozimi muddatidan ilgari ozod qilishga olib kelmaydi.

 

14-modda. Ombudsman huquqlari

Ombudsman quyidagi huquqlarga ega:

qonunchilik tashabbusi huquqi asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga qonun loyihasini kiritish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar ko‘rishga qaratilgan maxsus maʼruzalar taqdim qilish;

tashkilotlar va mansabdor shaxslarning, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish;

inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilgan holatlarini vakolatli tashkilotlar va mansabdor shaxslar hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan birgalikda o‘rganish;

davlat organlari va tashkilotlarining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq majlislarida ishtirok etish;

insonning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda tiklash maqsadida sud jarayonlarida qonunda belgilangan hollarda va shakllarda shaxsan yoki o‘z vakili orqali ishtirok etish;

insonning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir ekspert va ilmiy-tahliliy ishlarni amalga oshirish uchun ilmiy va boshqa tashkilotlarni, olimlar va mutaxassislarni belgilangan tartibda, shu jumladan shartnoma asosida jalb qilish;

murojaat etuvchiga huquqiy tushuntirish berish hamda o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun foydalanishi mumkin bo‘lgan vositalar va shakllarni ko‘rsatish;

murojaatni uning mohiyatiga ko‘ra hal qilishga vakolatli bo‘lgan tashkilot yoki mansabdor shaxsga yuborish;

murojaat etuvchini uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishtirish;

sababini albatta ko‘rsatgan holda murojaatni ko‘rib chiqishni rad etish;

inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash masalalari yuzasidan qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa chora-tadbirlarni ko‘rish;

aniqlanishi lozim bo‘lgan holatlarni tekshirishda ko‘maklashishni so‘rab tashkilotlar va mansabdor shaxslarga murojaat qilish;

aniqlanishi lozim bo‘lgan holatlarni tekshirish uchun tashkilotlarning vakillarini va mansabdor shaxslarni taklif etish;

tashkilotlarga va mansabdor shaxslar huzuriga moneliksiz kirish;

o‘z vakolatiga taalluqli masalalar yuzasidan tashkilotlardan va mansabdor shaxslardan statistika, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa maʼlumotlarni so‘rash hamda olish;

mansabdor shaxslardan tushuntirishlar olish;

aniqlanishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan tashkilotlar va mutaxassislarga xulosalar tayyorlashni topshirish;

inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor masalalar yuzasidan tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan o‘tkazilayotgan tekshirishlarda ishtirok etish;

ushlab turilgan yoki qamoqda saqlanayotgan shaxslar bilan uchrashuv va suhbatlar o‘tkazish;

inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish bo‘yicha qonun hujjatlarining buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida tashkilotlarni va mansabdor shaxslarini yozma ravishda ogohlantirish;

inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish bo‘yicha tashkilotlarga va mansabdor shaxslarga aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha ularni sodir etishga imkon yaratgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida ijro etilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritish;

o‘z tashabbusi bilan inson huquqlari va erkinliklarining buzilishi faktlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni tekshirish, himoya vositalaridan mustaqil foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan shaxslarni himoya qilish;

harakatida (harakatsizligida) inson huquqlari va erkinliklari buzilganligi aniqlangan shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risida tegishli organlarga iltimosnoma kiritish;

fuqarolar manfaatlarini ko‘zlab arizalar (shikoyatlar) va daʼvolar bilan sudlarga davlat boji to‘lamasdan murojaat qilish.

Ombudsman qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

 

15-modda. Ombudsmanning majburiyatlari

Ombudsman:

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa qonun hujjatlariga rioya etishi, o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi;

inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi;

o‘z faoliyatida jismoniy shaxsning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeiga, shuningdek yuridik shaxslarning mulk shakllariga qarab kamsitishga yo‘l qo‘ymasligi;

inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishi holatlarini tekshirish chog‘ida murojaat etuvchi va boshqa shaxslarning o‘ziga maʼlum bo‘lgan shaxsga doir maʼlumotlarni ularning roziligisiz oshkor qilmasligi;

shikoyatni tekshirish uchun harakatlari (harakatsizligi) ustidan arz qilingan tashkilotga yoxud mansabdor shaxsga topshirmasligi;

murojaat etuvchiga uning murojaatini ko‘rib chiqish natijalarini maʼlum qilishi;

harakatlarida (harakatsizligida) fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi aniqlangan tashkilot yoki mansabdor shaxsga buzilgan huquqlarni tiklash yuzasidan tavsiyalar bo‘lgan o‘z xulosasini yuborishi shart. Bunda Ombudsmanning xulosasini olgan tashkilot yoki mansabdor shaxs uni ko‘rib chiqishi va bir oydan kechiktirmay asoslantirilgan javob yuborishi shart.

 

16-modda. Ombudsmanning yillik va maxsus maʼruzasi

Ombudsmanning faoliyati to‘g‘risidagi maʼruzasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislarida har yili eshitiladi.

Ombudsmanning davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etish holati haqidagi yillik maʼruzasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi har yili, hisobot yilidan keyingi yilning 15 fevralidan kechiktirmay, o‘z majlisida Ombudsmanning faoliyati to‘g‘risidagi maʼruzani eshitadi.

Ombudsmanning faoliyati to‘g‘risidagi yillik maʼruzani O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatida eshitish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.

Ombudsmanning faoliyati to‘g‘risidagi yillik maʼruzasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyalar hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qo‘mitalari tomonidan dastlabki tarzda eshitiladi.

Ombudsmanning faoliyati to‘g‘risidagi maʼruzasini eshitish yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari qarorlar qabul qiladi, qarorlar Ombudsmanga yuboriladi.

Ombudsman yiliga kamida bir marta O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, Oliy Majlis palatalariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar qabul qilishga qaratilgan ayrim jihatlari yuzasidan maxsus maʼruza taqdim qiladi.

Ombudsmanning maxsus maʼruzasi inson va fuqaroning buzilgan huquqlari va erkinliklarini tiklash bo‘yicha xulosa va takliflardan iborat bo‘ladi.

Qaysidir organ va uning xodimlari tomonidan Ombudsmanning faoliyatiga yoki uning o‘z tashabbusi bilan tekshirishiga to‘sqinlik qilinishi maxsus maʼruza predmeti bo‘lishi, shuningdek yillik maʼruzaning alohida bobiga kiritilishi mumkin.

 

3-bob. Ombudsman tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi

17-modda. Ombudsman tomonidan murojaatlar ko‘rib chiqilishi

Ombudsman murojaatlarni ushbu Qonunda hamda «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida belgilangan tartibda ko‘rib chiqadi.

Ombudsman O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining hamda O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning o‘z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzayotgan tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqadi hamda inson huquqlari va erkinliklarining buzilishi haqidagi maʼlumotlar yuzasidan o‘z tashabbusi bilan tekshiruv o‘tkazish huquqiga ega.

Ombudsman sudning mutlaq vakolat doirasiga kiradigan masalalarni, shuningdek jismoniy shaxslarning boshqa jismoniy shaxslar tomonidan ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzadigan harakatlarga (harakatsizlikka) doir murojaatlarini ko‘rib chiqmaydi.

Ombudsmanga berilgan murojaat uchun davlat boji undirilmaydi.

 

18-modda. Gaupvaxtalarda, maxsus qabulxonalarda, vaqtincha saqlash hibsxonalarida, tergov hibsxonalarida, jazoni ijro etish muassasalarida, intizomiy qismlarda, majburiy davolash muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning Ombudsmanga murojaat etishi

Gaupvaxtalarda, maxsus qabulxonalarda, vaqtincha saqlash hibsxonalarida, tergov hibsxonalarida, jazoni ijro etish muassasalarida, intizomiy qismlarda, majburiy davolash muassasalarida (bundan buyon matnda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash joylari deb yuritiladi) saqlanayotgan shaxslar yozma yoki elektron shakldagi murojaatlarni ularning soni cheklanmagan holda Ombudsman nomiga yuborish huquqiga ega. Ombudsman nomiga yuboriladigan murojaatlar senzura qilinmaydi.

Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash joylarining maʼmuriyati shaxslarning murojaatlarini Ombudsmanga yigirma to‘rt soatdan kechiktirmay, muhrlangan tarzda yuboradi, telegrammalarni esa darhol yuboradi. Ombudsmanning javobi ko‘zdan kechirilishi mumkin emas va murojaat qiluvchiga zudlik bilan yetkazib beriladi.

Ombudsman shikoyatlar ko‘rib chiqilayotganda, shuningdek fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi hollarini o‘z tashabbusi bilan tekshirayotganda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash joylariga moneliksiz kirish huquqiga ega. Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash joylarining maʼmuriyati Ombudsmanning xavfsizligini taʼminlashi shart.

Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash joylarining maʼmuriyati Ombudsmanga harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash joylarida turgan shaxslar bilan moneliksiz va yakka xolda uchrashish hamda suhbatlashish uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlashi shart, uchrashuv va suhbatlar ushbu muassasalar xodimlari ularni ko‘rib turadigan, lekin eshitmaydigan sharoitlarda xoli o‘tkaziladi.

 

19-modda. Jazoni ijro etish muassasalarida o‘rnatilgan «Ombudsman qutisi»ning huquqiy maqomi

Ombudsmanga murojaat qilish uchun jazoni ijro etish muassasalarining har bir turar joy sektorida, sanoat hududida, qisqa va uzoq muddatli uchrashuv joylarida, u yerda saqlanayotgan shaxslarning murojaati uchun qulay joyda «Ombudsman qutisi» o‘rnatiladi.

Ombudsman qutisi faqat Ombudsman yoki uning mintaqaviy vakillari tomonidan oyiga kamida bir marta ochiladi.

«Ombudsman qutisi to‘g‘risida»gi nizom Ombudsman va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining qo‘shma qarori bilan tasdiqlanadi.

  

20-modda. Ombudsman faoliyatiga ko‘maklashish

Tashkilotlar va mansabdor shaxslar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligiga taalluqli, Ombudsman tomonidan so‘ralgan hujjatlarni, materiallarni hamda boshqa maʼlumotlarni taqdim etishlari shart.

Ombudsman o‘z faoliyatiga doir masalalar bo‘yicha tashkilotlar va mansabdor shaxslar tomonidan darhol qabul qilinish huquqidan foydalanadi.

Faoliyati davlat siri va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirlar bilan bog‘liq tashkilotlarga Ombudsmanning kirishi tartibi, shuningdek davlat siri yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi axborotni Ombudsmanga taqdim etish O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.

Ombudsmanning faoliyatiga to‘sqinlik qilish belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi.

 

21-modda. Ombudsman tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqishda inson huquqlari himoya qilinishi kafolatlari

Ombudsmanga murojaat qilgan shaxs, shuningdek Ombudsman tomonidan axborot to‘plash va uni tahlil etish yoki ekspert bahosi berish topshirilgan shaxslar bunday harakat uchun taʼqib qilinishi yoxud huquqlari boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas.

Ombudsman tomonidan murojaatlar ko‘rib chiqilayotganda jismoniy shaxsning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeiga, shuningdek yuridik shaxslarning mulk shakli, joylashgan yeri (pochta manzili), tashkiliy-huquqiy shakllari va boshqa holatlarga qarab kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Murojaatlarni ko‘rib chiqish chog‘ida Ombudsmanga maʼlum bo‘lgan murojaat etuvchi va boshqa shaxslarning shaxsga doir maʼlumotlari ularning roziligisiz oshkor qilinmaydi.

 

22-modda. Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya

Ombudsmanning zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish yuzasidan uning faoliyatiga ko‘maklashish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Kengashlari tomonidan Ombudsman raisligida Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) tuziladi.

Komissiya tarkibi nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillaridan, inson huquqlari va erkinliklari sohasida kasbiy va amaliy bilimlarga ega bo‘lgan olimlardan tuziladi. Komissiya tarkibiga ijro etuvchi hokimiyat organlarining vakillari ham maslahat ovozi huquqi bilan kirishi mumkin.

Komissiya o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Kengashlari tomonidan tasdiqlanadigan Nizomga amal qiladi.

Komissiya aʼzolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qo‘shma qarori bilan Ombudsmanning taqdimnomasi bo‘yicha uning vakolat muddatiga tasdiqlanadi.

Komissiya o‘z vakolatlari muddati tugagach, yangi Ombudsman saylanguniga qadar o‘z vakolatlarini bajarishni davom ettirib turadi.

 

4-bob. Ombudsmanning huquq ijodkorligi va hamkorligi

 

23-modda. Ombudsmanning qonunchilik tashabbusi

Ombudsman inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida qonunchilik tashabbusi huquqiga ega.

Ombudsmanning qonunchilik tashabbusi huquqi uning qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritishi orqali amalga oshiriladi.

Ombudsman o‘zi kiritgan qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqishda ishtirok etish yoki o‘z vakilini ishtirok etish uchun tayinlash huquqiga ega.

 

24-modda. Ombudsmanning qonunchilikni takomillashtirishga doir faoliyati

Ombudsman fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari sohasidagi qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash bo‘yicha ishchi guruhlar faoliyatida ishtirok etishi, loyihalarning huquqiy ekspertizasini o‘tkazishi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislarida ishtirok etishi hamda muhokama etilayotgan qonun loyihalari yuzasidan takliflar va mulohazalar kiritishi mumkin.

Ombudsman inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash sohasidagi qonunchilik hujjatlari normalari va talablarining amalda tatbiq etilishini o‘rganadi hamda ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi.

Qonunchilik tashabbusi subyektlari inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari sohasidagi qonun loyihasini ishlab chiqishda uni Ombudsman bilan kelishishlari shart.

 

25-modda. Ombudsmanning inson huquqlari va erkinliklari sohasida fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir faoliyati

 Ombudsman inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash va himoya qilish sohasidagi xalqaro huquq va milliy qonunchilik normalarini aholi o‘rtasida targ‘ib qilish, shuningdek aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga ko‘maklashish chora-tadbirlarini ko‘radi.

Ombudsman inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish vositalari, usullari va mexanizmlariga o‘qitishga qaratilgan maʼrifiy va taʼlim dasturlarini, ilmiy-amaliy tadbirlar hamda seminarlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi.

 

26-modda. Ombudsmanning inson huquqlari va erkinliklari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga doir faoliyati

Ombudsman inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlarga aʼzo bo‘lib kirishga, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xorijiy institutlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga haqli.

Ombudsman O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro shartnomalari bajarilishi to‘g‘risida inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy institutlarning xabardorligini oshirishga ko‘maklashadi.

Ombudsman O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro shartnomalarning bajarilishiga doir maʼruzalarini tayyorlashda ishtirok etadi.

 

27-modda. Ombudsmanning parlament nazoratining boshqa subyektlari bilan hamkorligi

Ombudsman jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi hollarini o‘z tashabbusiga ko‘ra tekshirish bilan bog‘liq materiallarni har chorakda umumlashtirib boradi.

Ombudsman jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq materiallarni umumlashtirish hamda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, shuningdek jamiyat va davlat manfaatlari buzilishiga olib keluvchi sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlash natijalariga ko‘ra davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari vakillarining axborotini eshitish masalasini ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi taklif bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘mitalariga murojaat qilishi mumkin.

Ombudsman O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining parlament nazoratini amalga oshirishga doir tadbirlarida ishtirok etishga, ularga ko‘rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan materiallar taqdim etishga haqlidir.

 

28-modda. Ombudsmanning inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari sohasida milliy institutlar bilan hamkorligi

Ombudsman inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash sohasida milliy institutlar bilan hamkorlikni amalga oshiradi.

 

29-modda. Ombudsmanning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi bilan hamkorligi

Ombudsman O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi ko‘rib chiqishi uchun inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash va himoya qilish sohasidagi qonunchilik hujjatlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalalarni kiritish huquqiga ega.

Ombudsman O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha majlislarida ishtirok etishi hamda sud tomonidan ko‘rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon etishi mumkin.

 

30-modda. Ombudsmanning O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan hamkorligi

Ombudsman O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha majlislarida ishtirok etishi hamda sud tomonidan ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon etishi mumkin.

 

31-modda. Ombudsmanning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan hamkorligi

Ombudsman O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar ko‘rishga qaratilgan maxsus maʼruzalar kiritish huquqiga ega.

Ombudsman O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlislarida maxsus maʼruzalarni ko‘rib chiqishda ishtirok etishi hamda ular yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon qilishi mumkin.

 

32-modda. Ombudsmanning nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorligi

Ombudsman mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini, shu jumladan tarmoq va hududiy dasturlarni, shuningdek inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni va boshqa qarorlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikni o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradi.

Ombudsman nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarining Ombudsman tomonidan shakllantiriladigan ishchi va ekspert guruhlari, komissiyalar va boshqa jamoatchilik-maslahat organlari faoliyatida ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratadi.

Ombudsman inson huquqlari va erkinliklari sohasida mavjud materiallar to‘g‘risida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan axborot almashuvini qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiradi.

Ombudsman nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan birgalikda tadbirlar, maslahatlashuvlar va muzokaralar o‘tkazishi, shuningdek ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida bitimlar va shartnomalar tuzishi mumkin.

 

33-modda. Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy vakili

Hududlarda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, fuqarolarning arizalarini qabul qilish va ko‘rib chiqish hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklashda ko‘maklashish uchun doimiy asosda faoliyat yurituvchi Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy vakili (bundan buyon matnda Mintaqaviy vakili deb yuritiladi) joriy etiladi.

Mintaqaviy vakil bevosita Ombudsmanga hisobdordir.

Mintaqaviy vakil Ombudsman tomonidan o‘z tashabbusi bilan yoki tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari taqdim etgan kamida uchta nomzod orasidan tayinlanadi.

Mintaqaviy vakil:

inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini, inson huquqlari monitoringini tashkil etish va o‘tkazishni taʼminlaydi;

fuqarolarning murojaatlarini qabul qiladi va ko‘rib chiqadi, ularning buzilgan huquqlarini tiklashga ko‘maklashadi;

o‘z tashabbusi bilan yoki murojaat muallifining iltimosiga binoan murojaatning ekspertlar, mutaxassislar va manfaatdor tashkilotlar vakillari ishtirokida ko‘rib chiqilishini tashkil etadi;

ushlab turilganlar, qamoqda saqlanayotganlar, maʼmuriy jazo o‘tayotgan, ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan shaxslar bilan uchrashuvlar va suhbatlar o‘tkazadi;

mahalliy davlat hokimiyati organlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan birgalikda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish hamda himoya qilish sohasida axborot-maʼrifiy ishlarni olib boradi.

hududdagi tashkilotlarga moneliksiz kiradi va mansabdor shaxslar tomonidan darhol qabul qilinadi;

o‘z faoliyati to‘g‘risida har chorakda Ombudsmanga axborot taqdim qiladi;

murojaat qiluvchining shaxsiy hayotiga oid maʼlumotlarni, shuningdek murojaatlarni ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi maʼlumotlarni Ombudsmanning ruxsatisiz va roziligisiz oshkor qilmaydi.

Mintaqaviy vakil qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari Mintaqaviy vakil faoliyatiga ko‘maklashadi.

Mintaqaviy vakil har yili hududlarda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishining holati to‘g‘risida tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga maʼruza taqdim etadi.

Mintaqaviy vakilning faoliyati Ombudsman tomonidan tasdiqlanadigan Nizom bilan tartibga solinadi.

Mintaqaviy vakilga Ombudsman tomonidan imzolanadigan guvohnoma beriladi.

 

5-bob. Ombudsmanning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha faoliyati (milliy preventiv mexanizm)

 

34-modda. Ombudsmanning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha faoliyati

Ombudsman harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash joylariga muntazam monitoring tashriflari orqali qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish (bundan buyon matnda qiynoqlarning oldini olish deb yuritiladi) bo‘yicha choralar ko‘radi.

Ombudsman harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash joylariga monitoring tashriflari chog‘ida:

harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash joylariga istalgan vaqtda, moneliksiz va dastlab xabar bermasdan tashrif buyuradi;

harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash joylarida saqlanayotgan shaxslarning soni haqida axborot oladi;

harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash joylarida saqlanayotgan shaxslarni saqlash va ular bilan muomalada bo‘lish sharoitlarini o‘rganadi;

harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash joylarida saqlanayotgan shaxslar bilan, shuningdek maʼmuriyat xodimlari bilan uchrashuvlar va suhbatlar, shu jumladan yakka xoldagi uchrashuvlar va suhbatlar o‘tkazadi. Bunda mazkur uchrashuvlar va suhbatlar jarayoni borishining bayonnomasi yuritiladi, zarur bo‘lganda texnika vositalaridan foydalaniladi;

shaxsning harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash joylarida saqlanishining qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan tanishadi va ularning ko‘chirma nusxalarini oladi;

harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash joylarining maʼmuriyatidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash joylarida saqlanayotgan shaxsni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazishni, unga tibbiy, psixologik va boshqa yordam ko‘rsatilishini talab qiladi, mazkur tadbirlar o‘tkazilayotganda ushbu shaxsning roziligi bilan hozir bo‘ladi;

harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash joylarining maʼmuriyati rahbarlaridan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash joylarida saqlanayotgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash masalalari yuzasidan tushuntirishlar oladi;

harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash joylari maʼmuriyatining g‘ayriqonuniy harakatlariga (harakatsizligiga) chek qo‘yish uchun zudlik bilan choralar ko‘radi;

harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash joylarida saqlanayotgan shaxslarni saqlash sharoitlari to‘g‘risida xulosa tuzadi va uni tegishli tashkilotlarga yoki mansabdor shaxslarga yuboradi;

tegishli davlat organlariga ularning qiynoqlarning oldini olishga doir faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar va takliflar kiritadi;

qiynoqlar holatlari aniqlanganda tegishli davlat organiga ularni tezkorlik bilan bartaraf etish talablarini taqdim etadi.

Ombudsman shaxslar saqlanayotgan, o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan boshqa joylarda ham qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha mazkur moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan choralarni ko‘radi.

 

35-modda. Ombudsman huzuridagi qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari

Ombudsmanning qiynoqlar oldini olish bo‘yicha faoliyatiga ko‘maklashish uchun jamoatchilik asosida amal qiladigan Ombudsman huzuridagi qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari (bundan buyon matnda jamoatchilik guruhi deb yuritiladi) tuziladi. Jamoatchilik guruhlari Ombudsmanning mintaqaviy vakillari tomonidan tuzilishi ham mumkin.

Jamoatchilik guruhining tuzilishi, faoliyat ko‘rsatishi va monitoring tashriflarini amalga oshirishi tartibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma qarori bilan tasdiqlanadigan Nizom bilan tartibga solinadi.

 

36-modda. Jamoatchilik guruhining monitoring tashriflari davomidagi huquqlari, kafolatlari va vazifalari

 Jamoatchilik guruhlari monitoring tashriflari davomida ushbu Qonunning 34-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqlarga ega bo‘ladi.

Jamoatchilik guruhi aʼzosi o‘z vazifalarini bajarishi munosabati bilan o‘ziga maʼlum bo‘lgan holatlar to‘g‘risida guvohlik berishga yoki bu holatlarni biron-bir tarzda oshkor qilishga majburlanishi mumkin emas. Bu kafolat shaxs jamoatchilik guruhi tarkibidan chiqqanidan keyin ham amal qiladi.

Jamoatchilik guruhi aʼzosi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash joylarida saqlanayotgan shaxslarning shaxsiy hayoti to‘g‘risida monitoring tashriflari chog‘ida olingan maʼlumotlarni uning va Ombudsmanning roziligisiz oshkor qilishga haqli emas.

 

37-modda. Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash joylari maʼmuriyatining monitoring tashriflari davomidagi huquq va majburiyatlari

Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash joylari maʼmuriyati Ombudsman va jamoatchilik guruhi aʼzolari tomonidan monitoring tashriflari amalga oshirilganda ularning xavfsizligini taʼminlashi shart.

Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash joylari maʼmuriyati Ombudsman va jamoatchilik guruhi aʼzolariga harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanayotgan joyda turgan shaxslar bilan moneliksiz va yakka xolda uchrashish hamda suhbatlashish uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlashi shart, uchrashuv va suhbatlar ushbu muassasalar xodimlari ularni ko‘rib turadigan, lekin eshitmaydigan sharoitlarda xoli o‘tkaziladi.

Jamoatchilik guruhlari aʼzolarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari bo‘lgan taqdirda, monitoring tashrifi o‘tkazilayotgan muassasa maʼmuriyati rahbari bu holat haqida Ombudsmanni yozma ravishda xabardor qiladi.

 

38-modda. Ombudsmanning qiynoqqa solish holatlarining oldini olish bo‘yicha qilinayotgan ishlari to‘g‘risidagi maʼruzasi

Ombudsman har yili 15 martga qadar qiynoqqa solish holatlarining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi maʼruzani O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga taqdim etadi, shuningdek uni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi.

 

39-modda. Jamoatchilik guruhlarining moddiy va boshqa taʼminoti

Jamoatchilik guruhlari faoliyatining moddiy va boshqa taʼminoti Ombudsman Devoni mablag‘lari, shuningdek xalqaro tashkilotlar va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlarning grantlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

Jamoatchilik guruhlari faoliyatini muvofiqlashtirish va umumlashtirish uchun Ombudsman Devoni tuzilmasida Ombudsman faoliyatiga ko‘maklashish uchun Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘limi tashkil etiladi.

 

6-bob. Ombudsmanning hamda uning Devoni moddiy va boshqa taʼminoti

 

40-modda. Ombudsmanning transportda tekin yurish huquqi

Ombudsman O‘zbekiston Respublikasi hududida havo, temir yo‘l, avtomobil yo‘lovchi transportida (bundan taksi va shahar yo‘lovchi transporti mustasno) tekinga yurish huquqiga ega.

Ombudsman aeroportlar, temir yo‘l vokzallari hamda stansiyalarining rasmiy shaxslar va delegatsiyalarga xizmat ko‘rsatish zallaridan tekin foydalanish huquqiga ega.

Ombudsmanga o‘z guvohnomasini ko‘rsatishi bilan temir yo‘l vokzallari va havo qatnovlari kassalari poyezdning uxlab yotish yoki yumshoq vagonida, havo kemasi salonida o‘rindiq navbatsiz taqdim etishi shart. Samolyot chiptalari uchishdan ikki soatdan kechiktirmasdan oldin, boshqa hollarda – bir sutkadan kechiktirmay taqdim etiladi.

Ombudsmanning shaharlararo va shahar atrofi yo‘nalishlarida yurishi o‘rindiq raqami ko‘rsatilgan holda chiptalar sotiladigan avtovokzal va avtostansiyalar kassalarida navbatdan tashqari olinadigan tekin chipta bo‘yicha amalga oshiriladi.

Ombudsman har bir transport turida qo‘llaniladigan qoidalarga muvofiq qo‘l yukini bepul olib yurish huquqiga ega.

Transport tashkilotlari bilan hisob-kitob qilish tartibi qonunchilikda belgilanadi.

 

41-modda. Ombudsman Devoni va Ombudsman faoliyatining moddiy-texnika taʼminoti

Ombudsmanning faoliyatini taʼminlash uchun Ombudsmanning yuridik shaxs hisoblanadigan Devoni tuziladi.

Ombudsman «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Devoni to‘g‘risida»gi Nizomni tasdiqlaydi, shuningdek zarurat bo‘lganda unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritadi.

Ombudsman faoliyatining moddiy-texnika taʼminoti O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi hamda unda alohida satrda nazarda tutiladi, shuningdek xalqaro tashkilotlar va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlar grantlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.

 

7-bob. Yakunlovchi qoidalar

 

42-modda. Ombudsman to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik

Ombudsman to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

 

43-modda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish

Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:

1) O‘zbekiston Respublikasining 2004 yil 27 avgustda qabul qilingan «Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi 669–II-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2004 yil, № 9, 169-modda);

2) O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 29 avgustda qabul qilingan «Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘RQ–441-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017 yil, № 8, 385-modda);

 3) O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 14 martda qabul qilingan «Mahkumlarning hamda qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi
O‘RQ–530-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019 yil, № 3, 165-modda);

4) «Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi
O‘RQ–563-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019 yil, № 9, 588-modda) 8-moddasi;

5) O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 21 aprelda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ–683-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021 yil, 4-songa ilova) 73-moddasi.

 

44-moddaUshbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini taʼminlasin.

 

45-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.

 

46-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

 

Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

 

O‘zbekiston Respublikasining

   Prezidenti

 


TAKLIF YUBORISH