Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonning qonun ustuvorligini takomillashtirishdagi hamkorligi mustahkamlanmoqda
Joriy yilning 25 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), BMTning Demokratiya fondi (UNDEF) va “Xalqaro qamoqxonalar islohoti” xalqaro tashkilotining (PRI) Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonda qonun ustuvorligini mustahkamlash” loyihasi doirasida sud-huquq tizimida jinoyat ishlari bo‘yicha faoliyat yurituvchi mutaxassislari uchun seminar o‘tkazildi.

Mazkur tadbirni tashkil etishdan maqsad Markaziy Osiyo davlatlarida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan muqobil choralarni qo‘llash, jazoni ijro etish muassasalariga uyushtiriladigan monitoring tashriflari hamda probatsiya xizmati faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish, ularning natijalarini tahlil qilish orqali tizimni yana-da takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.

Seminarda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlarining 50 nafarga yaqin Ombudsman institutlari, huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari vakillari, sudyalar hamda xalqaro tashkilotlar ekspertlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olgan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova so‘nggi yillarda sud-huquq tizimini isloh qilish, qolaversa, inson huquqlarini taʼminlash borasida olib borilayotgan islohotlar natijasida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni qo‘llash, probatsiya bo‘linmalari nazorati ostidagi shaxslarning xulq-atvori ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha yangi tizim yaratilganligini va bu orqali probatsiya bo‘linmalari nazorati ostidagi shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etilish holatlarining kamayishiga erishilayotganligini taʼkidlab o‘tdi.

F.Eshmatova Ombudsman faoliyatiga to‘xtalar ekan, dastlab ishtirokchilar eʼtiboriga yangi nashr etilgan “O‘zbekiston Respublikasi penitensiar tizimining takomillashtirilishi: qonunchilik va amaliyot” nomli risolani taqdim qildi. Ushbu risolada Ombudsman tomonidan 2019 yildan buyon jazoni ijro etish va boshqa yopik muassasalarga amalga oshirilgan monitoring tashriflarining huquqiy asosi va erishilgan natijalarga oid maʼlumotlar aks etgan.

Ombudsman huzuridagi Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm doirasida 2019 yildan buyon jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarga amalga oshirilayotgan monitoring tashriflari orqali mahkum va maxbuslarning yashash sharoitlari, ovqatlanishi, mehnat qilishi, tibbiy xizmatdan foydalanishi kabi sharoitlari xalqaro standartlarga mos ravishda yaxshilanib borishiga erishilmoqda.   

Davlat rahbarining 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori milliy preventiv mexanizm faoliyatining yana-da takomillashtirilishiga xizmat qilmoqda. Qarorda qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilishini hamda ularga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinishini taʼminlash, qiynoqqa solish holatlari to‘g‘risidagi murojaatlarning tezkor va xolisona ko‘rib chiqilishi hamda aybdor shaxslarning javobgarlikka tortilishi mexanizmini takomillashtirish kabi masalalar aks etgan.

Seminar davomida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlarining ushbu sohaga aloqador mutaxassis-ekspertlarining maʼruzalari eshitildi.

Taʼkidlanishicha, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turlari bo‘yicha chiqarilgan sud hukm(ajrim)larining ijrosini taʼminlash maqsadida mahkumlar jinoyatlarning xususiyati, ijtimoiy xavflilik darajasi shuningdek, mahkumlarning shaxsi va hulq-atvoriga alohida eʼtibor qaratish lozim. Shuningdek, nazorat ostidagi shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir qilinishining oldini olish uchun ijtimoiy moslashtirish va kasb-hunarga yo‘naltirish borasida ishlash talab etiladi.

Xalqaro tadbir davomida ishtirokchilar sud ishlarini yuritishda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan muqobil choralarni qo‘llash, jazoni ijro etish muassasalariga uyushtiriladigan monitoring tashriflari hamda probatsiya xizmati faoliyatini takomillashtirish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati