Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Inson huquqlari, shaʼni va qadr-qimmati davlat himoyasida: qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi
O‘zbekiston xalqi, inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlat, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish masʼuliyatini olgan. Yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi muqaddimasiga muhrlangan ushbu satrlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar asosini tashkil etadi.
Qolaversa, umumxalq referendumi asosida qabul qilingan Bosh qomusimizda inson qadri, manfaati uchun xizmat qiladigan normalar avvalgisidan 3 baravarga ko‘paygan. Xususan, agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi oliy yuridik maqomga ega bo‘lgan hujjatda qatʼiy belgilandi. Bu esa qiynoq holatlarini keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan muhim qadam.

Shu kunlarda 75 yilligi nishonlanadigan muhim xalqaro tarixiy hujjat hisoblangan BMTning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 5-moddasida ham hech kim qiynoqqa yoki shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni xo‘rlovchi muomala va jazoga duchor etilmasligi kerakligi belgilangan.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 20 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida mamlakatimiz “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu g‘oya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yo‘lidan dadil ilgari borayotganini nufuzli minbardan turib qatʼiy taʼkidlagan edilar.

Maʼlumki, O‘zbekiston qiynoqlarning oldini olish hamda uning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish bo‘yicha o‘zining qatʼiy pozitsiyasiga ega. 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi doirasida 2019 yilda Ombudsman huzurida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm yo‘lga qo‘yildi. “Ombudsman plyus” modeli asosida tashkil etilgan MPM harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga Ombudsman va jamoatchilik vakillarining muntazam ravishda kirishi va u yerda saqlanayotgan fuqarolar sharoitlarini o‘rganishi, ular bilan muloqot qilishiga zamin yaratdi.

Inson huquqlarini himoya qilish uzluksiz davom etadigan jarayon ekanligi nuqtai nazaridan mamlakatimizda qiynoqqa qarshi kurashish mexanizmlari ham takomillashtirilib borildi. Xususan, Davlat rahbarining 2021 yil 26 sentyabrdagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori nafaqat ushbu illatni barvaqt aniqlash, bartaraf etish, balki qiynoqdan jabr ko‘rgan insonlarga har tomonlama yordam berish va ularga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilishga ham qaratildi. Shuningdek, qaror bilan Ombudsman huzuridagi MPM ham takomillashtirilib, ekspert guruhi negizida Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari tashkil qilindi. Ular zimmasiga qiynoqqa solish holatlarini aniqlash hamda ularni tezkor bartaraf etish bo‘yicha talabnomalarni tegishli davlat organiga taqdim qilish, qiynoqqa solish holatlari to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish kabi vazifalar yuklatildi.

Birgina 2022 yil yakuni bo‘yicha 381 marotaba monitoring tashrifi amalga oshirilgan bo‘lsa, 2023 yilning 10 oyligida bu ko‘rsatkich 452 marotabani tashkil etdi. Natijada qiynoqqa solish holatlarining oldini olish bo‘yicha parlament va jamoatchilik nazorati o‘rnatilishiga erishildi. Monitoring tashriflari davomida aniqlanayotgan kamchiliklar yuzasidan tahliliy maʼlumot va axborotlar, xulosa va taqdimnomalar hamda talabnomalar tayyorlanib, mutasaddi vazirlik va idoralarga ko‘rib chiqish uchun yuborilmoqda. Bundan tashqari, ushbu monitoring natijalari Vakilning Oliy Majlis palatalariga taqdim etadigan yillik axborotida ham aks etadi.

Shuningdek, joriy yilda BMTning tegishli qo‘mitasiga Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi konvensiyaning bajarilishi bo‘yicha O‘zbekiston hukumati hisobotiga Ombudsman tomonidan muqobil maʼruza kiritildi. Unda  Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili va Ombudsman huzuridagi qiynoq holatlarini aniqlash va oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari bilan birgalikda  2020 yildan hozirgi kungacha amalga oshirilgan monitoring tashriflari va mahkum va mahbuslar murojaatlari bilan ishlash yo‘nalishidagi  maʼlumotlardan foydalanilgan.

Taʼkidlash lozimki, qiynoqqa qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar natijasida so‘nggi yillarda qiynoq holatlariga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan jazo choralari og‘irlashtirilib, hattoki, ularga nisbatan afv qo‘llanilmasligi qatʼiy belgilab qo‘yildi.

Qolaversa, mansabdor shaxslarning noqonuniy harakatlari uchun javobgarlikka tortish maqsadida qonunchilikka alohida modda kiritilgan va qiynoqni qo‘llagan shaxsga nisbatan og‘irlashtiruvchi normalar qo‘llanilishi belgilangan. Jinoyat Kodeksining 235-moddasi qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutadi. Bu kabi normalar ko‘plab davlatlar qonunchiligida mavjud emas.

Davlat rahbarining yuqorida tilga olingan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha tegishli qarorida ushbu illatga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar belgilandi. Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga joylashtirilgan shaxslarning yagona elektron reyestrini yuritish amaliyotining joriy etilishi shular jumlasidandir.

Ushbu mexanizm tegishli organ va idoralar xodimlariga harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslar haqidagi maʼlumotlar, jumladan, qachon olib kelingani, sababi, tibbiy holati va boshqa faktlarni tezkorlik bilan elektron reyestrga kiritish majburiyatini yuklaydi. Bu esa biror bir shaxsni besabab ushlab turish, maʼlumotlarni yashirish, jismoniy kuch ishlatish yo‘li bilan ko‘rsatma olishga urinish kabi salbiy holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Ushbu elektron reyestr maʼlumotlari bilan onlayn tanishish imkoniyati Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), sudlar va prokuratura organlariga ham berilayotgani ochiqlikni taʼminlash bilan birga masʼuliyat va nazoratni yana-da kuchaytirilishini taʼminlaydi.

Shunday qilib, jinoyat sodir etishda gumon qilinib ushlangan, maʼmuriy qamoqqa olingan, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan, ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan, tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilib, psixiatriya statsionarlarida yoki narkologiya muassasalarida majburiy davolanayotgan shaxslar haqidagi maʼlumotlar Yagona elektron reyestrga majburiy ravishda kiritib borish tartibi belgilanmoqda.

Yangi tartiblarga ko‘ra, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar haqidagi maʼlumotlarni belgilangan muddatda Yagona elektron reyestrda ro‘yxatga kiritmaslik ushbu shaxslarni noqonuniy ushlab turishga tenglashtiriladi va qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Taʼkidlash lozimki, davlat jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarning jamiyatga moslashtirish borasida ham tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Ularni qayta jinoyat sodir etmasliklari uchun kasbga o‘qitish, ish bilan taʼminlash, ijtimoiy yordam ko‘rsatish borasidagi ishlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 5 sentyabrdagi qaroriga ko‘ra yana-da takomillashtirildi. 2023 yil 1 oktyabrdan ozodlikka chiqqan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarni rag‘batlantirish maqsadida har bir shaxs uchun 3 oydan ortiq muddatda mehnat faoliyatini davom ettirgandan so‘ng BHMning 3 baravari miqdorida bir martalik subsidiya ajratilishi belgilandi. 

Biror bir kasbiy ko‘nikmaga ega bo‘lmagan shaxslar, dastlab, “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlarida o‘qitiladi. Keyinchalik, ular tashkilotlardagi mavjud bo‘sh (vakant) hamda zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlariga ishga joylashtiriladi.

Darhaqiqat, inson qadr-qimmati va manfaatlarini taʼminlash bo‘yicha boshlagan islohotlar yangi konstitutsiyaviy makonda yana-da qatʼiy davom ettirilishi Davlat rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan bayram tabrigida alohida qayd etildi.

Yurtboshimiz insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizligi va uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zid keladigan har qanday harakatlarga qarshi kurashish eng dolzarb vazifalarimizdan ekanligiga urg‘u berdi. Ushbu yo‘nalishda asosiy eʼtibor samarali huquqiy mexanizmlarni joriy etishga, shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili, Bolalar ombudsmani va boshqa inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini takomillashtirishga qaratiladi - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslarning inson huquqlari bo‘yicha qonunchilik hujjatlariga rioya qilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiruvchi Ombudsman instituti ham o‘z faoliyatini yana-da kuchaytiradi. Jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikni yana-da mustahkamlash orqali penitensiar muassasalarda ham parlament ham jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, yopiq muassasalarga elektron Ombudsman qutilarini o‘rnatib, mahkum va mahbuslar murojaatlarini onlayn qabul qilish mexanizmlarini ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning huquqiy asosini mustahkamlash va uning faoliyatini raqamlashtirish orqali murojaatlar bilan ishlash mexanizmlari takomillashtiriladi.

Shuningdek, Bosh qomusimiz asosida inson qadrini yuksaltirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarning respublika bo‘ylab birdek ishlashi va natija berishi uchun Ombudsman faoliyatiga oid tegishli  qonunda nazarda tutilgan vazifalar asosida hududlardagi Ombudsman mintaqaviy vakillari faoliyatini kuchaytirish maqsad qilingan. 

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, “Inson huquqlari oliy qadriyat” va  bu Konstitutsiyamizning bosh g‘oyasidir.

Feruza Eshmatova

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)