Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Mahkumni tuzalish yo‘liga o‘tgan yoki o‘tmagan deb topish masalalari Ombudsman mintaqaviy vakillari ishtirokida ko‘rib chiqilmoqda
Maʼlumki, jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarni tuzalish yo‘liga o‘tgan yoki o‘tmaganligini aniqlash yuzasidan tegishli komissiya faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 1021-moddasida Komissiya tarkibiga jamoatchilik vakillaridan, qoida tariqasida, xalq deputatlari, mahalliy Kengashlari deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) mintaqaviy vakillari, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, jamoat tashkilotlarining hayotiy tajribaga va aholi o‘rtasida obro‘-eʼtiborga ega bo‘lgan vakillari kirishi belgilangan.

Mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tgan yoki o‘tmaganligini aniqlash mezonlari bo‘yicha komissiya yig‘ilishlarida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning hududlardagi mintaqaviy vakillari doimiy ravishda ishtirok etishmoqda.

Jumladan, Toshkent shahridagi 51-son manzil-koloniyasida bo‘lib o‘tgan Komissiya yig‘ilishida Ombudsmanning Toshkent shahridagi mintaqaviy vakili Baxtiyor Masharipov ishtirok etdi. Unda koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlardan 166 nafariga o‘rnatilgan tartibda xulosalar rasmiylashtirilgan.

2-son tergov hibsxonasida Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili Jenisbay Shlimbetov ishtirokida o‘tkazilgan Komissiya yig‘ilishida xo‘jalik ishlarida qoldirilib jazo muddatini o‘tayotgan, mahkumlardan 4 nafariga xulosalar berilgan.

Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abira Xuseynovaning maʼlum qilishicha, 2024 yilning 1 chorak davomida 1-sonli koloniyada o‘tkazilgan Komissiya yig‘ilishlarida 576 nafar mahkum tuzalish yo‘liga o‘tgan, 62 nafari esa o‘tmagan deb xulosa berilgan.

Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili ham viloyatdagi barcha jazoni ijro etish muassasalarida o‘tkaziladigan Komissiya yig‘ilishlarida muntazam ravishda ishtirok etib kelmoqda. 2024 yilning 1-choragi davomida ushbu hududdagi  4-, 5-, 11- va 12-son jazoni ijro etish koloniyalari, 36-son manzil koloniyasi hamda tergov hibsxonasida xo‘jalik ishlariga jalb qilingan mahkumlarning 4150 nafariga tuzalish yo‘liga o‘tgan va 903 nafariga esa o‘tmaganligi bo‘yicha Komissiya  xulosalari rasmiylashtirilgan.

Mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tganligi bo‘yicha xulosa qilishda ularning mehnatga vijdonan munosabatda bo‘lishi, belgilangan mehnat normalarini bajarishi, o‘qishga va kasb-hunar o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi, jazoni ijro etish muassasalarida tashkil etiladigan madaniy-maʼrifiy tadbirlardagi ishtirokiga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, mahkumlarning muassasada o‘rnatilgan ichki tartib-qoidalariga rioya etishi, unga nisbatan rag‘batlantirish choralari qo‘llanilgani va intizomiy jazo chorasi qo‘llanilmagani kabi mezonlar ham ko‘rib chiqildi.

Mahkumni tuzalish yo‘liga o‘tgan yoki o‘tmagan deb topish to‘g‘risidagi xulosa komissiya tomonidan rasmiylashtirildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati

Yangiliklar kategoriyalari