Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
“Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida Samarqand viloyatining chekka hududlaridagi fuqarolar murojaatlari o‘rganildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-sentabrdagi “Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, Ombudsmanning ustuvor vazifalaridan biri sifatida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar mazmun mohiyati bilan aholini tanishtirish, shu orqali aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashish belgilangan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘z faoliyatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Chunki, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlardan xabardor etish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun 2022-yildan eʼtiboran respublikaning chekka hududlarida mahallalar kesimida aholining huquqiy savodxonligini hamda davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlardan xabardorligini oshirishga qaratilgan "Ombudsman maktabi" loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasidagi navbatdagi tadbir joriy yilning 7-mart kuni Samarqand viloyati, Narpay tumani 2-sektorida joylashgan “Soxibkor” va “Charxin” MFY aholisi uchun o‘tkazildi.

Uchrashuvda ishtirok etgan masʼul idora vakillari ishtirokchilarni fuqarolar bandligini taʼminlash, mobil xizmatlardan foydalanish, imtiyozli kreditlar olish, kontrakt shartnomasi asosida o‘qiyotgan talabalar uchun 12% lik daromad solig‘ini qaytarib olish tartiblari, pensiya taʼminotini tashkil etish bo‘yicha belgilangan qonun hujjatlarining mazmuni bilan tanishtirishdi.

Fuqarolar bilan bo‘lgan ochiq muloqotda, Ombudsmanga ushbu hududdan yuborilayotgan murojaatlarda ko‘tarilayotgan masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Shu kuni Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan fuqarolar qabuli o‘tkazilib, 50 nafarga yaqin murojaatlar qabul qilindi.

Shuningdek, Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda tor doiradagi mutaxassislar jalb etilgan tibbiy ko‘rikda 400 nafardan ortiq fuqarolarga tibbiy xizmat ko‘rsatildi. Ko‘rik natijalari bo‘yicha 61 nafar fuqaroni tuman va viloyat darajasida sog‘lomlashtirish rejasi belgilab olindi. Bundan tashqari ijtimoiy yordamga muhtoj 10 nafar fuqaroga bepul jarrohlik amaliyotini o‘tkazish belgilandi.

Tibbiy ko‘rik doirasida aholiga 41 turdagi 395 dona dori-darmon vositalari va shifokor xulosasi asosida 42 ta ko‘zoynak bepul ravishda berildi.

Adliya boshqarmasining davlat xizmatlari xodimlari tomonidan 43 nafar fuqaroga mobil xizmatlar ko‘rsatildi.

Tadbirga O‘zbekiston Kasaba uyushmalar Federatsiyasining Samarqand viloyat kengashi va Ijtimoiy himoya milliy agentligining Samarqand viloyati boshqarmasi ham jalb etilib, 10 nafar “Ayollar daftari”da turgan fuqarolarga Xorazm viloyatiga 3 kunlik bepul sayohat uchun sertifikatlar, aprel oyi uchun yana 15 nafar ayollar ro‘yxati shakllantirildi hamda 9 nafar nogironligi bor fuqarolarga 2 ta nogironlik aravachasi, 4 ta hassa va 3 ta qo‘ltiqtayoqlar berildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati