Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Samarqandda "Ombudsman maktabi" loyihasi doirasida fuqarolar qabuli, tibbiy ko‘rik, mehnat yarmarkasi tashkil etildi va fuqarolarga bepul huquqiy maslahatlar berildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 sentyabrdagi “Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, Ombudsmanning ustuvor vazifalaridan biri sifatida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar mazmun mohiyati bilan aholini tanishtirish, shu orqali aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashish belgilangan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘z faoliyatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Chunki, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlardan xabardor etish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun 2022 yildan eʼtiboran respublikaning chekka hududlarida mahallalar kesimida aholining huquqiy savodxonligini hamda davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlardan xabardorligini oshirishga qaratilgan "Ombudsman maktabi" loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasidagi navbatdagi tadbir joriy yilning 24 yanvar kuni Samarqand  viloyatidagi Pastdarg‘om tumani, “Bog‘ishamol” MFY hududida joylashgan 118-maktabda o‘tkazildi. Tadbirda mazkur hududda joylashgan mahallalardan jami 600 ga yaqin fuqaro qamrab olindi.

Uchrashuvda ishtirok etgan masʼul idora vakillari ishtirokchilarni fuqarolar bandligini taʼminlash, mobil xizmatlardan foydalanish, imtiyozli kreditlar olish, kontrakt shartnomasi asosida o‘qiyotgan talabalar uchun 12% lik daromad solig‘ini qaytarib olish tartiblari, pensiya taʼminotini tashkil etish bo‘yicha belgilangan qonun hujjatlarining mazmuni bilan tanishtirishdi.

Tadbirga O‘zbekiston Kasaba uyushmalar Federatsiyasining Samarqand viloyat kengashi va Ijtimoiy himoya milliy agentligining Samarqand viloyati boshqarmasi ham jalb etilib, 15 nafar mahalla faollari va yoshi ulug‘ fuqarolarga Toshkent shahriga 3 kunlik bepul sayohat uchun sertifikatlar, mahallada tikuvchilikni o‘rgangan 1 nafar fuqaroga tikuv mashinasi, 20 nafar nogironligi bor fuqarolarga 5 ta nogironlik aravachasi, 12 ta hassa va 3 ta quloq uchun ovoz kuchaytirgich moslamalari berildi.

Shu kuni Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan fuqarolar qabuli o‘tkazildi.

Ombudsman maktabi doirasida Viloyat bandlik boshqarmasi tomonidan bo‘sh ish o‘rinlar yarmarkasi tashkil etildi hamda Adliya boshqarmasining davlat xizmatlari markazi vakillari tomonidan “Bog‘ishamol” MFYdagi 42 nafar fuqarolarga xizmat ko‘rsatdi.

Shuningdek, Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda fuqarolar uchun tor doiradagi 16 nafar mutaxassislar jalb etilgan holda 540 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati