Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
O‘zbekiston va Niderlandiyaning inson huquqlari sohasidagi hamkorligini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi
2024 yilning 26 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova Niderlandiya Qirolligining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Niko Sxemers bilan uchrashdi.

Suhbat davomida Ombudsman institutining fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga amalga oshirilayotgan monitoring tashriflari va fuqarolik jamiyati institutlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik haqida maʼlumot berildi.

Elchi Niderlandiya va O‘zbekistonning inson huquqlarini taʼminlash sohasidagi tajribasiga to‘xtalar ekan, har ikkala davlatda ham o‘lim jazosining bekor qilinganiga urg‘u berdi. “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida o‘lim jazosi taqiqlangani mamlakatingizda inson hayotining oliy qadriyat ekanligini ko‘rsatdi. Niderlandiya Qirolligi dunyo hamjamiyatini ham shunga targ‘ib qiladi va bu borada O‘zbekistonni saʼy-harakatlarni birlashtirishga chaqiradi. Shuningdek, har ikkala davlat Ombudsmanlari o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanligimni bildiraman”, - dedi Elchi Niko Sxemers.

O‘zaro muloqot davomida Markaziy Osiyo davlatlaridagi inson huquqlari milliy institutlarini va fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi.

 

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati