Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman taqdimnomasiga ko‘ra mahkumlarning 186 mln so‘mlik ish haqlari undirildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Qoraqalpog‘istondagi mintaqaviy vakili Qo‘ng‘irot tumanidagi 27-son Manzil-koloniyasiga monitoring tashrifini amalga oshirganida, mahkumlar mehnat huquqlarining buzilayotganligi bo‘yicha shikoyat qilishgan edi.

Shundan so‘ng, Ombudsman mintaqaviy vakili mahkumlarning shartnoma asosida mehnatga jalb etilgan 3 ta MCHJlardagi mehnat va yashash sharoitlarini o‘rgandi. O‘rganishlar davomida ushbu korxonalardagi sharoitlar belgilangan talablarga javob bermasligi aniqlandi. Shuningdek, 100 nafardan ortiq mahkumlarning oylik maoshlari to‘lab berilmagani maʼlum bo‘ldi.

Mazkur holat Ombudsman nazoratiga olinib, aniqlangan salbiy holatlarni bartaraf etish yuzasidan IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga taqdimnoma kiritildi.

Mazkur taqdimnoma ko‘rib chiqilishi natijasida, mahkumlarga 2023-yil avgust-sentyabr oylari uchun 2 ta MCHJdan jami 186 mln so‘mdan ortiq ish haqlari undirib berildi.

Shuningdek, mazkur MCHJlarning bittasida mahkumlarning yashash sharoitlarida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi. Qolganlari bilan tuzilgan shartnomalar 27-son Manzil-koloniya tomonidan bekor qilindi.

Mahkumlarning ish haqlarini undirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. 2023 yilning dekabr oyida 27-son Manzil-koloniya tomonidan 25 nafar mahkumning ish haqini undirish bo‘yicha sudga daʼvo ariza kiritilgan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati

Yangiliklar kategoriyalari